Javlon Guseynov: Frantsiya terma jamoasi vakili bilan yonma-yon to‘p surdim

  • 1 avgust, 2017, 00:02
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Neftchi”, “Andijon” va Tailandning “Chainat Xornbill” klublaridagi o‘yinlari bilan muxlislar e’tiboriga tushgan Javlon Guseynov SPORTS.uz internet axborot portalida mehmon bo‘ldi va saytimiz uchun eksklyuziv intervyu berdi.

Tecno

- Javlon,  futbolga qanday kirib kelgansiz?

- Hamma yosh bolalar singari biz ham bolaligimizdan to‘p tepib, katta bo‘lganmiz. Dadam futbolga qiziqar edilar va 8-9 yoshimdan meni Chig‘atoydagi futbol maktabiga berganlar. Marat Kabaev bizga u erda mashg‘ulot o‘tkazgan va mana sekin-astalik bilan o‘sishga erishib kelmoqdaman.

- Oliy ligadagi debyut o‘yiningizni eslay olasizmi?

- Aniq eslayman. “Neftchi” safida “Metallurg”ga qarshi bo‘lgan.

- Qanday xis-tuyg‘u, kechinmalar bo‘lgan?

- Xis-hayajon bo‘lmagan. Futbolni kimdir erta, kimdir kech boshlaydi. Mening faoliyatim ham kech boshlangan va 20 yoshda debyut qilganman. Qolaversa, o‘shanda 4:1 hisobida g‘alaba qozonayotgan edik va Yuriy Vazgenovich Sarkisyan  uchrashuv tugashiga 5 daqiqa qolganida zahiradan maydonga tushirgan edi.

- O‘tgan mavsum “Andijon” bilan quyi ligaga tushib ketgan edingiz. Tailandga qanday borib qoldingiz?

- O‘zi 2015 yilgi mavsum tugaganida aynan shu jamoadan taklif bo‘lgan edi. Bilmadim, qandaydir sabablarga ko‘ra, o‘xshamay qolgan edi. “Andijon” bilan quyi ligaga tushgan mavsum tugashiga ikki tur qolganida, yana “Chainat Xornbill” taklif bilan chiqdi. O‘zi legioner bo‘lib o‘ynash niyatim bor edi. Xudoga shukr, ushbu niyatim amalga oshdi. Endi kuchli futbolchi bo‘lishga yanada harakat qilaman. Chunki, u erdagi sharoitlar va boshqalarni ko‘rib, yana o‘ynagingiz kelaveradi.

 

- Bizning chempionat bilan nimasi farqli? Muxlislar, baza…

-  Har tomonlama. Tashkiliy ishlar, jamoa infratuzilmasi. Masalan, men birinchi ligada o‘ynadim. Lekin birinchi liga bo‘lsada, o‘zimni haqiqiy futbolchidek xis eta oldim. Uchrashuv tugaydi, muxlislar sizning ismingiz tushirilgan liboslarni ko‘tarib turishadi. Rasmga tushish, dastxat qo‘yib berishni iltimos qilishadi. Stadiondagi atmosfera Evropanikidan kam emas. Ular futbol bilan yashashadi. Muxlislar futbolni sevishadi.

Stadionlarga keladigan bo‘lsak, maydon holati, chim a’lo darjada. Lekin stadion atrof-muhitiga u qadar qaralmas ekan. Bizda mavsum oldidan stadionda qurilish ishlari olib boriladi. Bizdagi echinish-kiyinish xonalari juda ham yaxshi. Faqatgina Tailand grandlari “Muangton Yunayted” va “Buriram Yunayted” jamoalarining stadionlari bizniki singari bo‘lmasada, ancha yaxshi holatda. Ammo yana bir bor ta’kidlab o‘taman, maydon holati juda yaxshi.

- “Chainat Xornbill”ning stadion sig‘imi qancha va o‘yinlarga qancha muxlis kelar edi?

- Bizda 16 ming muxlisga mo‘ljallangan stadion bor edi. O‘rtacha 3-4 ming muxlis o‘yinlarga tashrif buyuradi. Mahalliy futbolchilarning aytishicha, jamoa oliy divizionda o‘ynagan mahal, stadion to‘lgan ekan.

- Agentingiz bormi?

