Shahboz Jumaboev: Bunday sovg‘ani kutmagandim

  • 18 noyabr, 2018, 14:10
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” jamoasining Superligaga yo‘llanmani qo‘lga kiritishida iqtidorli hujumchi Shahboz Jumaboevning ham munosib hissasi bor. U “Istiqlol”ga qarshi bellashuvda ham maydonni golsiz tark etmadi. U mavsum davomida o‘z o‘yini va gollari bilan “Andijon”ga foyda keltirdi. Shu boisdan “Istiqlol”ga qarshi bellashuvdan oldin muxlislar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada Jumaboev eng yaxshi o‘yinchi deb topildi. Buning natijasida “Istiqlol”ga qarshi bellashuvdan keyin Andijon viloyati hokimi ushbu futbolchini “Kobalt” mashinasi bilan taqdirladi. O‘yindan keyin futbolchi o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tecno

- Superligaga chiqish vazifasini uddalay olganimizdan juda xursandman, - deb gap boshladi, Jumaboev. - Ko‘rib turibsiz, hammaning kayfiyati yuqori, quvonchimizning cheki yo‘q. Buni qanday ta’riflashni ham bilmayman. Superligada ham muxlislarimiz oldida yuzimizni yorug‘ qilib, ishonchni qozonishga harakat qilamiz. Munosib o‘yin ko‘rsatib, yuqori o‘rinlar uchun kurashishga va’da beramiz. Bugungi uchrashuvda muxlislarimiz biz uchun 12-o‘yinchi bo‘lib, qo‘llab-quvvatlashdi. Agar bizni bunchalik olqishlab turishmaganida yanada qiynalardik. Shu o‘rinda viloyat hokimiga ham jamoamizni qo‘llab-quvvatlagani uchun katta rahmat. Klub rahbari va murabbiylarga ham minnatdorchilik bildiraman. Biz bir jamoa bo‘lib kurashdik.

- Uchrashuv “Andijon” uchun o‘ta murakkab kechdi. Birinchi bo‘lim boy berildi. Tanaffusdan keyin esa iroda ko‘rsatib ikkita gol urdinglar. Aynan nimaning vaziga qo‘shimcha kuch paydo bo‘ldi?

- O‘yinga kelsak, baribir jamoamiz ahil. To‘g‘ri, birinchi bo‘limda ham imkoniyatlarimiz bo‘ldi, lekin to‘p darvozaga kirmadi, omadimiz kelmadi. Ikkinchi bo‘limda esa jamoamiz bilan yanada ahil bo‘ldik. Butun stadion bizni qo‘llab turdi. Shu bois o‘zimiz uchun muhim gollarni urdik va g‘alaba qozondik.

- Ikkinchi golni penaltidan kiritdingiz. Ammo dastlabki 11 metrlik jarima zarbasidan foydalana olmadingiz. Bosim kuchli bo‘ldimi?

- Bilmadim. Lekin ikkinchi urinishdan foydalandim, shunisidan xursandman.

- E’tiborlisi, birinchi penaltidan gol ura olmaganingizdan keyin hakam darhol yana ikkinchi bor qaytadan tepish kerakligini ko‘rsatdi. Hakamning bu qarori siz uchun syurpriz bo‘ldimi?

- Ha, syurpriz bo‘ldi. Lekin men birinchi urinishdan foydalana olmaganim uchun tushkunlikka tushganim yo‘q. Shunchaki, hakam penaltini boshqatdan tepish kerakligini ko‘rsatgach, o‘zimda yana iroda topdim va yuzim yorug‘ bo‘lib, ikkinchi golni urdim.

- Siz nafaqat ushbu o‘yinning, balki mavsumdagi “Andijon”ning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldingiz va shunga yarasha viloyat hokimi sizni mashina bilan taqdirladi. Bu hayotingizdagi unutilmas voqea bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak...

- Ha, bunday sovg‘ani umuman kutmagandim. Hokimga katta rahmat. Meni qo‘llab-quvvatlagan hammaga minnatdorchilik bildiraman. Shunchalik muxlislarim bor ekan, bundan baxtliman. Bunday sovg‘a esa hammaga ham yoqimli tuyuladi. Bundan keyin ham menga bildirilgan ishonchni oqlayman. Superligada ham 15 ta emas, undan-da ko‘proq gollar urib to‘purar bo‘lishga va’da beraman.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!