Milosh Trifunovich: «Bunyodkor»dagi faoliyatimni eslash doim yoqimli

  • 9 avgust, 2018, 17:22
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yozgi transferlar vaqtida Superliga klublari o‘z tarkiblarini kuchaytirish uchun yangi futbolchilar bilan shartnomalarni imzoladilar. Qolaversa, qurbi etgan jamoalarimiz legioner o‘yinchilarni ham olib keldilar. Ayniqsa, transferlar oynasi ochilgan paytda OKMKga tajribali hujumchi Milosh Trifunovichning jalb etilgani e’tiborga molik xaridlardan biri bo‘ldi. Muxlislarimiz juda yaxshi tanish bo‘lgan serbiyalik hujumchi 2011 yili Toshkentning “Bunyodkor” klubida to‘p surib o‘zining sermahsul o‘yinlari bilan yodimizda saqlanib qolgandi. O‘shanda u 25 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga 17 ta gol urib to‘purarga aylangandi. Shundan keyin Trifunovichning o‘ynagan klublari: “Lyaoning Xunyong” (Xitoy), “Atirau” (Qozog‘iston), “Radnichki” (Serbiya), “Nyukasl Yunayted Jets” (Avstraliya),”Ordabasi” (Qozog‘iston), “Voyvodina” (Serbiya), “Radnik” (Serbiya) va “Mladost” (Serbiya). OKMK esa uning faoliyatida navbatdagi jamoaga aylandi. Biz esa ikkinchi bor yurtimizga qaytgan hujumchi bilan suhbatlashdik.

Tecno

- OKMKda paydo bo‘lishingiz ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Bu qanday yuz berdi?

- Igor Petkovich, Olmaliqning sobiq o‘yinchisi menga qo‘ng‘iroq qildi va OKMKda o‘ynashni istaysanmi deb so‘radi. Biz darhol barcha masalalar borasida bir to‘xtamga keldik. Shuning uchun ham jamoa taklifini qabul qildim.

- O‘z vaqtida “Bunyodkor” safida qanday to‘p surganingizni juda yaxshi eslaymiz. Sobiq klubingizdan qanday xotiralar qolgan?

- “Bunyodkor”dagi faoliyatimni esga olish doim yoqimli. Garchi klub safida bor yo‘g‘i bir yil to‘p surgan bo‘lsam-da, murabbiy va barcha o‘yinchilar bilan juda ajoyib aloqa o‘rnatishga ulgurgandim. Fursatdan foydalangan holda ularga omad tilab qolmoqchiman.

- Ayting-chi, yana O‘zbekiston chempionatida to‘p surishingiz mumkinligini kutganmidingiz?

- Kishi hayotda o‘zini nima kutib turganini bilmaydi. “Bunyodkor”dan ketganimdan keyin bir kun yana O‘zbekistonga qaytishim mumkinligi umuman xayolimga kelmagandi. Shunday ekan, yana bu erda ekanligimdan xursandman.

- “Bunyodkor”da o‘ynab yurgan kezlaringizda 25 ta uchrashuvda 17 bor gol kiritgansiz. Ammo keyinchalik sizni bu darajada samarali o‘ynaganingizni ko‘rmadik. Sababi nimada?

- Bizda juda yaxshi jamoa shakllangandi. Odatda bunday sharoitda statistik ko‘rsatkichlar ham kishini xursand qiladigan darajada bo‘ladi. Umid qilamanki, OKMKda ham o‘zimni ko‘rsataman.

- Bugungi “Bunyodkor” haqida nima deya olasiz? Klubning kechagi va bugungi holatini taqqoslab bersangiz?

- Ko‘p narsa o‘zgarib ketgan. Klubni tark etganimdan beri bugungi “Bunyodkor” kechasiga umuman o‘xshamaydi. Aytishim kerakki, hozirgi jamoada istiqboli porloq o‘yinchilar ko‘p. Jumladan Javlon Ibrohimov va Anvar G‘ofurov ham bor. Shuningdek, Filip Rayevatsni a’lo darajadagi futbolchi deb hisoblayman.

- Hozircha OKMKda gol kiritganingiz yo‘q. Nima, chempionatimizda raqiblar darvozasini ishg‘ol etish qiyinlashib ketganmi?

- Asosiysi, jamoaviy natija. Klub yaxshi o‘ynar ekan, natijalar o‘zini kuttirib qo‘ymaydi. O‘z navbatida maqsadlar ham shunga bog‘liq bo‘ladi.

- OKMKning joriy mavsumdagi imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

- Avvalo g‘alabalar qozonishni boshlashimiz kerak edi, qo‘lga kiritilgan ketma-ket ikki g‘alabadan so‘ng o‘yinchilarimizda dastlabki olti jamoani quvish uchun yaxshi imkoniyat yuzaga kelyapti.

- Umuman olganda, OKMK klubi bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov bilan qachondan beri tanishsiz?

- Uni ilgari ko‘rmaganman. Lekin Ashurmatovning oldin “Bunyodkor”da yaxshi o‘yin namoyish etganidan xabarim bor edi.

- Endi chempionatimiz formati o‘zgardi. Sizning fikringiz qanday: rivojlanish ko‘zga tashlanyaptimi yoki hammasi avvalgidekmi?

- O‘ylaymanki, o‘zgarish sezilarli darajada yuzaga kelgan. Har bir jamoa safida a’lo darajadagi futbolchilarning borligi gapimning tasdig‘idir.

- Bungacha yurtimizda kimlar bilan yaqin do‘stlashgandingiz?

- Ha, do‘stlarim bor. Ular Jasur Hasanov, Kamol Murzoev va Lutfulla To‘raevdir. Ularni ilgari “Bunyodkor”da o‘ynaganimdan beri bilaman.

- O‘yinchi sifatidagi kelajak rejalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?

- Yana 3-4 yil davomida yuqori saviyada to‘p surishni rejalashtirib qo‘yganman.

- Futboldan tashqari sportning yana qanday turlarini yoqtirasiz?

- Futboldan tashqari basketbol va tennisni yoqtiraman.

- Tabiiyki, jahon chempionati chog‘ida Serbiyaga muxlislik qildingiz. Undan tashqari yana qaysi termaning o‘yini sizda yaxshiroq taassurot qoldirdi?

- Savolingizning ikkinchi qismiga kelsak, Argentina terma jamoasi ishtirokdagi o‘yinlarni katta qiziqish bilan kuzatdim.

- Har bir kishining sevimli mashg‘ulotlari bo‘ladi. Xobbingiz qanday?

- O‘g‘illarim bilan birga o‘ynashni juda yoqtiraman.

- Butsalaringizni mixga ilganingizdan so‘ng murabbiy sifatida ishlaysizmi?

- Hozircha bu borada yakuniy to‘xtamga kelganim yo‘q.

- Ayni paytda oilangiz siz bilan yashayaptimi?

- Ha, ular men bilan birga. O‘g‘lim maktabga qatnayapti.

- Chempionatimizda to‘p surayotgan boshqa legionerlar bilan aloqangiz bormi?

- Albatta, aloqam bor. Biz har kuni gaplashib turamiz. Chempionatingizdagi legionerlarning ko‘pi bilan yaxshi tanishman.

- Siz uchun qaysi hujumchi ideal sanaladi?

- Men uchun Leonel Messi jahondagi eng zo‘r futbolchidir.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!