Shaxmat bo‘yicha Osiyo chempionatining ochilish marosimidan fotoreportaj

CHERY AUTO

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, mamlakatimiz shaxmat federatsiyasi va Osiyo shaxmat federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan nufuzli musobaqada qit’amizning yigirmaga yaqin davlatidan to‘rt yuzga yaqin shaxmatchi g‘oliblik uchun bahslashmoqda.

Tecno

Musobaqaning ochilishida mamlakatimizda navqiron avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan etuk, yuksak intellektual salohiyatli etib voyaga etkazish, sportning barcha turlari qatori shaxmatni izchil rivojlantirishga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida o‘zbek shaxmat maktabi vakillari nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishayotgani ta’kidlandi.

– O‘zbekistonda sport rivojiga katta e’tibor qaratilayotganini dunyo sport jamoatchiligi keng e’tirof etmoqda, – deydi musobaqa bosh hakami M.Gopakumar (Hindiston). – Bu mamlakatingiz yosh sportchilarining xalqaro maydonlardagi yuksak g‘alabalarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Kishidan yuksak intellektual salohiyat talab qiladigan mazkur sport turi bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatlari, kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatlari, xalqaro turnirlarda g‘olib va sovrindor bo‘layotgan iqtidorli shaxmatchilarimiz safi kengayib bormoqda. Ayniqsa, Nafisa Mo‘minova, Hulkar va Gulruhbegim Tohirjonovalar, Nodirbek Abdusattorov va Bahora Abdusattorova, Islombek va Javohir Sindorovlar, Nodirbek Yoqubboev va Nilufar Yoqubboeva singari bir oiladan bir nechta iqtidorli shaxmatchilarning etishib chiqayotgani quvonarlidir.

2016 yilgi sport mavsumi shaxmatchilarimiz uchun muvaffaqiyatlarga boy bo‘ldi. Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida tashkil etilgan jamoaviy Osiyo chempionati – Osiyo millatlari kubogida O‘zbekiston xotin-qizlar terma jamoasi standart va rapid shaxmat bo‘yicha kumush medalga sazovor bo‘ldi. Yosh shaxmatchilarimiz Rossiyaning Sochi shahrida o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatida 3 oltin, 2 kumush va 3 bronza medalni qo‘lga kiritdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimiz ko‘plab yirik shaxmat musobaqalarini yuksak saviyada o‘tkazish bo‘yicha katta tajriba to‘pladi. Jahon chempionlari Rustam Qosimjonov va Vishvanatan Anand (Hindiston) o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi, Gran-pri musobaqalari, kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionati, Sohibqiron Amir Temur tavalludining 680 yilligiga bag‘ishlangan jahon shaxmat yulduzlari o‘rtasidagi xalqaro turnir, birinchi o‘zbek grossmeysteri Georgiy A’zamov xotirasiga bag‘ishlangan “Toshkent open” an’anaviy xalqaro turniri kabi musobaqalar shular jumlasidandir.

Osiyo chempionatida Vatanimiz sharafini Alixon Avazxonov, Xumoyun Begmurodov, Islombek Sindorov, Davlat Mahmudjonov, Oqjo‘l Rahmatullaev, Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yaqubboev, Abdimalik Abdisalimov, Saidakbar Saydaliev, Ortiq Nig‘matov, Afro‘za Hamdamova, Odina Olimova, Zilola Aktamova, Umida Omonova, Maftuna Bobomurodova, Yuliya Xegay, Dilbar Hamroeva, Asal Salimova, Gulruhbegim Tohirjonova, Bahora Abdusattorova, Nilufar Yoqubboeva kabi iqtidorli shaxmatchilarimiz himoya qilmoqda.

 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!