
“Manchester Siti” yangi mavsumda qanday ko‘rinishga ega bo‘ladi?
Pep Gvardiola ushbu yozda jamoasi bilan ko‘p ishlay olmagan bo‘lsada, shogirdlari u nima istashini bilishadi va topshiriqlarni bajarishga shay. Tarkibni bir necha futbolchi bilan kuchaytirib olgan “shaharliklar” yangi mavsumda qanday ko‘rinish hosil qilishi mumkin?
“Manchester Siti” mavsumoldi tayyorgarlik yig‘inini ko‘ngildagidek o‘tkaza olmadi, boisi klub 16 futbolchisini Jahon Chempionatida ishtirok etish uchun yubordi. Mundial qatnashchilari esa tabiiyki ta’tildan kechroq qaytirshdi.
Shunga qaramay, ushbu futbolchilar Pep Gvardiolani va uning talablarini juda yaxshi bilishadi.
Darvozabonlar:
Ederson “tumanli Albion”dagi debyuti muvaffaqiyatli chiqqanidan keyin klubning asosiy darvozaboni maqomini bu safar ham saqlab qolishi aniq. Braziliya bilan Mundialda ishtirok etgan posbon mavsumoldi o‘rtoqlik uchrashuvlarining birortasida maydonga tushmadi. Shu sababli, Premer Liganing birinchi turidan o‘rin olgan “Arsenal”ga qarshi uchrashuvdagi ishtiroki ham so‘roq ostida.
Klaudio Bravo esa o‘tgan mavsumda “Manchester Siti”ga Karabao Kubogini yutishga yordam berdi. Bu mavsumda ham u o‘rinbosar sifatida qatnashadi.
Himoyachilar:
“Manchester Siti” yangi mavsumda himoya chizig‘ini o‘zgartirmadi. Klub yozda yangi himoyachilar sotib olmaslikka qaror qildi.
Ammo Benjamin Mendining jarohatidan qutulib safga qaytgani sabab jamoa himoya chizig‘idagi raqobat ayovsiz kechishini bashorat qilish mumkin. O‘tgan mavsumda Gvardiola uning o‘rnini markaziy yarim himoyachi Fabian Delf bilan to‘ldirgan edi. Mendining tezligi, aniqligi va xavfli yurishlari raqiblarga og‘ir bo‘lishini anglatadi.
Yangi mavsum Gvardiola uchun himoya chizig‘ida rangbaranglikni ta’minlashi mumkin. Ba’zi o‘yinlarda Delf Mendining o‘rnida harakat qilishi mumkin.
Shu yilning yanvarida klubga kelib qo‘shilgan Emerik Laportgina Jahon Chempionatidan bebahra qoldi. Aftidan u bor alamini Premer Liga vakillaridan olsa kerak.
Yarim himoyachilar:
“Manchester Siti”ning yangi mavsumdagi yagona muammosi – bu tayanch yarim himoyachisi yo‘qligi bo‘lishi mumkin. Klub so‘nggi daqiqalargacha Jorjinoni olib kelishga umid qildi. Biroq klub uni qo‘ldan chiqardi.
Agarda bu pozitsiyaga hech kim topilmasa Gvardiola Fernandinoni qo‘llashi mumkin. Kataloniyalik murabbiyda shuningdek boshqa variantlar ham bor. Ilkay Gyundogan, Fabian Delf, Duglas Luis va hatto Jon Stouns ham bu nuqtani “yopishi” mumkin. Lekin ularning birortasi uzoq muddat bu ampluada ajoyib sport formasida bo‘la olmaydi.
Jamoaning hujumkor yarim himoyasi esa iqtidorlarga to‘la. Kevin De Bryuyne va David Silva yana ajoyib o‘yinlari bilan muxlislarni xushnud qilishlari kutilmoqda. Biroq yangi mavsumda ikkovlonga oson bo‘lmaydi. Ularga safga qaytgan Gyundogan, Bernardo Silva, klub akademiyasi vakili Fil Foden va yangi a’zo Riyod Mahrezlar kuchli raqobatchiga bo‘lishga shay turishibdi.
Bunday iqtidor egalari klubning muammolarini vaqtinchalik yopa olishlari mumkin.
Hujumchilar:
Klub yozda faqatgina ikki futbolchini olib kelishni istadi. Ular Jorjinoni Manchesterga olib kelishda qiyinchilikka uchrashgan bo‘lsa, boshqa nomzod Mahrez olib kelindi. Gvardiola aytishicha, jazoirlik futbolchi chap, o‘ng va markazda ham o‘ynashi mumkin. Demak uning universalligi “shaharliklar”ga hujumdagi variantlarni ko‘paytiradi.
Shuningdek, Leroy Sane va Rahim Sterling Gvardiola qo‘li ostida kuchayishda davom etishlari kutilmoqda.
Hujum markazida esa Jezus bu safar ko‘proq o‘yinlarda ishtirok etishga umid qilmoqda. Uning jarohat olgan vaqtida Aguero hujumdagi sifatning yo‘qolishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Asosiy tarkib qanday bo‘ladi?
“Manchester Siti”ning asosiy tarkibi fikri shu kunlarda kulgili savolga aylangan. Sababi variantlarning ko‘pligi va ularning sifati tufayli asosiy tarkib tuzish juda mushkul masala. Boz ustiga ular Gvardiolaning talablarini so‘zsiz bajaruvchi futbolchilar.
Faqatgina bir necha savol klub muxlislarini o‘ylantirishi mumkin. Mendi chap qanot himoyasiga qaytadimi yoki Delf o‘ynaydimi? Agarda Mendi bo‘lsa, Sanening majburiyatlari qanday bo‘ladi? Klub Agueroning “jallodlik” sifatida foydalanadimi yoki Jezusning kuchli pressingidan? O‘ng qanotda Sterling yoki Mahrez o‘ynaydi? Jon Stounsmi yoki Kompanining tajribasi ma’qul ko‘riladi? Unga Niklas Otamendi yoki Laport himoyada sheriklik qiladi?
Bu savollar albatta Gvardiolaga beriladi. Uning qarorlarini oldindan bashorat qilish qiyin. Balki u bizga yangi sovg‘alar tayyorlab qo‘ygandir... Ehtimol.
Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.
Fikrlar