
Poytaxtimizda qilichbozlik bo‘yicha xalqaro turnir start oldi
Toshkent shahri yana bir xalqaro musobaqaga mezbonlik qilmoqda. Bugun, 11 noyabr kuni poytaxtimizning Yunusobod tumanida joylashgan "Universal" sport saroyida qilichbozlikning shpaga yo‘nalishi bo‘yicha "Satellit" xalqaro turniri o‘tkazilmoqda, deya xabar beradi MOQ.
Bahslarda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Indoneziya, shuningdek, Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi bayrog‘i ostidagi sportchilar sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib bormoqdalar.
Biroz avval musobaqaning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Ochilish marosimida MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov so‘zga chiqar ekan, yana bir nufuzli musobaqa O‘zbekistonga ishonib topshirilganini, yurtimiz mazkur turnirni yuqori saviyada o‘tkaza olishini, buning zamirida O‘zbekistonda sportga ko‘rsatilayotgan e’tibor yotganini qayd etib o‘tdi. Tadbir davomida so‘zga chiqqan mutasaddilar ham O‘zbekistonda sport bilan shug‘ullanish uchun juda yaxshi sharoitlar yaratilganligini aytib, turnir ishtirokchilariga muvaffaqiyatlar tilashdi. O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasidan so‘ng, ochilish marosimi nihoyasiga etdi va asosiy bahslarga start berildi.
Fikrlar