
Sambochilarimiz jahon chempionatida 5 medalni qo‘lga kiritishdi
Moskva shahrida erkaklar va ayollar o‘rtasida sambo bo‘yicha Anatoliy Xarlampiev xotirasiga bag‘ishlangan turnir bo‘lib o‘tdi. Mazkur jahon kubogida o‘zbekistonlik sportchilar munosib ishtirok etib, jami 1 kumush va 4 bronza medalini qo‘lga kiritishdi.
Musobaqaning ilk kunida vakillarimiz 2 ta bronza medali bilan kifoyalanishgan bo‘lsa, ikkinchi kungi bellashuvlarda sportchilarimiz 1 kumush va 2 bronza medalini termamiz hisobiga qo‘shib qo‘yishdi.
52 kg vazn toifasida Ahmad Rahmatullaev bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, jangovar sambo yo‘nalishida Ilhomjon Nosirov (90 kg) kumush medaliga sazovor bo‘ldi.
Ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda Nodira Gulova (48 kg) ham eng kuchlilar safidan joy olib, bronza medali bilan taqdirlandi.
Shunday qilib, ushbu dunyo birinchiligida vakillarimiz 1 kumush va 4 bronza medali bilan umumjamoa hisobida11-o‘rinni band etishdi.
Mezbon Rossiya sportchilari 17 oltin, 6 kumush va 2 bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Belarus (4-2-4) va Mo‘g‘iliston (2-0-9) jamoalari kuchli uchlikka yakun yasashdi.
Fikrlar