
Nilufar Ermagambetova: Bronza medalining zamirida ham katta mehnat yotadi
«O‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonida murabbiyim bilan birga qattiq mehnat qildik. Albatta, oltin medalga tayyorgarlik ko‘rgandim. Afsuski, bunga biroz kuchim etmadi. Yarim finalda mo‘g‘ulistonlik raqibimga yutqazib qo‘ydim. U bilan avvallari ham jang qilganman va bahslarda turli natijalar qayd etilgan. Ba’zida u, ba’zida esa men g‘alaba qozonardik. Agar oltin medalni qo‘lga kirita olganimda o‘z oldimga qo‘yilgan vazifani a’lo bahoga bajara oldim degan bo‘lardim. Ammo, bronza medalining zamirida ham mehnat yotibdi. Xatolar ustida ishlab, navbatdagi nufuzli musobaqalarga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz», – dedi Nilufar.
Ermagambetovaning murabbiyi Ulug‘bek Azizov ham sportchining ishtiroki borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Musobaqaga albatta jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. Texnik va taktik yo‘nalishda ham ish olib bordik. Nilufar yarim finalda Mo‘g‘uliston terma jamoasi vakilasiga mag‘lub bo‘ldi va finalga chiqa olmadi. To‘g‘risini aytsam, u mazkur bahsda g‘alaba qozonishiga 80 foiz ishongandim. Chunki, ular avval ham to‘qnash kelishgan. Afsuski, Nilufar bosimni engib o‘ta olmadi. Olimpiya o‘yinlari umuman boshqa saviyadagi musobaqa hisoblanadi. Bu erda ko‘plab mamlakatlardan sportchilar ishtirok etishadi. Va albatta har bir sportchi oltin medalni qo‘lga kiritishni orzu qiladi. Biroq, kuchli uchlikka kirish ham ajoyib natija. Biz navbatdagi musobaqalarda yurtimiz bayrog‘ini yanada ko‘klarga ko‘tarmoqchimiz. Fursatdan foydalanib, qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston dzyudo federatsiyasiga minnatdorchilik bildiraman», – dedi Ulug‘bek Azizov.
Fikrlar