- Agentim yo‘q. Malayziyalik hamkorim bor. O‘sha inson videoroligingni jo‘nat degan edi. 2015 yil “Chainat” varianti paydo bo‘lgan edi. U vaqtda jamoa Tailand oliy divizionida o‘ynar edi. Nimadir bo‘ldi-yu o‘sha yili kelishuv bo‘lmadi. Biroq oradan bir yil o‘tib, legioner degan nomga erishdim va o‘sha hamkorimga ham rahmat aytaman. Bu narsa ham mening keyingi faoliyatim uchun yaxshi bo‘ladi. Chunki, horij jamoalarining ilgari ham boshqa chempionatda o‘ynagan futbolchiga qiziqishi yuqori bo‘ladi.

O‘zbekistonga qaytishimdan oldin, Tailanddagi bir nechta jamoalardan ham taklif bo‘ldi. Tailand birinchi divizionida 13(“Bangkok”) va 15-o‘rinlarda ketayotgan klublardan qiziqish bo‘ldi. “Chainat”ga nisbatan moliyaviy tomondan biroz past  taklif edi. Qolaversa, jamoalarning darajasi ham men istagandek emas. Oliy liga klublaridan taklif bo‘lgani bois, ularga rad javobini berdim.

- “Chainat Xornbill” qaysi shahar sharafini himoya qiladi?

- Shahrimiz kichkina edi. Provintsiya deyilar ekan. Bizda buni tuman deyishimiz mumkin. Bizning jamoamiz hususiy edi. O‘zi umuman Tailanddagi 90 foiz klub hususiy ekan va shu bois jamoalar moliyaviy tomondan barqaror. Jamoaning homiysi va egasi shakar zavodi sanaladi. Shahar kichkinagina, poytaxt Bangkokdan 170-180 km uzoqlikda edi va 1-2 kun dam olish bo‘lib qolsa, Bangkokka borib, madaniy xordiq chiqarib qaytar edik. Shaharda futboldan boshqa qiladigan ishimiz yo‘q edi.

- Tailanddan ketishingizga nima sabab bo‘ldi?

-  To‘g‘risini aytsam, u erda ham bizdagi singari rahbariyat yoki aytaylik murabbiy o‘zgarsa, ko‘p narsani o‘zgartirishar ekan. Administratsiyadan tortib, futbolchilargacha… Klub direktori o‘zgardi. Lekin, 10 ta o‘yinda ketma-ket g‘alaba qozongan bo‘lsakda, direktor almashgach, murabbiy ham almashdi. Keyin rahbariyat legionerlarni almashtirish kerak degan fikrga kelishdi. O‘zi u erda 5 ta legionerga ruxsat bor. “4+1” ya’ni 4 legioner maydonda, biri zahirada o‘tiradi. O‘yiningizga qarab, olib qolamiz deyishdi. “Chainat” men borgandan so‘ng, chempionatda 16 o‘yinda ishtirok etdi va men 13 ta bahsda maydonga tushib, bir bor qizil kartochka  oldim. Balki, shu ham ketishimga ta’sir etgandir. Klub mendan boshqa yana bir legioner bilan xayrlashdi. U erdagilar bilan do‘stona xayrlashdik. Murabbiylarning o‘zgarishi ketishimga sabab bo‘ldi.

- “Chainat”ni nemis murabbiyi boshqarar ekan. O‘sha nemis mutaxassisi va bizning murabbiylar orasida qanday farq bor? Ulardan biror narsa o‘rgandingizmi?

-  Birinchi navbatda mentalitetda farq bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Bizda o‘yin, mashg‘ulotlarga jiddiy qaraladi. U erda xazillar bilan, echinish xonalarida ham musiqalar qo‘yilib, yuqori kayfiyatda o‘tadi.

Murabbiylar haqida aytadigan bo‘lsam, mashg‘ulot jarayoni bir xil edi deyarli. Faqat bir ikki harakatlar va shu yuqorida aytganimdek, mentalitetda farq bor edi. Shuningdek, har bir insonni o‘zining xarakteri bo‘ladi. Shunga ham ko‘p narsa bog‘liqdir.

- “4+1” limit bor dedingiz. Adashmasam, jamoada urugvaylik futbolchi bor edi. Yana “Liverpul”da o‘ynagan Floran Sinama-Pongol bor edi...

