
"Navbahor"ning hozirgi tarkibidan yangi mavsumda kimlar qoladi va kimlar ketishi mumkin?
Kecha Namangan futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Shamshod Sariqoq "Navbahor" jamoasining bir guruh muxlislari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvda ko‘pchilikni qiziqtirayotgan bir qator masalalarga oydinlik kiritib olindi. Jumladan, jamoa bilan kimlar shartnoma qilgani va kimlar jamoani rasman tark etganligi haqida ham to‘xtalib o‘tildi.
"Navbahor"ni bugunga qadar jami uch nafar legioner futbolchi rasman tark etib ulgurdi. Mirzohid G‘ofurov, Jahongir Mehmonov hamda Igor Golbanlar jamoa bilan shartnomalarini uzaytirishdi. Aziz Turg‘unboev masalasiga keladigan bo‘lsak, uning jamoa bilan 2020-yilga qadar shartnomasi mavjud. Oston O‘runov bilan xorij klublaridan yaxshi taklif bo‘lsagina jamoadan ketishi kelishib olindi. A’zam Aliev bilan jamoa o‘rtasida shartnoma mavjud. Ammo, uning o‘zi ketishni istasa biz bunga to‘sqinlik qila olmaymiz. Sanat Shixov bilan og‘zaki kelishuvga erishgandik. Ammo, ma’lum bir sabablarga ko‘ra Shixov yangi mavsumni boshqa jamoa safida boshlaydigan bo‘ldi. Yangi mavsumda jamoamiz tarkibi keskin kuchaytirilishi bor gap. Kerak bo‘lsa, har bir pozitsiyaga ikkitadan kuchli futbolchi bo‘lishi lozim. Viloyat hokimimiz Xayrulla Hayitboevichning shaxsan o‘zlari bunga bosh-qosh bo‘lmoqdalar. U kishi har kun uch, to‘rt bor futboldagi ishlar haqida hisobotlarni so‘rab turadilar. Xayrulla Hayitboevich kelasi mavsumda jamoa oldiga faqat va faqat chempionlikni maqsad qilib qo‘ydilar. Bundan boshqasi endi bizni qoniqtirmaydi. Shahar hokimi Shavkat Abdurazzakov bilan ham tez-tez uchrashib, maslahatlashib turibmiz. Hozir barchamizning fikru hayolimiz «Navbahor»ni chempion qilishga qaratilgan", - deydi Shamshod Ergashovich o‘z nutqi mobaynida.
Ta’kidlab o‘tish joiz, ayni damda O‘zbekiston chempionatida mavsum yakunlanib, tanaffus yuzaga kelgan bo‘lsada, «Navbahor» rasmiylari ta’tilga chiqmagan holda jamoa kelajagi uchun qo‘llaridan kelgancha harakat qilishmoqda. Andrey Kanchelskis tanlab ketgan futbolchilar bilan muzokaralar boshlab yuborilgan. Katta ehtimol bilan ularning ko‘pchiligi «Navbahor» bilan bitim tuzadi. Hujum chizig‘iga esa Kanchelskisning o‘zi ikki nafar xorijlik futbolchini olib kelishi kutilmoqda. Bu haqida uning o‘zi ham aytib o‘tgan.
Stadionda ta’mirlash ishlari ayni qizigan pallaga kirgan. Rejaga ko‘ra stadion aprel oyi boshlariga foydalanishga tayyor holga kelishi kutilmoqda.
Fikrlar