Turdosh sport turlari musobaqasi davom etmoqda

  • 27 sentabr, 2018, 12:30
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Olimpizm
CHERY AUTO

Avval xabar berib o‘tilganidek Milliy olimpiya qo‘mitasi bu yo‘lda yangi musobaqaga asos solgan. Turdosh sport turlari turnirida taekvondo WTF, boks, karate WKF hamda dzyudo bo‘yicha bellashuvlar tashkil qilinmoqda. Shu kungacha taekvondo WTF bo‘yicha saralash turniri nihoyasiga etdi. Unda ushbu sport turining noolimpiya yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan sportchilar ishtirok etishdi. Musobaqada o‘zini ko‘rsatgan yoshlar olimpiya yo‘nalishi hisoblangan WTFga yo‘naltiriladi va shu orqali ular Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etib, nufuzli musobaqada yurtimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Asosiy maqsad ham aslida shu.

Tecno

Reja bo‘yicha oldinda boks, karate WKF hamda dzyudo bo‘yicha musobaqalar bizni kutib turibdi. Ertaga, 28 sentyabr kuni boks bo‘yicha bellashuvlar start oladi. Bahslar qizg‘in o‘tishi kutilmoqda. Kikboksing, havaskor va professional muaytay, qo‘l jangi, ushu-sanda kabi sport turlari bilan shug‘ullanayotgan yoshlar bu safar o‘zlarini boksda sinab ko‘rishadi. Poytaxtimizdagi «Universal» sport saroyida o‘tkaziladigan musobaqalarda yangi nomlar kashf etilishi kutilmoqda. Murabbiylar tomonidan saralab olingan sportchilar esa keyinchalik boks bilan shug‘ullanadilar. Shu o‘rinda yana bir marotaba Hasanboy Do‘smatovni misol qilib keltirib o‘tmasak bo‘lmaydi. Rio Olimpiadasi chempioni ham o‘z vaqtida kikboksing bilan shug‘ullangan. To‘g‘ri olib borilgan selektsiya siyosati o‘laroq, O‘zbekiston Olimpiya o‘yinlari chempioniga ega bo‘ldi.

Boks:

Qaysi sport turlaridan sportchilar ishtirok etishi rejalashtirilmoqda: Kikboksing, havaskor va professional muaytay, qo‘l jangi, ushu-sanda.

Musobaqaning boshlanish kuni: 28 sentyabr

Karate WKF:

Qaysi sport turlaridan sportchilar ishtirok etishi rejalashtirilmoqda: Milliy karate, an’anaviy karate, shotakan, fudokan.

Musobaqaning boshlanish kuni: 3 oktyabr

Dzyudo:

Qaysi sport turlaridan sportchilar ishtirok etishi rejalashtirilmoqda: Milliy kurash, belbog‘li kurash, jiu-jitsu, sambo.

Musobaqaning boshlanish kuni: 6 oktyabr.

Turnirda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchilar Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan 5 million so‘m miqdoridagi mukofot puli bilan taqdirlanadilar. Ikkinchi o‘rin egalari 1 million, uchinchi o‘rin sohiblari esa 500 ming so‘m miqdoridagi mukofot pullari bilan taqdirlanadilar.

Keskin va murosasiz bahslar guvohiga aylanish uchun Taekvondo WTF assotsiatsiyasiga qarashli «Universal» sport saroyiga tashrif buyuring. Kirish bepul.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!