-  Men tez chiqishib ketaman. Ota-onam meni ingliz tili kurslariga berishgan edi. Shu bois,jamoadagilar bilan ancha tez chiqishib ketdim. Ayniqsa, Sinama-Pongol bilan. U bilan juda yaqin bo‘lib ketdim. Xayrlashayotganimizda ham u men haqimda iliq fikrlarni aytib o‘tdi. Lekin  haqiqatdan yulduz ekan. Boshida mashg‘ulotlar paytida uning yulduzligi bilinmayotgan edi. Biroq rasmiy o‘yinlarda muxlislar uni qanday qabul qilishi, unga munosabati, o‘sha “Liverpul”dagi libosini kiyib, dastxat so‘rashar edi. Ko‘proq, o‘sha 5 ta legioner birga yurar edik. Men ingliz tilini u qadar yaxshi bilmayman desam, koreyalik futbolchi bor edi. U umuman bilmas ekan inglizchani (kuladi).

-  Nechta tilni bilasiz?

- 3 ta. O‘zbek, rus va ingliz tilini bilaman. Tay tilida faqat bir nechta so‘zlarni bilaman xolos.

- Legionerlar mahalliy futbolchilardan bir bosh ustun bo‘lishi kerak. U erdagi legionerlarning darajasi qanday edi? Ularning kuchliligi, yoki aytaylik yulduzligi maydonda ham bilinar edimi?

- To‘g‘risi, bilinar edi. Chunki, 3-4 ta bahsda qiynalib qolgan vaziyatlar bo‘ldi. Men himoyachiman va biz qiynalib qolgan vaqtda yo‘q joydan gol urib ketadigan, golni sezish qobiliyati bor hujumchi kerak. Ya’ni yutkazayotgan yoki o‘sha durang bo‘layotgan vaqtlarda Pongol o‘zini ko‘rsatar edi. Bosh bilan, akrobatik tarzda ham gollar urib, jamoamizni qutqarib qolgan vaziyatar ko‘p bo‘ldi. Birgina u emas. Urugvaylik hujumchi ham bor edi. U ham juda yaxshi o‘yin namoyish etar edi. Qo‘pol qilib aytganda, umuman charchamas edi...

2013 yil “Neftchi” bilan Dubayga yig‘inga borgandik. O‘shanda Pongol “Rostov”da o‘ynar va o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushgan edi. Shu narsa esida ekan. Bir tomondan shu ham yaqin bo‘lishimizga sabab bo‘ldi. Yana u “Rostov”da yurgan paytlari rus ayoliga uylangan ekan. 

- Tailandning oliy divizioni va bizning chempionat orasida qanday farq bor?

- Umumiy qilib ayta olmayman. U erda ko‘proq legionerlar o‘yin masalasini hal etishadi. O‘ziga to‘q jamoalar 3-4 nafar braziliyalik futbolchilarni tarkibga qo‘shib olishadi va aynan ular keyinchalik klubga muvaffaqiyat keltiradi. U erda ham qaysi jamoada pul bo‘lsa, o‘sha klub chempionlikka intiladi.

- “Chainat”ning uy o‘yiniga kirish uchun chiptaning o‘rtacha narxi qancha edi?

- 150 bat edi. Bu o‘rtacha 3 AQSh dollari degani. Shuningdek, stadionda o‘rindiqlarsiz, tik turgan holatda o‘yinni ko‘rish uchun mo‘ljallangan joylar ham bor . Ularga chipta 70 bat turar edi. Tailandda futbol, xuddi san’atning bir turidir. Stadionga madaniy xordiq chiqarish uchun oilaviy tashrif buyurishadi va muxlislik madaniyati yuqori darajada shakllangan.

U erda har bir klubni o‘zini madhiyasi bor. Bizda o‘yin tugaganidan so‘ng, hakamga rahmat aytib, chiqib ketiladi. U erda ikki raqib jamoa bir-birining zahira o‘rindig‘iga borib, rahmat aytadi. So‘ng, raqib jamoa muxlislari oldiga borib rahmat aytiladi va ular masalan “Chainat” deb baqirishadi. Shundan keyin o‘z muxlislarimiz qarshisiga borganimizda, ular klub madhiyasini aytishadi.

