
O‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga litsenziyalarimiz yana bittaga ortdi
Bundan avvalroq Argentinaga 36 nafar yosh sportimiz yo‘l olishi xaqida ma’lumot bergandik. Bugun esa siz azizlar bilan navbatdagi hushxabarni baham ko‘rish niyatidamiz. Gap shundaki, bugun Milliy olimpiya qo‘mitasiga Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi (AIBA)dan maktub keldi. Bu haqda tashkilot rasmiy sayti xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, boks bo‘yicha qizlar o‘rtasida -51 kg. vazn toifasida hamyurtimiz Xursanoy Xolmatova ham Buenos-Ayresdagi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish xuquqiga ega bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, III yozgi Olimpiya o‘yinlari O‘zbekiston delegatsiyasi uchun ishtirokchilar soni bo‘yicha avvalgi barcha rekordlarni yangilab berdi. 2010 yili Singapur mezbonlik qilgan I o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston 21 nafar sportchi bilan ishtirok etgan bo‘lsa, 2014 yilda Nankinda tashkil etilgan Olimpiadada mamlakatimiz delegatsiyasi 28 ta sportchidan tashkil topgandi. Buenos-Ayresga esa 37 nafar sportchi bilan yo‘l olmoqdamiz. Demak, natijalar yildan yilga yaxshilanib bormoqda.
Biz Argentinada medallar soni va sifati bo‘yicha ham natijalarni yaxshilash niyatidamiz. Buenos-Ayres arenalarida o‘zini har tomonlama ko‘rsatadigan sportchilarimiz nasib qilsa yana 2 yildan so‘ng Tokio 2020 Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini himoya qilish imkoniga ega bo‘lishadi.
Fikrlar