O‘zbekiston olimpiya terma jamoasini ispaniyalik emas, serbiyalik mutaxassis boshqarishi mumkin

  • 22 dekabr, 2018, 17:20
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO
Bugun O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov O‘zbekiston olimpiya terma jamoasini boshqarishga asosiy nomzod bo‘lgan serbiyalik murabbiy Lyubinko Drulovich bilan uchrashdi. Uchrashuvda Lyubinko Drulovichning yordamchilari Zavisha Miloslavlevich va Neboysa Topalov ham ishtirok etishdi. Bu haqda O‘FA rasmiy sayti xabar bermoqda.

Uchrashuv davomida Umid Ahmadjonov serbiyalik mutaxassisni yurtimizda ko‘rib turganidan xursand ekanini ta’kidlar ekan, O‘zbekiston iste’dodlarga boy o‘lka ekani, ana shu iste’dodlarni jamlab, 2020 yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan olimpiada musobaqasiga yo‘l olish asosiy maqsad ekanini aytib o‘tdi.

Buning uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlar yaratilib, Olimpiya terma jamoasining asosini shakllantirish ishlari allaqachon boshlab yuborilganini qo‘shimcha qilib o‘tdi. 

Serbiyalik murabbiy Lyubinko Drulovich O‘zbekistonga tashrif buyurganidan benihoya xursand ekanini bildirar ekan, o‘zbek futboli bilan yaqindan tanish ekanini, xususan, o‘zbekistonlik yoshlarning shu yil Xitoyda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida qanday o‘yin namoyish etishgani va chempionga aylanishganidan xabardor ekanini aytib o‘tdi. Agar mutaxassisga O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi topshiriladigan bo‘lsa, jamoa oldiga qo‘yilgan asosiy maqsad - Tokio-2020 yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun astoyidil mehnat qilishga tayyor ekanini ham ta’kidlab o‘tdi.
 
Ayni damda Lyubinko Drulovich bilan muzokaralarning so‘nggi bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Agar muzokaralar ijobiy yakunlansa, u O‘zbekiston olimpiya terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlanadi.
 
Ma’lumot uchun:  
 
Lyubinko Drulovich
Fuqaroligi: Serbiya
Tug‘ilgan sanasi: 11 Sentyabr 1968 (50 yosh)
Murabbiylik darajasi: UEFA "PRO" diplomi egasi (2007 yil)
Eng katta yutug‘i: Serbiya U-19 terma jamoasi bilan Evropa chempionatida g‘oliblikka erishgan
 
Murabbiy sifatida erishgan yutuqlari:
 
1. Angola Superkubogi G‘olibi – "Agosto" FK 2010-2011 
2. Evropa U-19 Chempionati g‘olibi – Serbiya 2013
3. "Partizan" FK bilan Evropa ligasi ishtirokchisi - 2015-2016
4. BAA U-19 bilan jahon chempionati final qismiga yo‘l olgan - 2017 yil 
 
Shaxsiy yutuqlari:
 
Serbiyada yilning eng yaxshi murabbiyi – 2013 yil
 
Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq Olimpiya terma jamoasini ispaniyalik mutaxassis boshqarishi mumkinligi haqida xabar tarqalgan edi. Ayni damda esa ushbu terma jamoaga Ravshan Haydarov boshchilik qilmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!