- Jurnalistlar va media uchun qanday sharoitlar mavjud edi u erda?

-   Tailandda hozirda ligalar T1, T2, T3 deb nomlanadi. Ya’ni o‘z-o‘zidan tushunarli bo‘lsa kerak T1 – oliy divizion, T2 esa biz o‘ynaydigan – birinchi divizion. Ularda xattoki uchinchi diviziondagi o‘yinlarni ham ko‘rsatishadi. “Chainat Xornbill” o‘ynaydigan birinchi ligada esa 18 ta jamoa bor va har turda 9 ta o‘yin bo‘lib o‘tsa, hamma o‘yinni televideniyada olib berishar edi. 7 tasi jonli efirda bo‘lsa, ikkisi yozib olingan xolda uzatiladi. Ularning aksariyati internet kanallari. Kuni kecha eshitdim, bizning oliy liga o‘yinlari ham ikkinchi davradan internet orqali jonli efirga uzatilar ekan.

U erda jurnalistika va mediaga yaratilgan sharoitlarga xavas qilsa arziydi. Fotoapparat deysizmi, videokamera va boshqa kerakli jihozlar mavjud. Xattoki birinchi liga jamoalarida dronlar  ham bor. O‘yindan oldin mashg‘ulotlarimizni tasvirga  olishar edi.

Birinchi navbatda, u erda marketing yaxshi rivojlangan. Shartnoma imzolayotganimda ham, futbolchini klub homiysidan reklama yoki media xizmati bo‘yicha taklif qilsa, borishi shart degan bandi bor. Agarda bormasa, ma’lum miqdorda jarimaga tortiladi. Mening o‘zim jamoaning homiylaridan biri bo‘lgan “Air Asia” aviakompaniyasining reklamasida ishtirok etdim.

Afsuski, bizning jamoalarda marketing juda oqsagan. Balki yo‘q ham desa bo‘ladi.  Lekin sizlarning soxangizda u erda yaratilgan sharoitlar juda ham ajoyib.

- Tailandda asosan yakkakurashlar rivojlangani va mahalliy aholi asosan muaytayga qiziqishini bilamiz. Futbol Tailandda nechanchi raqamli sport turi sanaladi?

-  Menimcha, kuchli uchlikka kiradi. Birinchi raqamli sport turi muaytay, keyin futbol. Yana ularda xo‘roz jangini ham televideniyada jonli efirda olib berishadi. Bu bejiz emas albatta. Muaytay bilan futbolni menimcha teng darajada yaxshi ko‘rishadi.

- «So‘g‘diyona»ga sizni kim taklif etdi?

-  Davron aka Fayzievni taklifiga binoan “So‘g‘diyona”ga keldim. U kishini juda hurmat qilaman. Tailanddan kelganimni eshitib, qo‘ng‘iroq qildilar. Oliy ligamizda kuchli beshlikdagi klublardan ham taklif bo‘ldi. Biroq ayrim sabablarga ko‘ra, o‘xshamadi va Davron akaning takliflariga rozi bo‘ldim. “So‘g‘diyona” ham xozirda yomon holatda emas. Faqat ikkinchi davrani boshida kuchli jamoalar bilan ketma-ket o‘yinlarimiz bor. “Bunyodkor”, “Lokomotiv”, “Olmaliq” va “Nasaf”ga qarshi o‘yinlarda yaxshi natija qayd eta olsak,qolgani ham yaxshi ketadi, degan umiddaman. “So‘g‘diyona”ni o‘rtamiyona jamoa deyishadi-ku, lekin jamoa ichidagi muxit a’lo darajada ekan. Anchagina yosh jamoa tashkil etilgan va mashg‘ulotlar ham yuqori kayfiyatda o‘tmoqda. Xali hammasi yaxshi bo‘lib ketadi degan umiddaman.

- Keling o‘zingiz o‘ynagan o‘ynagan jamoalar haqida gaplashsak.

