“Liverpul” yangi mavsumda qanday ko‘rinish hosil qiladi?

  • 21 iyul, 2018, 19:10
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

 

Tecno

O‘tgan mavsum Chempionlar Ligasi finalchisi “Liverpul” qaynoq yozgi transferlarni amalga oshirishga ulgurdi. “Qizillar” tarkibga o‘z pozitsiyalarining eng mohir ustalarini jalb qildi. Biroq ular Yurgen Kloppning rejalariga qay tariqa mos tushishi mumkin. Quyida shu haqida fikr yuritamiz.

“Liverpul” so‘nggi transfer – darvozabon Alissonni qo‘shib olib tarkibni deyarli optimal holatga keltira oldi. Braziliyalik darvozabon 85 million dollar evaziga “tumanli Albion”ga ko‘chib o‘tdi va futbol tarixidagi eng qimmat darvozabonga aylandi. Mersisaydliklar bu vaqtga kelib yangi a’zolari uchun 150 million funtdan ziyod mablag‘ni sarflab bo‘ldi.

Alisson Nabi Keyta, Fabino va Shakirilardan keyin yangi mavsumdan “Enfild”da to‘p suradi. Xo‘sh, bunday kuchli charm to‘p ustalari kelishi oqibatida qaysi futbolchilar o‘z kelajagi borasida qayg‘urishni boshlashi kerak. 2018-19-yilgi mavsumda “Liverpul” quyidagi o‘yin sxemalarida harakat qilishi mumkin.

4-3-3

Eng optimal o‘yin tizimi sifatida 4-3-3 ko‘rilmoqda. Zero, bunday sxemada nemis murabbiyi ko‘p muvaffaqiyatlarga erishgan. Faqatgina bitta savol tug‘iladi. Bu holatda qaysi asosiy tarkib futbolchilari “zaxiraga mixlanadi”?

Katta ehtimol bilan Xenderson jamoa sardori bo‘lib qoladi. Uning tayanch yarim himoyachilik vazifasiga Fabino tahdid solishi mumkin. Keyta esa asosiy tarkibdan Veynaldum yoki Milnerni siqib chiqarishi kutilmoqda. Emre Jan “Yuventus”ga yo‘l oldi, Oksleyd-Chemberlen esa tizzasidan olgan jarohati sabab mavsumning ko‘p qismini maydondan tashqarida o‘tkazdi. Adam Lallana esa asosiy tarkibga qaytishi uchun yana boshidan boshlashiga to‘g‘ri keladi. Hujum va himoya chiziqlari o‘zgarmasdan qolishi muqarrar.

4-2-3-1

Yana bir boshqa muqobil variant sifatida 4-2-3-1 ni aytishimiz mumkin. Bunda Klopp naq to‘rt hujumchi bilan harakat qilishi mumkin. U bunday variantda Premer Liganing so‘nggi turida “Brayton”ga qarshi harakat qilgan edi.

Keyta va Fabinolar esa maydon markazida kuchli juftlikni hosil qilishi mumkin. Lallana (yoki Shakiri, hatto Daniel Starridj) esa Firminoning ortida “aldamchi o‘nlik”ni tashkil qilishi mumkin.

4-4-2

Balki bu variantni ham ko‘rarmiz. “Liverpul” Shakiri bilan bunday uslubda ham o‘ynab ko‘rishi mumkin. Bunda Firmino va Saloh (yoki Mane) o‘zlarini markaziy hujumda sinab ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. Bunday uslubda “qizillar” ko‘proq kuchsiz raqiblarga qarshi uy uchrashuvlarida bemalol harakat qilsa bo‘ladi.

Ko‘rib turganimizdek, mersisaydliklarning yangi mavsumdagi o‘yin uslublarida o‘zgarish asosan yarim himoya chizig‘ida ro‘y berishi mumkin. Katta pul evaziga olib kelingan Keyta va Fabinolarni albatta zaxirada o‘ynatish uchun jalb qilgani yo‘q. Darvozani esa “hurmacha qiliqlari” bilan Chempionlar Ligasida mag‘lubiyatga sababchi bo‘lgan Karius o‘z joyini dunyoning eng qimmat darvozaboniga bo‘shatib beradi. O‘zgarmasdan qolayotgan yoki kam o‘zgarish kutilayotgan chiziq himoya bo‘ladi. Robertson, Van Deyk, Lovren va Trent Aleksandr-Arnold o‘tgan mavsumda kuchli himoya chiziqlaridan birini hosil qilishdi. Hujumda esa Mane, Firmino va Muhammad Salohlar yana Evropani zabt etish uchun urinib ko‘radi. Har taraflama “qizillar” sifatli futbolchilar bilan tarkibni to‘ldirgani faqatgina ularning foydasiga ishlaydi.

Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!