
Kuchli terma jamoalarning FIFA reytingidagi eng past o‘rinlarini bilasizmi?
2018-yilgi Jahon Chempionatiga chiqa olmagan va boshqa kuchsiz natijalari sabab Italiya terma jamoasi FIFA dunyo reytingida 21-o‘ringa tushib ketdi.
Bu 1992-yildan boshlangan reyting statistikasiga ko‘ra “Skuadra Adzurra”ning eng past ko‘rsatkichi hisoblanadi.
Biroq Italiya bunday yomon natijaga erishgan yagona terma emas. FIFAning terma jamoalar reytingida ba’zi kuchli termalar ham yomon natija qayd etgan paytlar ham bo‘lgan. Quyida shunga nazar solamiz.
Frantsiya
Amaldagi o‘rni: 1
Eng yuqori reytingi: 1-o‘rin (2001-yil may – 2002-yil may, 2018-yil avgust - hozirgacha)
Eng past reytingi: 27 (2010-yil sentyabr)
1-o‘rinni band etib turgan amaldagi chempionlar har doim ham yuqori pog‘onalarda yurmagan. Evro – 2008 va Mundial – 2010 da Frantsiya o‘z yurishini guruh bosqichidayoq to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Kamiga ikkala turnirni birorta g‘alaba bilan ham yakunlay olmagan. 2010-yilgi Jahon Chempionati saralash bahslarida Serbiyadan keyin 2-o‘rinni egallagan va JARda bo‘lib o‘tgan birinchilikka pley-off orqali etib kelgan.
Bu esa albatta FIFA reytingidagi o‘rniga jiddiy ta’sir qilmasdan qolmagan. “Ko‘klar” kuchli o‘nlikka Evro – 2016 dagi natijalaridan keyingina qayta olgan.
Belgiya
Amaldagi o‘rni – 2
Eng yuqori reytingi – 1 (2015-yil noyabr – 2016-yil mart)
Eng past reytingi – 71 (2007-yil iyun)
Belgiya o‘z tarixida birinchi marta ushbu yozda bo‘lib o‘tgan Mundialda yaxshi natijani qayd etdi. Ular uchinchi o‘rin uchun bahsda Angliyani engishgandi. Shunga qaramay, hozirgi oltin avloddan oldin “qizil iblislar”ning natijalari yaxshi bo‘lmagan. 2002-yildan beri birorta nufuzli turnirda ishtirok eta olmagan Belgiya 2007-yilda o‘z tarixidagi eng yomon ko‘rsatkichni ko‘rsatib naq 71-pog‘onani egallagan.
Eden Azar, De Bryuyne va Lukakularning etakchiligida Belgiya termasi ancha yuqori pog‘onalarda yuribdi.
Braziliya
Amaldagi o‘rni: 3
Eng yuqori reytingi – 1 (159 ta tahrirdan 8 martasida)
Eng past reytingi – 23 (2013-yil iyun)
Amaldagi uchinchi o‘rin egalari va “pentakampeonlar” ham FIFA dunyo reytingida qiyinchilikka uchragan.
2013-yilda “Kopa Amerika”da chorak finaldanoq turnir bilan xayrlashgach Braziliya 22-o‘ringacha tushib ketgandi. To‘g‘ri, bunga ularning 2014-yilgi Mundial mezboni sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritgani ham sabab bo‘lgandi.
Xorvatiya
Amaldagi o‘rni – 4
Eng yuqori reytingi – 3 (1999-yil yanvar)
Eng past reytingi – 125 (1994-yil mart)
So‘nggi Mundial finalchisining xalqaro futbol olamiga kirib kelishi jumboq edi. Xorvatiya 1991-yilda endigina Yugoslaviya tarkibidan mustaqil bo‘lgan, 1990-yilda birinchi xalqaro o‘yinini AQShga qarshi o‘tkazgan edi. Xorvatiya UEFAga 1993-yil iyunida a’zo bo‘lgan edi. 1994-yilgi Mundialga kech qolgani sabab mustaqillikdan oldingi natijalari FIFA tomonidan inobatga olinmagan. Bu esa ularning dunyo reytingida 125-pog‘onani band qilishiga olib kelgan.
Biroq, 1998-yilgi Jahon Chempionatida uchinchi o‘rinni egallashi uni yuqori o‘rinlarga olib chiqqan edi.
Urugvay
Amaldagi o‘rni – 5
Eng yuqori reytingi – 2 (2011-yil iyul)
Eng past reytingi – 55 (1998-yil dekabr)
Agarda FIFA reytingi birinchi Jahon Chempionatidan boshlab mavjud bo‘lganida Urugvay shubhasi bir necha yil birinchi o‘rinni hech kimga bermasdi. Ular 1930 va 1950-yillar orasida bo‘lib o‘tgan to‘rtta Mundialdan ikkitasini yutib olgan.
O‘shandan keyin Urugvay dunyoning eng zo‘ri bo‘lishda qiyinchilikka uchradi. 1970 va 2010-yilgi Mundialda 4-o‘rinni egallagan janubiy amerikaliklar FIFA reytingida qayta yuqori pog‘onani egallagandi.
1998-yilda Mundialni guruh bosqichida yakunlagan “La Seleste” 55-o‘ringacha sho‘ng‘igan edi.
Angliya
Amaldagi o‘rni – 6
Eng yuqori reytingi – 3 (2012-yil avgust)
Eng past reytingi – 27 (1996-yil fevral)
1994-yilgi Jahon Chempionatiga chiqa olmagan Angliya Evro – 96 ni mezbon sifatida boshladi. Ushbu nursiz ko‘rsatkichlar “uch sherlar”ning xalqaro darajadagi o‘rniga salbiy ta’sir ko‘rsatgandi. 1996-yil fevralida ular 27-o‘ringacha “pastga sho‘ng‘igandi”.
Roy Xodjson qo‘li ostida Angliya top-10 talikka kirishga juda qiynalgandi. Garet Sautgeyt murabbiyligi ostida Angliya mana yana kuchli o‘ntalikdan joy oldi.
Fikrlar