
Otabek G‘ulomxo‘jaev: O‘ynaganga yarasha kuchliroq jamoalar bilan o‘ynaymiz
Otabek G‘ulomxo‘jaev boshchiligidagi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Ispaniyaning Malaga shahrida o‘tkaziladigan xalqaro musobaqaga jo‘nab ketdi. 3-7 oktyabr kunlari terma jamoamiz “Chig‘atoy” sport bazasida shug‘ullanishdi. Shundan keyin Malaga shahriga jo‘nab ketishdi. Vakillarimiz u erda uchta o‘yinda ishtirok etishadi. Dastlab 10 oktyabr kuni Frantsiya U-18, 13 oktyabrda esa Belgiya U-18 va 15 oktyabrda Shotlandiya U-18 terma jamoalari bilan kuch sinashadi. Shu sababli bu vakillarimiz uchun muhim musobaqa hisoblanadi. Otabek G‘ulomxo‘jaev esa ayni paytda o‘z futbolchilarini mazkur turnir uchun har jihatdan puxta tayyorlashga bel bog‘lagan. O‘z navbatida shuni alohida aytish kerakki, murabbiyning ta’kidlashicha, ushbu yoshdagi terma jamoamiz vaqti kelib futbolimizning oltin avlodiga aylanishi kutilmoqda. Aynan G‘ulomxo‘jaev uchun ham Malagadi musobaqa katta ahamiyat kasb etadi. Belgiya, Frantsiya hamda Shotlandiyadek kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlar albatta futbolchilarimiz uchun asqotishi turgan gap. Quyida Otabek G‘ulomxo‘jaev ushbu musobaqa oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Chig‘atoydagi tayyorgarlik
- Biz Ispaniya safariga ketadigan tarkibni aniqlashtirib olganmiz. Bundan 20 kun oldin ham yig‘in o‘tkazgandik. Shu bois tarkibimizning asosiy o‘zagini hal qilib olganmiz. Terma jamoamizga turli klublardan futbolchilar kelishgan bo‘lib, ularning hozirgi paytdagi jismoniy holatiga qaramaymiz. Asosiysi, ularning hammasi yaxshi sport formasida. Bu erga kelishganidan so‘ng ularni o‘z nazoratimizga olganmiz. Ya’ni, mashg‘ulotlarda bizning uch xil toifadagi yo‘nalishlarimiz bor. Ammo bitta urinishdayoq barchasini futbolchilarga o‘rgatib bo‘lmaydi. Chig‘atoydagi besh kunlik yig‘inimizda asosan taktik uslublar ustida ishladik. Hujumdan keyin himoyalanishga kelganda bizda ayrim kamchiliklar bor. Hozirgi kunda himoyaga ham jiddiy e’tibor qaratish davr talabi bo‘lib qolgan. Shuningdek, standartlardan ham samarali foydalanish ustida ishlayapmiz.
Ispaniyadagi musobaqa
- Xorijdagi yig‘inimiz davomida futbolchilarimizning qanday imkoniyatlarga ega ekanligi yanada yaxshiroq ko‘rinadi. Masalan, individual tomondan kuchlimizmi yoki taktik jihatdanmi? Jismoniy holatimiz qandayligini esa o‘yin ko‘rsatadi. Shu bilan birga raqib bizga qanday o‘yinni taklif qiladi va biz ularga qanday o‘yinni taklif qila olamiz? Safar davomida ushbu jihatlarga ham e’tibor qaratamiz. Menda raqiblarimiz haqida ma’lumotlar bor. Lekin ularda xuddi shu yosh toifasida 2-3 ta tarkiblari bor. Shu bois bizga nisbatan raqiblarimizning qaysi jamoalari o‘ynashlarini esa bilmaymiz. Masalan, Belgiyaning U-19 jamoasining ikkita shakllangan tarkibi bor. Belgiya termasini o‘yinini disk orqali ko‘rganimda, tarkibida juda kuchli futbolchilar borligiga guvoh bo‘ldim. Oradan 20 kun o‘tib Belgiya boshqa turnirda qatnashdi. Ammo bu safar umuman boshqa tarkib bilan o‘ynashdi. Lekin