
O‘zbekiston U-23 termasini Tailandda gumchambarlar bilan kutib olishdi
Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston U-23 terma jamoasi xalqaro musobaqada ishtirok etish uchun Tailandga etib bordi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati ma’lum qildi.
"M-150 CUP-2017" musobaqasi Tailandning Buriram shahrida bo‘lib o‘tadi. Kecha tunda Toshkentdan yo‘lga chiqqan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bugun peshinda Buriramga etib keldi va X2 VIBE BURIRAM mehmonxonasiga joylashdi.
Ayni vaqtda Tailandda ob-havo juda qulay bo‘lib, kunduzi havo harorati 30-31 daraja issiq bo‘lib turibdi. Terma jamoa uzoq yo‘l bosib kelgani bois murabbiylar shtabi bugun engil, tiklanish mashqlari bilan cheklanishni ma’qul ko‘rdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi “M150 CUP-2017” xalqaro musobaqasi “B” guruhida Myanma va Vetnam terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi. “A” guruhidan esa Tayland, KXDR va Yaponiyaning 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan iborat terma jamoalari joy olishgan. Guruhda birinchi o‘rinni olgan jamoalar g‘oliblik uchun kurash olib borsa, ikkinchi o‘rin egalari bronza medallari uchun bahsga kirishadi.
Fikrlar