
Messini qanday rekordlar kutmoqda? (Erkin G‘aybullaev blogi)
Noyabr oyining oxirlarida “Barselona” hujumchisi Lionel Messi jarohatidan forig‘ bo‘lgach, Chempionlar Ligasida yangi ko‘rsatkichni o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Bundan buyon Argentina terma jamoasi a’zosi qit’amizning eng nufuzli turnirida bir jamoa safida eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylandi. Messi “Barselona” uchun 106 ta gol urdi va azaliy raqibi Ronalduni bitta golga ortda qoldirdi. “Real”ning sobiq hujumchisi jamoasi uchun 105ta gol urgan edi. Lionelning ushbu rekordini Ronaldu endi quvib eta olmaydi. Sababi Ronaldu barcha rekordlarni qaytadan o‘rnatish uchun Italiya jamoasiga yo‘l olgan.
“O‘zga sayyoralik” bundan tashqari quyidagi rekordlarni ham yangilashi mumkin.
La ligada umumiy xet-triklar soni bo‘yicha;
Barselonadagi professional faoliyati davomida Lionel Messi 42 ta xet-trikka erishgan bo‘lib ulardan 5 tasini pokerga aylantira olgan va yana birini esa penta-trik qilishga erishgan.
Messi La Ligada 30 ta, Chempionlar Ligasida 8 ta, Ispaniya Kubogida 3ta va Ispaniya Superkubogi uchrashuvida 1 martadan xet-trik qilishga erishgan.
Hozircha La Liga tarixidagi xet-triklarning umumiy soni bo‘yicha eng yaxshi futbolchi Krishtianu Ronaldu bo‘lib, 34 o‘yinda raqiblar darvozabonini kamida uch marta ranjitgan.
La Ligada mavsumining oxirigacha 24 ta o‘yin bor va ularning 5tasida Messining omadi kelsa, rekord albatta, yangilanadi.
“Barselona” futbolchilari orasida ”El-Klasiko“ da ishtirok etish bo‘yicha;
Hozirda Lionel Messi “Barselona”ning abadiy raqibiga qarshi 38 ta “klassik” o‘yinda ishtirok etdi. Bu o‘yinlarning 24 tasi Ispaniya chempionati, 6 tasi Ispaniya kubogida, 6 tasi Ispaniya Superkubogida va 2 tasi evrkuboklar doirasida bo‘lib o‘tgan.
Messi “Barselona” o‘z maydonida 5:1 hisobida mag‘lubiyatga uchragan joriy mavsumdagi birinchi o‘yinni o‘tkazib yubordi. Shu sababli, bu mavsum Messi “Real” ga qarshi o‘yinlar hisobi bo‘yicha rekordchiga eta olmaydi. Bunday rekord “Real”ning sobiq himoyachisi Manuel Sanchisga tegishli. Unda o‘yinlar soni 43ta.
“Pichichi sovrini”ga egalik qilish bo‘yicha;
“Pichichi sovrini” 1929 yildan beri har yili Ispaniya chempionatida yilning eng yaxshi to‘purari uchun Marca nashri tomonidan beriladi.
Hozirda ushbu sovrinlarni yutish bo‘yicha “chempionlar” Lionel Messi va Telmo Sarra hisoblanadi. Ularning har biri “Pichichi” ni olti marta qo‘lga kiritgan. Messi buni 2009/10, 2011/12, 2012/13, 2015/16, 2016/17 va 2017/18 mavsumlarida “Barselona” tarkibida, Sarrra esa va 1944/45, 1945/46, 1946/47, 1949/50, 1950/51 va 1952/53 mavsumlarda “Atletiko Bilbao” tarkibida qo‘lga kiritgan.
Agar Ispaniya chempionatining hozirgi mavsumida Messi yana bir marta ushbu mukofotni qo‘lga kiritadigan bo‘lsa, u bu sovrinlar soni bo‘yicha rekordchiga aylanadi. Lionel bu mavsumda hozircha 9ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. To‘purarlar poygasida “Jirona” hujumchisi Kristianu Stuani hozircha birinchi. Uning hisobida 11 ta gol bor.
Ispaniya Kubogi finallarida golli o‘yinlar soni bo‘yicha;
Ispaniya kubogining hal qiluvchi o‘yinlarida Barselona ajoyib statistikaga ega. Bu jamoa 40 marotaba finalgacha etib borgan va ularning 30 tasida g‘olib chiqishni uddalay olgan - bu turnir rekordidir. Alohida ta’kidlash joizki, Ispaniya kubogini 4 yildan beri Kataloniya klubi hech kimga bermay kelmoqda.
Ispaniya kubogining eng yaxshi to‘purari Telmo Sarra bo‘lib, u 74 o‘yinda 81 ta gol kiritdi. Lionel Messi rekord egasining eng yaqin ta’qibchisi, ammo unda gollar soni 48ta hisoblanadi.
Ammo Messi Sarrani bir jihatdan mag‘lub eta olishi mumkin. Hozirda finallardagi muvaffaqiyatli ishtiroklar soni bo‘yicha ikki futbolchi ham teng ko‘rsatgichga ega. Agar bu yil Messi finalda gol ursa, bu rekord mutlaq Messiga tegishli bo‘ladi.
“Barselona” safida Chempionlar Ligasida g‘alabalar soni bo‘yicha;
Hozirda Lionel Messi to‘rtta Chempionlar Ligasi sovrindori. U 2005/09, 2010/11, 2014/15 yillar mavsumida “Barselona” tarkibida muvaffaqiyat qozongan. Messi bilan birga Chempionlar Ligasida to‘rt bora g‘olib-Andres Inesta va Xavi Ernandes. Shuningdek, Jerar Pike ham Chempionlar Ligasi sovrinini 4 bora boshi uzra baland ko‘targan. Ammo ularning birini MYu tarkibida erishganini inobatga olish joiz.
Andres Inesta va Xavi Ernandes endi “Barsa” tarkibida emasligini hisobga olsak, agar bu yil Kataloniya klubi Chempionlar Ligasida g‘alabaga erishsa, rekordlarni yangilab charchamayotgan Messi yon daftariga yana bir rekord yozib qo‘yiladi.
Fikrlar