
Sport haftaliklari Qashqadaryoda sportni ommalashtirishga hizmat qilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 20-sentyabr kuni jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan Qashqadaryo viloyatida ham sport haftaliklari yuqori saviyada tashkil qilindi.
1-6 oktyabr kunlari viloyat miqyosida ketma-ket start olgan «Yoshlar haftaligi»dan boshlangan ommaviy sport targ‘iboti jarayoni 8-13 oktyabr kunlari sport o‘yinlari (basketbol, voleybol, gandbol), velosport, stol tennisi, badminton va suzish, gimnastika (badiiy va sport gimnastikasi, gimnastrada), shaxmat-shashka hamda sog‘lomlashtirish gimnastikasi kabi sport turlari bo‘yicha viloyatimizning barcha hududlarida o‘tkazilgan «Xotin-qizlar haftaligi» bilan uzviylashib ketdi. Viloyat miqyosida tashkil etilgan mazkur «Xotin-qizlar haftaligi»da 34 500 nafarga yaqin ishtirokchilar jamlangan bo‘lsa, 15-20 oktyabr kunlari davomida bo‘lib o‘tgan «Mahalla haftaligi» va «Nuroniylar haftaligi» sport bellashuvlari 11 000 nafar sportsevar keksalarni qamrab oldi. Aynan mazkur haftalik davomida yoga mashqlari va davolash gimnastikasi bo‘yicha ham mashg‘ulotlar o‘tkazilganligi sport haftaligi ishtirokchilarida iliq taassurotlar qoldirdi.
Buni «Nuroniylar haftaligi»ning futbol bellashuvlarida ishtirok etgan Erkin Qiyomovning quyidagi fikrlari ham tasdiqlab turibdi.
“Futbolni sevaman. Sportni qo‘ldan qo‘ymayman. Yashil maydon va to‘p mening qanotim. «Nuroniylar haftaligi»da sport o‘yinlaridan tashqari yoga mashg‘ulotlarining olib borilishi biz keksalarni quvontirdi.
Barcha ta’lim muassasalarini qamrab olishga qaratilgan «Ta’lim muassasalari haftaligi»da viloyat miqyosida 80000 nafar o‘quvchi, 6000 nafar talaba hamda 3000 nafar uyushmagan yoshlar hafta davomida o‘zlari yoqtirgan sport turlari bilan ham shug‘ullandi, ham tengdoshlari bilan bellashib harakatlariga yarasha o‘ziga xos natijalarni qo‘lga kiritishdi. Albatta, barcha sport haftaliklarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan havaskor sportchilar qo‘lga kiritgan natijalar viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va sportsevar homiylar tomonidan alohida rag‘batlantirildi.
– Men Shahrisabz tumanida tashkil etilgan sport haftaligida engil atletika sport turidan ishtirok etdim, – deydi Yorqinoy Jumanova. – O‘zimhar kuni ertalab tonggi badantarbiya va yugurish sporti bilan doimiy shug‘ullanib kelaman. Sport haftaligidan so‘ng mahallamiz ayollarining taassurotlari yanada ortdi. Eng muhimi ular sport bilan doimiy shug‘ullanishga bel bog‘lashganini aytdi.
Mazkur tashkil etilgan sport haftaligining aynan joriy yilning to‘rtinchi choragi davomida uyushqoqlik bilan o‘tkazilishida jamoat tashkilotlarining ham bir qadar faolligi sezildi.
Ommaviy sport tadbirlarini o‘tkazish va shu orqali keng aholi qatlami orasiga jismoniy madaniyat targ‘ibotini olib kirish asosiy maqsadga aylantirilgan ushbu sport haftaliklari aholining sog‘lom turmush tarzi bilan muntazam shug‘ullanishiga, o‘zlarining bo‘sh vaqtini sport bilan hamohanglikda tashkil etishiga ko‘nikmalarni ham shakllantirib berdi. Tan olish kerak, aynan sport haftaliklari o‘tkazilishi barobarida nafaqat o‘quvchi yoshlarning balki ota-onalarning ham sportga bo‘lgan diqqat-e’tibori ortdi.
Aynan bugun start olgan «Yoshlar sport haftaligi»ning ilk kunidanoq ishtirokchilar soni viloyat miqyosida olib qaraganda 4236 nafarni tashkil etdi. Ularning 1532 nafari qizlar tashkil etdi.
Qashqadaryo viloyati
jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi
matbuot xizmati
Fikrlar