
San’at Shixov: AGMKga o‘tishimda Mirjalol Qosimov katta rol o‘ynadi
AGMK klubi Mirjalol Qosimov boshchiligida yangi mavsumga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishni boshladi. Birinchi navbatda tarkibni kuchaytirish masalasi hal etilmoqda va bu borada qator o‘yinchilar bilan muzokaralar olib borilyapti, ayrimlari bilan esa kelishuvlarga ham erishilyapti. Jamoaning yangi futbolchilaridan biri San’at Shixov. O‘tgan yili «Buxoro»da to‘p surgandi va bu mavsumni «Navbahor»da o‘tkazishi haqida gap-so‘zlar avj olgandi. Biroq futbolchi «Navbahor»ni emas, AGMKni tanlashga qaror qildi. Uning bunday yo‘l tutgani esa ko‘pchilik uchun kutilmagan holat bo‘lib tuyulgan bo‘lsa ajab emas.
- AGMK klubiga o‘tishim boshqalar uchun kutilmagan bo‘lishi mumkin, ammo men uchun bunday emas - deydi futbolchi. - «Navbahor» bilan bir qatorda menga AGMK jamoasidan ham taklif bo‘lgandi. Oldimda turgan variantlarni yaxshilab o‘yladim, hammasini toshu-taroziga solib, AGMKga o‘tishga qaror qildim. Oilamda ham kichik muammo bo‘lgandi, shuning uchun ham ularning oldida bo‘lishni xohladim. Bundan tashqari, Olmaliq jamoasiga o‘tishimda Mirjalol aka Qosimov katta rol o‘ynadi. Menga ishonch bildirayotganini aytdi. Natijada bu hol OKMKga o‘tishimga turtki berdi. Nasib qilsa, maydonda murabbiyning ishonchini oqlashga harakat qilaman.
- Bungacha sizni «Navbahor» bilan shartnoma imzolaganingiz haqida ham xabarlar chiqqandi. Aslida voqealar rivoji qanday tus olgandi?
- «Navbahor»dan ham yaxshi taklif bo‘lgandi, barcha shart-sharoitlari joyida edi. Lekin men Toshkentda oilam bilan qolishni afzal ko‘rdim. Bu menga har tomonlama qulay. Namaganliklar bilan o‘rtamizda faqat og‘zaki kelishuv bo‘lgandi. Hech qanday shartnomaga qo‘l qo‘ymagandim.
- Shu bilan birga sizning «Navbahor»da qolmaganingizga mahalliy muxlislarning qarshilik ko‘rsatishgani ham sabab sifatida ko‘rsatilganini eshitdim. Bu qanchalik rost?
- Muxlislarning umuman aloqasi yo‘q. Men bunday gap-so‘zlarga e’tibor bermayman. Lekin hali bormagan joyga bunday reaktsiya ko‘rsatishganiga hayron qoldim. Professional futbolchi muxlislarning maydon tashqarisida nimalar deyayotganiga ahamiyat qaratmaydi.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar