Ravshan Ermatov: Finalni bizga topshirishgani syurpriz bo‘ldi

  • 22 fevral, 2019, 16:30
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Qit’amizda har to‘rt yilda bir o‘tkaziladigan Osiyo Kubogi shu yilning 5 yanvardan 1 fevralga qadar BAA maydonlarida bo‘lib o‘tganidan yaxshi xabardorsiz. O‘zbekiston milliy terma jamoasi nimchorak finalda Avstraliyaga yutqazib qo‘yganini o‘zimiz uchun og‘ir qabul qilgan bo‘lsak-da, mazkur musobaqaning finali uchrashuvida baribir O‘zbekiston nomi tarixdan joy oldi. Hal qiluvchi bahsda Yaponiya hamda Qatar terma jamoalari ishtirokidagi uchrashuvni boshqarib borish hamyurtimiz – Ravshan Ermatov brigadasiga ishonib topshirilgani biz uchun quvonarli bo‘ldi. Shu tariqa, faoliyati davomida ikkinchi bor Osiyo Kubogi finalini boshqarish orqali tarixdan joy oldi. Shuningdek, ushbu musobaqa davomida Ermatov yana bir qator fakt va raqamlarni yangiladi. Xullas, Ravshan Ermatov Osiyo Kubogini yuqori saviyada o‘tkazdi. Kuni kecha FIFA referisi yakuniga etgan musobaqa haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tecno

- Avvalambor, Osiyo Kubogidagi ajoyib ishtirokingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz. Ayting-chi, nufuzli musobaqadan olgan taassurot va fikrlaringiz nimalardan iborat?

- Tabrigingiz uchun rahmat. O‘zingiz ham yaxshi bilasiz, Osiyo Kubogi qit’amiz futbolidagi eng nufuzli musobaqa hisoblanadi. Mazkur turnir juda katta tayyorgarlikni o‘z ichiga oladi. Birinchi marta Osiyo Kubogida 24 ta terma jamoa ishtirok etdi. Bungacha esa 16 ta jamoa qatnashardi. Ammo ko‘pchilik terma jamoalar sonini 24 taga ko‘paytirib bekor qilibsizlar, endi kuchsiz raqiblar ko‘payib, 5:0, 7:0 kabi o‘ta yirik hisoblar miqdori ortib ketadi degan fikrlar musobaqadan oldin ko‘p aytildi. Lekin bu tajriba o‘zining yaxshi tomonidan ko‘rsatdi. Qo‘shilgan 8 ta terma jamoa o‘zlaridan yaxshi taassurot qoldirdi. Masalan, Vetnam, Qirg‘iziston, Tailand, Falastin, Turkmaniston, Hindiston kabi termalar etakchilarga munosib qarshilik ko‘rsatishdi. Shu bois musobaqa davomida etakchilarga ham oson bo‘lgani yo‘q. Shu sababli Osiyo Kubogini juda qiziqarli ruhda o‘tdi deb ayta olaman. Endi hakamlik masalasiga kelsak, xabaringiz bor, musobaqani darvozalar ortida ishlovchi hakamlar bilan boshlab, chorak finaldan VAR tizimiga o‘tdik. Hali hech qaysi chempionatda bunday o‘zgarish bo‘lmagandi. Lekin OFK bu tajribani amalda sinab ko‘rgan holda bundan muvaffaqiyatli tarzda o‘ta oldi. Bundan tashqari, nufuzli musobaqada birinchi marotaba O‘zbekistondan uch nafar bosh hakam bo‘lib qatnashdik. Valentin Kovalenko, Ilgiz Tantashaev va men. Buni ham ajoyib natija sifatida aytishim mumkin. Kovalenko bilan Tantashev Osiyo Kubogida debyut qilishganidan xursandman. Bir so‘z bilan aytganda, taassurotlarimiz juda ijobiy. Barchamiz uchun katta tajriba bo‘ldi.

- Siz ushbu musobaqada beshta o‘yinni boshqardingiz va yana ikkita uchrashuvda zaxira hakami sifatida ishladingiz. Kutilganidek, OFK sizga eng jiddiy o‘yinlarni topshirdi. Ayting-chi, final bahsini ham boshqarishingizni kutganmidingiz? Chunki yarim finalda zaxira hakami bo‘lib ishlagandingiz.

- Avvalambor barcha hamyurtlarimiz kabi biz ham milliy terma jamoamizni finalda ko‘rishni niyat qilgan edik va terma jamoamizga o‘sha erdan turib muxlislik qildik. Avstraliya bilan uchrashuvda jamoamizdan omad yuz o‘girgach, endi O‘zbekiston farzandlari finalda bo‘lishini maqsad qilgandik. Aytib o‘tganingizdek, Osiyo Kubogida beshta muhim uchrashuvlarni bizga ishonib topshirishdi. Aytishim mumkinki, OFK tomonidan biz uchun bildirilgan ishonchni juda qadrlaymiz. Albatta, oson o‘yinlarning o‘zi bo‘lgani yo‘q. O‘zimizga topshirilgan qiyin o‘yinlarni OFKning bizga bo‘lgan ishonchi deb qabul qilsak to‘g‘ri bo‘ladi. Biz boshqargan har bir uchrashuv jamoalarning keyingi taqdiriga ta’sir qiladigan bahslar edi. Shuning uchun ham o‘ta mas’uliyatli uchrashuvlarni o‘zbekistonlik hakamlarga topshirilganidan faxrlanamiz va ishonchni oqlash uchun borimizni berib ishlash talab etilardi. O‘ylaymanki, biz OFKning ishonchini oqladik. Final haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, hal qiluvchi o‘yinni boshqarishimni kutmagandim. OFKning hakamlar boshqarmasi vakillari bilan gaplashganimda iste’dodli yosh hakamlarga ko‘proq ishonch bildirish kerak, degan g‘oyani ko‘p aytdim. Shu bois yoshlarga hal qiluvchi o‘yinlarni ishonib topshirishsa xursand bo‘lardim. Lekin Osiyo Kubogi katta mas’uliyatli musobaqa bo‘lgani uchun ko‘proq tajribali hakamlarga ishonch bildirishdi. Final  albatta bizga yoqimli syurpriz bo‘ldi. O‘ylaymanki, bu o‘yin ham chiroyli va tomoshabop sur’atda o‘tdi.

- Chindan ham final uchrashuvi ajoyib ruhda o‘tdi. Umuman  olganda, final o‘yini haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz?

- Yaponiya va Qatar terma jamoalari misolida ikkita tezkor va hujumkor o‘yin ko‘rsatadigan raqiblar maydonga tushishdi. Kutilganidek, uchrashuv juda chiroyli o‘tdi. Xudoga shukrki, hakamlik ham yuqori saviyada o‘tdi. FIFA hamda OFK prezidentlari bizning ishimizni yuqori baholashdi. O‘zimiz ham final uchrashuvni boshqarganimizdan qoniqish hosil qildik.

- Hal qiluvchi bahsda Yaponiya terma jamoasi darvozasi tomon penalti belgilaganingizda ularning sardori Maya Yoshidaning e’tirozlarini qanday qabul qildingiz?

- Bilasizmi, futbolda bunday holatlar odatiy hol bo‘lib qolgan. Penalti belgilanganidan so‘ng o‘yin qoidasini buzgan o‘yinchi o‘z aybini bilib tursa ham men hech narsa qilmadim deya hakamga e’tiroz qilmoqchi va bosim o‘tkazmoqchi bo‘ladi. Yoshida bilan ham vaziyat xuddi shunday bo‘ldi. U qo‘lini badanidan tashqariga chiqarib to‘pning yo‘lini to‘sdi. Uning bu hatti-harakati VAR tizimida juda aniq ko‘rinib turgandi. Men futbolchilarning bunday e’tirozlariga mutlaqo ahamiyat bermayman. Boya aytganimdek, futbolda bu odatiy hol va o‘yinchilarning bunday e’tirozlari menga o‘tmaydi.

- O‘yindan keyin taqdirlash marosimida FIFA prezidenti Janni Infantino sizga nimalar dedi?

- O‘yindan keyingi taqdirlash marosimida Janni Infantino bizni juda iliq qarshi oldi va bugungi o‘yinni har doimgidek a’lo darajada boshqarding, biz bundan juda xursandmiz, seni keyingi FIFA musobaqalarida ham kutib qolamiz deb iliq so‘zlarini aytdi. OFK prezidenti Shayx Salmon ham xuddi shunday so‘zlarni aytib, biz doim senga ishonamiz va hamma vaqt ishonchimizni oqlab kelasan deya biz uchun iliq so‘zlarini aytdi va rahbarlarning ushbu tilaklaridan xursand bo‘ldik.

- Osiyo Kubogi finalini ikki marta boshqardingiz va yana ko‘plab musobaqaga taalluqli rekordlarni o‘rnatdingiz. Bunday raqam va rekordlardan boxabar bo‘lib turibsizmi?

- Albatta, bunday raqamlar va statistikalar juda yoqimli. Yildan-yilga bunday raqamlar o‘zgarib boradi. Lekin Osiyo Kubogida bu kabi statistik raqamlarga e’tibor qaratishga bizning vaqtimiz bo‘lgani yo‘q. Negaki, asosiy e’tiborimizni faqat o‘yinlar uchun tayyorgarlikka va ularni sifatli darajada boshqarishga qaratdik. Lekin hali biz uchun bunday statistik raqamlarga bor e’tiborimizni qaratadigan payt kelgani yo‘q. Chunki biz hali faoliyatimizni davom ettiryapmiz. Xudo xohlasa, bundan keyin ham ushbu raqamlarni yanada yaxshiroq ko‘rinishga olib kelishga harakat qilamiz.

- Hakamlarga bosim o‘tkazishga urinadigan arab termalari ishtirokidagi o‘yinlarni boshqarish ancha mushkulligini Osiyo Kubogi yana bir bor ko‘rsatib berdi. Shu haqida fikringiz?

- Hakamlarga bosim o‘tkazish barcha musobaqalarda bo‘ladi. Ammo hammasi hakamning o‘ziga bog‘liq. Agarda ruhan kuchli bo‘lsa, unga hech nima ta’sir o‘tkaza olmaydi va o‘z ishini to‘g‘ri va adolatli qilaveradi. Hakamlar har bir o‘yinga chiqishdan oldin bunday bosimlarga har tomonlama tayyor bo‘lishi kerak. Hakam e’tiborini faqat o‘yinga qaratishi hamda maydondan tashqaridagi holatlardan e’tiborini o‘chirib qo‘yishi lozim. Shundagina hakamning o‘z ishini puxta bajarishiga imkoniyat ko‘proq bo‘ladi.

- VAR tizimining o‘yin sifatiga qanchalik ta’siri bor deb o‘ylaysiz?

- VAR tizimi bundan uch yil oldin joriy etilgan va o‘shanda FIFA 15-16 nafar hakamdan iborat ishchi guruhi tuzganida biz ham bor edik. O‘sha paytda VAR tizimini o‘rganib, uning futbolga kerak ekanligini aytganimizda ko‘pchilik bunga qarshilik qilgandi. Ammo futbolda eng kerakligi nima? Halollik, shaffoflik, adolat bo‘lsa futbol ham rivojlanaveradi. VAR tizimini ko‘pchilik o‘yinning tezligiga ta’sir ko‘rsatadi deb ham taxmin qilishgandi. Lekin final uchrashuvida ham ko‘rdinglar, VARdan foydalanish uchun nari borsa 10-15 soniya vaqt kerak bo‘ldi xolos. Hattoki, ba’zida futbolchining almashtirilishi uchun bir daqiqa vaqt ketadi yoki golni nishonlash uchun ham shuncha vaqt sarflanadi. VAR tizimi takomillashtirilgan bo‘lib, sifatli ishlasa unga ko‘p ham vaqt ketmaydi. Bu narsani futbol uchun faqat foydasi bo‘ladi va hakamlarning o‘yindagi vaziyatni  ko‘ra olmay qolgan paytda boshqatdan VAR tizimi orqali ko‘rib, o‘sha erning o‘zida to‘g‘ri va adolatli qaror chiqarishiga yordam beradi va o‘yindan keyingi har xil ko‘ngilsiz gap-so‘zlarning oldini oladi. 

- O‘yinlardan keyingi matbuot anjumanlarida murabbiylar tomonidan hakamlar haqida bildiradigan fikrlarini ham kuzatib borasizmi?

- Albatta, futboldagi barcha xabarlarni qiziqib, o‘qib boraman. Ba’zida murabbiylarning fikrlari bilan ham qiziqib turaman. Ayniqsa, o‘zim hurmat qiladigan, o‘z ishiga professional yondashadigan, teran fikrlaydigan murabbiylarning aytadigan so‘zlarini kuzatib turaman. Ularning bildiradigan fikrlaridan ham nimalarnidir o‘rgansa bo‘ladi.

- Ravshan aka yana bir bor Osiyo Kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etganingiz bilan saytimiz nomidan sizni tabriklaymiz...

- O‘z navbatida sizga ham katta rahmat. Shu o‘rinda Osiyo Kubogida bizni qo‘llab-quvvatlab turgan barcha vatandoshlarimizga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz va kelajakda ularni yanada xursand qilishga harakat qilamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
kenjebaev
22/02/2019 17:20
Яхши сухбат бўлибди