Sardor Rashidov: Bu safar yoqimsiz an’anani buzamiz

  • 9 yanvar, 2019, 08:29
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Terma jamoamiz ichidagi muhit va kayfiyat shunchalik yaxshiki, biror-bir ortiqcha so‘zga hojat yo‘q. Chunki u erdagi manzarani o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganimiz uchun ham yana bir bor Ektor Kuper yaxlit bir oilani shakllantira olganiga guvoh bo‘ldik. Ilohim jamoamizga ko‘z tegmasin. Eng muhimi Ummonni engib futbolchilarimizning o‘ziga bo‘lgan ishonchini yanada kuchaytirib olishdir. Yigitlarimizning raqibga qaraganda kuchli ekanliklari aniq va buni maydonda isbotlashlariga shubhamiz yo‘q. Masalan, jamoamiz etakchilaridan biri Sardor Rashidov bilan ham suhbatlashganimizda g‘alabadan boshqasini o‘ylamayotgani haqida gapirdi.

Tecno

- Dastlabki maqsadimiz birinchi o‘yinni g‘alaba bilan boshlash. Chunki terma jamoamizning muvaffaqiyatini butun xalqimiz kutib turibdi. Xudo xohlasa, Ummon bilan uchrashuvda g‘alaba qozonib, muxlislarimizni xursand qilib, keyingi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘ramiz - deydi, Rashidov.

- Jarohat sababli terma jamoamizning ayrim yig‘inlaridan chetda qolgandingiz. Lekin yana sog‘ayib safga qaytganingizdan muxlislar xursand. Endilikda Osiyo Kubogida yangicha Sardor Rashidovni ko‘ramiz degan fikrlar ko‘p yangramoqda. Menimcha, hozirda sizda ham ishtiyoq kuchliga o‘xshayapti...

- Ha, kayfiyatimiz zo‘r. Futbolchilarimiz juda yaxshi ruhlanishgan. Muxlislarning ishonchi ayniqsa, o‘yindan oldin bizga katta ruhiy kuch bag‘ishlayapti. Nasib qilsa, men ham maydonda bor kuchim bilan o‘ynab ishqibozlarni xursand etish uchun bor kuchim bilan harakat qilaman.

- O‘z oldingizga to‘purar bo‘lish maqsadini qo‘ydingizmi?

- Hamma futbolchida bunday maqsad bo‘ladi. Lekin mening maqsadim to‘purarlikdan ko‘ra jamoamizning g‘alabasiga ko‘proq hissa qo‘shish.

- Osiyo Kubogi kutilmagan natijalar bilan boshlandi, siz ham natijalarni kuzatib borayotgandirsiz?

- Ha, ayniqsa, Avstraliyaning mag‘lubiyatini aytishim mumkin. Bu degani Osiyo Kubogiga barcha terma jamoalar yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rib kelganini bildiradi. Terma jamoalar o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yishgan. Shuning uchun ham kutilmagan natijalar yuz beryapti. Lekin O‘zbekiston o‘z yo‘lida davom etadi va g‘alabalar bilan muxlislarni xursand etamiz.

- Shu o‘rinda Ummon terma jamoasi haqida fikringiz qanday?

- Ummonni noqulay raqib degan bo‘lardim. Bo‘lajak raqibimiz haqida har xil gaplar bo‘lyapti. Lekin barchasini maydonda ko‘rsatamiz.

- Har xil gaplar deganda nimani nazarda tutyapsiz?

- Ummonni yuta olmagan yoki bu raqib yutqazmay kelayotgani haqidagi gaplar. Lekin bu safar yoqimsiz ana’nani buzamiz.

- 9 yanvar o‘zbekistonlik muxlislar uchun bayramga aylanishini kutishmoqda. Siz ishqibozlar uchun nima deya olasiz?

- Muxlislar bizni tinmay qo‘llab-quvvatlasinlar. Ularning olqishlashini sezib tursak, bizga ijobiy ta’sir o‘tkazishadi. O‘zbekistonda televizor orqali ham bizni qo‘llab turadigan xalqimizning daldasini ham sezib turamiz. Hamma terma jamoamiz uchun duoda bo‘lib turishsin.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
darwesh
09/01/2019 09:54
Хаммасини уйин курсатади