
O‘zbekiston OTJ Ispaniya yig‘inini yakunlab, Turkiyaga keldi
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 14-25 fevral kunlari Ispaniyaning San-Pedro-del-Pinatar shahrida o‘quv mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazgani haqida avval xabar berib o‘tgandik.
Ushbu yig‘in davomida futbolchilarimiz Shveytsariyaning "Delemon" (2:2) va Gruziyaning "Lokomotiv" (3:2) jamoalariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazishdi.
Lyubinko Drulovich shogirdlari kecha Ispaniyadagi yig‘inni yakunlab, Turkiyaga etib borishdi. Endilikda vakillarimiz Turkiyada yig‘inni davom ettirishadi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rasmiy sayti xabar bermoqda.
Turkiyada Olimpiya terma jamoasi a’zolari nazorat o‘yini o‘tkazishi ham rejalashtirilgan. Jumladan, 27 fevral kuni futbolchilarimiz "Istambul Bashakshehir" klubining U-23 jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Turkiyadagi yig‘in 3 mart kunigacha davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi kelasi yil Taylandda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionati saralashiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Saralash bahslari shu yilning 22-26 mart kunlari Toshkentda o‘tkazilib, terma jamoamiz a’zolari Osiyo chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun Tojikiston, Hindiston va Pokiston terma jamoalari bilan kuch sinashishadi.
Fikrlar