Solari – «Real» uchun kerakli vaqtda kerakli murabbiymi?
Barcha Antonio Konteni Xulen Lopetegi o‘rniga bosh murabbiy bo‘lishini kutib turgan bir pallada Santyago Solari vaqtinchalik vazifasini bajarib turgan paytda erishgan natijalari bilan klub prezidenti va futbolchilarning ishonchini oqladi «Santyago Bernabeu»dagi faoliyatini rasman davom ettiradigan bo‘ldi. Ispaniyalik taniqli jurnalist Gilem Balage argentinalik mutaxassisni ayni vaqtdagi eng kerakli murabbiy deb hisoblamoqda, rostan ham shundaydir. Hammasini vaqt ko‘rsatadi, albatta.
Santyago Solarining «Real Madrid» bosh murabbiy etib tayinlanishi Evropaning amaldagi chempionlari uchun xayrli tugar.
Biroq u klubni vaqtinchalik boshqaruvchi etib tayinlanganida hamma uni issiq o‘rinni Konte uchun bo‘shatib beradi, degan fikrda edi.
Biroq barcha musobaqalarda 4 uchrashuv o‘tkazgan madridliklar 15 gol urishga erishdi va Solari mas’uliyatli vazifa uchun munosib ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Shuningdek, Serxio Ramosning hissasi ham yakuniy qarorga ta’sir qilmasdan qo‘ymadi. «Temir odam»ning kelishi haqidagi savolga Ramos «hurmat qozoniladi, majburlab olinmaydi» – degandi Ramos, qo‘shimcha qilarkan «ba’zan kiyinish xonasini qanday boshqarishni bilish texnik bilimdan ham muhimroq hisoblanadi» deya Kontega sha’ma qilgandi.
Shu tariqa Konte uchun kirish eshiklari yopildi.
Oqibatda Solari 2021-yil iyunigacha amal qiladigan shartnomaga ega bo‘lib oldi. Solari va Zidanni taqqoslashlar esa borgan sari ortib bormoqda. Ayniqsa ularning bosh jamoagacha bosib o‘tgan yo‘li juda o‘xshash.
Zidan, Solari, Anchelotti va Del Boskelarning xarakterlari klub uchun ancha mos tushadi. Benites, Lopetegi va Mourinolar esa aksincha.
Solarini yaxshi murabbiy emas deyish xato bo‘ladi, «Kastilya»dagi ikki yarim yillik faoliyati buning aksini ifodalaydi.
Solari 2000-2005-yillarda o‘sha vaqtdagi «Galaktika»da o‘z o‘rniga ega edi, 2013-yilda klub strukturasiga qaytgan sobiq futbolchi yoshlarni tarbiyalashga kirishdi.
U «Kastilya»ga bosh murabbiy etib tayinlanganida uning jamoasi turnir pog‘onasining o‘rtalarida yurgani sabab OAV uni tez-tez tanqid qilib turdi. Biroq OAV bir jihatni unutib qo‘ydi. Maqsad yuqori ligaga chiqish emas, buning iloji ham yo‘q. Maqsad buyuk futbolchilarga munosib o‘rinbosarlar etkazib berish.
Uning qo‘li ostida Mario Ermoso (hozir «Espanol»da, termaga chaqiruv olgan), Ashraf Hakimi («Borussiya D»da ijarada), Oskar («Leganes»da ijarada), Filipp Laynxar («Frayburg») kabi yosh iqtidor egalari etishib chiqdi. Shuningdek, Xavi Sanches, Federiko Valverde, Aleks, Regilon, de la Fuente, Fran Garsiya, Serxio Lopes va Vinisius Juniorlar esa asosiy jamoa chaqiruvini kutmoqda.
Uning «Kastilya»dagi faoliyati shuni ko‘rsatdiki, Solari yoshlar bilan ishlashning hadisini olgan va muhimi ularni qanday qilib ruxlantirishni biladi, boisi u ularni tushunadi.
Uning oilasida futbol DNK si bor, qon-qonigacha singib ketgan. Otasi, amakisi va ikki akasi professional futbolchilar bo‘lishgan.
U «Real»ning asosiy jamoasida to‘rt o‘yin ichida taktik moslashuvlarni ko‘rsatib berdi. Jarohatlangan Kazemironi Sebalos bilan almashtirish, yosh iste’dod egalari Xavi Sanches va Regilonlarga imkoniyat berilishi o‘yin natijalariga ta’sir qildi. Operatsiya qilingan Iskoni qatorasiga uch o‘yin zaxirada qoldirdi, Marko Asensioga ikki sababga ko‘ra dam berdi. Birinchisi vinger o‘zining yaxshi sport formasida emasligi bo‘lsa, ikkinchisi Solari Asensioga biroz bosim uyushtirmoqchi.
Solari shuningdek matbuot anjumanlarida Garet Beyldan yanada ko‘prog‘ini kutayotganini e’tirof etishdan charchamayapti.
18 yoshli Vinisiusga ham o‘yin amaliyoti berilmoqda. Yosh futbolchilarni rivojlantirishning eng yaxshi yo‘li bu ko‘proq o‘yin amaliyoti berilishi kerakligini argentinalik murabbiy juda yaxshi tushunadi. Klub xo‘jayinlari ham 60 million dollarlik transfer egasini «Santyago Bernabeu» zaxirasini isitib o‘tirishidan manfaatdor emas.
Qisqa qilib aytganda Solari «Real»da barchasi qanday ishlashini biladi, klub uning qo‘lis ostida yaxshi ishlashi turgan gap. Buni kataloniyaliklar bilan oradagi masofani to‘rt ochkogacha qisqartirishga erishganlari ham aytib turibdi. Xullas klub uni tanlab adashmadi.



Fikrlar