
Superligada turkmanistonlik legionerlar soni yana bittaga ko‘payishi mumkin
Yangi mavsumga jiddiy tarzda tayyorgarlik ko‘rayotgan Namanganning “Navbahor” klubi musobaqa reglamentida belgilangan legionerlar limitidan ham to‘liq foydalanish niyatida. Ayni paytda “lochinlar” 4 nafar xorijlik futbolchi bilan shartnoma imzolab bo‘lishdi. Bular: himoyachilar – Igor Golban va Slavko Lukich, yarim himoyachi Ivan Solovyov hamda hujumchi Aleksandr Kasyan.
Namanganliklarda yana bir nafar osiyolik o‘yinchini tarkibga qo‘shish imkoniyati bor edi. Bugun “Navbahor” lageriga turkmanistonlik yarim himoyachi Elman Tagaev qo‘shildi. Ushbu futbolchi 1989 yilning 2 iyunida Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida tug‘ilgan. Faoliyati davomida Turkmanistonning “Ashxobod”, “Oltin asr”, Ozarbayjonning AZAL va “Sabail”, shuningdek, 2016 yili O‘zbekistonning “Andijon” klublarida to‘p surgan.
Tagaev o‘tgan mavsumda Turkmanistonning “Axal” jamoasida o‘ynagan. Turkmanistonlik yarim himoyachi “Navbahor”da ko‘rikdan o‘tadi. Uning harakatlari jamoa murabbiylarida yaxshi taassurot qoldirsa, u bilan shartnoma imzolanadi.
Fikrlar