umumiy ma’noda ularning o‘yin sifati ko‘rinib turibdi. Aytmoqchimanki, yo‘nalishi bitta. Biroq hali raqiblarimizning kuchli yoki kuchsiz tomonlari haqida etarli darajada ma’lumotlarga ega emasman. Asosiy maqsadimiz o‘zimizning futbolchilarimizni shakllantirishdir. Shunchaki, men o‘z yigitlarimizni kuchli raqiblarga qarshi o‘zlarini qanday his qilishlarini, qanday o‘yin ko‘rsatishlarini ko‘rmoqchiman. Chunki ushbu yoshdagi futbolchilarimiz birinchi marta bunday musobaqada qatnashishadi. Biz Osiyo jamoalarini tanlaganimiz yo‘q. O‘ynaganga yarasha Evropaning kuchli raqiblari bilan o‘ynaydigan bo‘ldik. Yigitlarimiz o‘z klublarida yoki Toshkentdagi yig‘inlarimizda zo‘r o‘ynashadi. Lekin xalqaro maydonda qanday to‘p surishadi? Belgiya, Frantsiya, Shotlandiyaga qarshi uchrashuvlarda futbolchilarimiz sarosimaga tushib qolishmaydimi? Buning uchun avvalo ularning ruhiyatini ko‘rib olamiz. Albatta, bu borada ular bilan ishlayapmiz. Eng muhimi, ruhiy holati joyida bo‘lishi kerak. Qolgan kamchiliklarni esa to‘g‘rilasa bo‘ladi. U erga borgandan keyin oyoqlari qaltirib tursa, u ming iqtidorli bo‘lmasin qiladigan ishini bajara olmay qoladi. Biz bu yigitlardan natijani so‘ramaymiz. Maqsad o‘z darvozamizdan gol o‘tkazmaslik yoki to‘pni o‘zimizda saqlab ko‘proq gol urish emas. Shunchaki, bizning o‘z o‘yin falsafamiz bor. Evropa termalariga qarshi uchrashuvlarda ham faqat o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishimiz kerak xolos. Balki o‘z darvozamizdan 2-3 ta gol o‘tkazib yuborarmiz. Biroq bundan fojea yasamaymiz. Bizga bu o‘yinlar nima uchun kerak? Asosiysi, yigitlarimizning ruhiyatini ko‘tarish va aynan qanday yo‘nalishda ulardan orqada qolib ketyapmiz, shu kabi masalalarni ko‘rib olamiz. Agar raqiblarimizdan qaysidir jihatimiz bo‘yicha ustunroq bo‘lsak, unda to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganimiz bilinadi. Nima bo‘lganda ham Madriddagi musobaqa biz uchun katta maktab bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, yaxshi yig‘inga ketyapmiz. Buning uchun futbolimiz rahbarlariga rahmat aytaman. Ular biz uchun ajoyib yig‘inlar tashkil qilib berishyapti.
Futbolchilarning tanlovi
- Bizda futbolchilar tanlovi va ularni tanlab olish imkoniyati ko‘p. Hali bu yoshda biz bilan ketishi kerak bo‘lgan yana bir qancha o‘yinchilarimiz qolib ketishyapti. Ammo ular bizning zaxira variantlarimiz hisoblanishadi. Keyingi xalqaro yig‘inlarimizda ham boshqalarni sinab ko‘ramiz. Bilasizmi, o‘zimiz o‘ynab, mahalliy jamoalarni yutib yuraveramiz, biroq chetga chiqqanimizda qaerga yugurishni, qanday o‘ynashni bilmay qolamiz. Baribir xalqaro tajriba boshqacha. Biz boshqa viloyat terma jamoalarini ham ko‘rib oldik va ularning orasidan ham tanlab olganlarimiz bor. Men hozirdan maqtanmoqchi emasman-u, ammo hozirgi futbolchilarimizga yaxshilab e’tibor qaratsak, 2001 va 2002 yillarda tug‘ilgan yigitlarimiz orasida iqtidorlilari ko‘p. Shu bois ular bizning oltin avlodimizga aylanishlari mumkin.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar