Sardor Mirzaev: Hali bizni oldinda katta g‘alabalar kutib turibdi
Ertaga "Lokomotiv" Superliga doirasidagi navbatdagi uchrashuvini o‘tkazadi. Bu safar "temiryo‘lchilar" jamoasiga poytaxtimizning yana bir jamoasi – "Paxtakor" raqiblik qiladi.
"Lokomotiv"ning etakchilaridan biri Sardor Mirzaev mazkur o‘yin oldidan klub rasmiy saytiga o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Kuni kecha Toshkentning grand jamoalaridan biri "Bunyodkor" ustidan g‘alaba qozondik. Ana endi bizni oldinda "Paxtakor"ga qarshi yana bir jiddiy to‘qnashuv kutib turibdi. Ushbu match oldidan asosan tiklanish mashg‘ulotlari o‘tkazdik. Sababi ikkala o‘yin o‘rtasida uncha katta vaqt yo‘q edi. Umuman olganda, navbatdagi derbiga tayyormiz, deya olaman. Bunday darajadagi uchrashuvlarda maydonga tushish hamisha yoqimli. Muxlislar ham ikki grand qarama-qarshiligi payti aslo zerikib qolishmaydi.
To‘g‘ri, mavsumni u qadar muvaffaqiyatli boshlay olmadik. Lekin oxirgi turlardagi g‘alabalar o‘zimizga bo‘lgan ishonchni qaytardi. Hali oldinda bizni ulkan g‘alabalar kutayotganiga ishonchim komil", - dedi tajribali futbolchi klub rasmiy saytiga.



Fikrlar