
“Liverpul” yangi mavsumda qanday ko‘rinish hosil qiladi?
“Qizillar” “Monako”dan iste’dodli yarim himoyachi Fabinoni o‘z safiga qo‘shib olganini tasdiqladi. Shuningdek, o‘tgan mavsum boshida kelishi aniq bo‘lgan Nabi Keytalar Yurgen Kloppning rejalarida qanday ahamiyat kasb etadi?
So‘nggi Chempionlar Ligasi finalchisi frantsuz klubidan braziliyalik futbolchini 45 million evro evaziga sotib olganini dushanba oqshomida ma’lum qildi. Mersisaydliklar kamiga 5 million evro bonus sifatida “Monako”ga to‘lashi kelishib olindi.
Biroq Fabino “Liverpul”ning dastlabki transferi emas. O‘tgan yozning oxirida ingliz klubi “RB Leyptsig” bilan Nabi Keyta transferi borasida kelishib olgan edi.
Emre Janning “Yuventus”ga o‘tishi bilan Klopp jamoasining yarim himoyasida muammolar tug‘ilishi aniqlashib bormoqda. Ular shuningdek, “Lion” sardori Nabil Fekirni ham olib kelib, bu pozitsiyani mustahkamlashga urinib ko‘radi.
Ayni vaqtda esa Fabino va Keytalarning kelishi klubning hozirgi tarkibidan kimlar o‘z pozitsiyasini yo‘qotishi mumkin? Quyida shu haqida fikr yuritamiz. “Liverpul” 2018-19-yilgi mavsumda qay ko‘rinish olishi mumkin?
4-3-3
Klopp faoliyatida davomida eng sinalgan va unga ozmi-ko‘pmi muvaffaqiyat keltirgan o‘yin sxemasidan voz kechmasligi aniq. Muammo shundaki, asosiy tarkibdagi qaysi futbochlilar zaxiraga “mixlanadi”?
Eng katta ehtimol bilan jamoa sardori Jordan Xenderson bo‘lishi mumkin. Quyiroq o‘ynaydigan yarim himoyachining vazifasini Fabino munosib to‘ldira oladi. Keyta esa qanotlardagi Veynaldum yoki Milnerdan birini “siqib chiqaradi.” Emre Janning “Yuventus”ga o‘tishi tobora aniqlashib bormoqda. Aleks Oksleyd-Chemberleyn esa tizzasidan olgan jarohati sabab noyabrgacha maydonga qayta olmaydi.
Agarda Fekir ham kelib qo‘shiladigan bo‘lsa, “Liverpul” yangi mavsumni butunlay yangi yarim himoyachilar bilan boshlashi mumkin. Bu esa o‘zgacha ko‘rinish olishi aniq. Boisi uchchala yarim himoyachilar o‘z pozitsiyalarida ancha nomdorlari sanalishadi.
4-2-3-1
Albatta, Xendersonning jamoa sardori ekanligi ko‘p narsalarni qiyinlashtiradi. Angliyalik futbolchi barcha muxlislarning sevimlisi bo‘lmasada, Kloppning eng ishonganlaridan biri.
U Fabino bilan tandem hosil qilishi mumkinmi? Albatta! O‘tgan mavsumda ikki tayanch yarim himoyachilari bilan o‘ynagan vaqtlarda, qanot himoyachilari va hujumchilar raqib jarima maydonchasida ekanligida jamoaga ishonch bag‘ishlagan edi.
Keyta esa har qanday vaziyatda hujumga qo‘shiluvchi yarim himoyachi vazifasini bajaradi. Nabil Fekirning kelishi uchun ko‘p ishlar qilinishigi kerak. Agarda u ham “Liverpul” safini to‘ldiradigan bo‘lsa, Filipe Koutinoga munosib o‘rinbosar bo‘lishi mumkin.
Xullas, “qizillar”da variantlar ko‘p. Ayniqsa, Fabino yarim himoyaning bir necha pozitsiyasida o‘ynay oladi.
3-4-3
Biroz g‘alata o‘yin sxemasi emasmi?
Uch kishilik himoyaviy sxema so‘nggi yillarda Evropa bo‘ylab yana urfga kirib bormoqda va bundan kuchli klublar samarali foydalanmoqda. “Chelsi” Premer Ligani 3-4-3 taktikasi bilan yutdi. Shuningdek, “Yuventus”, “Bavariya” va hatto “Manchester Siti” ham buni o‘z tajribasida sinab ko‘rdi.
“Liverpul” ham buni qo‘llab ko‘rishi mumkin. Ammo ular bu o‘yin sxemasi uchun yana bitta kuchli markaziy himoyachi sotib olishiga to‘g‘ri keladi.
Fabino va Keyta qanotlarda Trent Aleksandr-Arnold va Robertsonlar bilan birga kuchli yarim himoyani hosil qilishlariga shubha yo‘q. Yangi mavsumda “Liverpul”ni kuzatish yanada qiziqarliroq bo‘ladi.
Fikrlar