- Meni ko‘pchilik “Andijon” va “Netfchi”dagi o‘yinlarim orqali yaxshi biladi. Lekin “Olmaliq”da ham o‘ynaganman. Ko‘proq o‘rinbosarlar tarkibida o‘ynaganman. 2011 yil Igor Shkvirin endi asosiy tarkibga jalb  etgan payti, 2-turda elkamdan jarohat olganman. Balki, bu ham yaxshilikka bo‘lgandir. Jarohatimni davolatgunimcha, mavsum ham tugab qoldi. So‘ng, “Neftchi” ko‘rigida bo‘ldim va mavsum oldidan bo‘lib o‘tadigan Hokim kubogida o‘zimni yaxshi tomonlama ko‘rsata bildim shekilli, Yuriy Sarkisyan jamoada olib qolishga qaror qildi.

Keyinchalik “NBU-Osiyo”da o‘ynadim. O‘sha paytda bir qancha qiyinchiliklar bo‘ldi. Shunday fikrlar kelardiki, futbolni tark etgim kelar edi.

- Yoshlikdan sevib, mehr qo‘ygan kasbingizni tashlashga majbur qiladigan qanday qiyinchilik bo‘lishi mumkin?

-  Sharoitlar borasida qiyinchiliklar bo‘lar edi. Birinchi Ligada mehmondagi o‘yinlarda u erdagi stadionlar, sharoitlar... Xorazmga borsak, u erdagi “Markaziy” o‘yingoh ta’mirda edi shekilli, Xivaga yuborishgan. U erga borsak, maktab stadioni ekan. “Shu menga kerakmi o‘zi?” degan savolni ko‘p berar edim.

Keyin Edgar Gess “Andijon”ga taklif etdi. 1-turda Rahim Qodirov oyog‘ini sindirib olgan edi va o‘sha mavsumning qolgan 29 ta bahsida asosiy tarkibda maydonga tushdim.

 

- Bu yilgi  mavsumda Oliy ligada siz uchun syurprizlar bo‘ldimi?

- Syurprizlar ko‘p bo‘ldi. “Qo‘qon-1912” jamoasini aytib o‘tgan bo‘lar edim. Tarkib juda yaxshi futbolchilardan tashkil topgan. Lekin baribir, tilda rivojlanmoqdamiz deganimiz bilan, menimcha,  futbolimiz so‘nggi 3 yil ichida joyida turibdi. Bu klublarimizdagi infratuzilmaga ham bog‘liq. Bizning futbolchilarimiz 23 yoshdan so‘ng o‘sishdan to‘htab qolmoqda. Fikrimcha, muammo bolalar futbolida.

- Tailandda olgan maoshingiz va sharoitlarni bizning futbolda qanday taqqoslasa bo‘ladi?

- Oliy ligamizdagi jamoalarniki bilan deyarli bir xil.

- Yuqorida Tailanddagi boshqa klublardan ham takliflar bo‘ldi, dedingiz. “So‘g‘diyona” va o‘sha sizga taklif bilan chiqqan jamoalar orasida qanday farq bor edi?

-  Maosh masalasida biroz tailandliklarda ko‘proq edi. Biroq yuqorida aytganimdek, jamoaning darajasi yuqori emas edi va o‘yinchi sifatida o‘sishdan to‘htab qolar edim. Hozir ko‘pchilik muxlislar « Pul uchun o‘tib ketdi» deydi.   Ijtimoiy tarmoqlarda ham shu fikrlarni ko‘p o‘qib qolaman. Agarda, shu pulni o‘sha muxlisga berishsa, u ham o‘sha erga borib muxlislik qilar edi. Ishmi? Birinchi navbatda doimo “maoshi qancha deb?”, – deb so‘raladi. Bu tabiiy holatdir.

- Sizning pozitsiyangizda, Oliy ligada va termamizda eng kuchli futbolchilar sifatida kimlarni aytasiz?

-  Oliy ligada – Sherzod A’zamov, termada – Anzur Ismoilov.

- Javlon Guseynovning o‘zbek futbolchilaridan tashkil topgan ramziy terma jamoasini tuzib bersangiz.

Darvoza: Ignatiy Nesterov.

Himoyachilar: Vitaliy Denisov, Anzur Ismoilov, Egor Krimets, Shuxrat Muxammadiev

Yarim himoyachilar: Odil Axmedov, Aziz Haydarov, Sardor Rashidov, Eldor Shomurodov.

Hujumda: Temurxo‘ja Abduxoliqov va Marat Bikmaev.

- Bir qarashda Samvel Babayanning jamoasi bilan bir xil ko‘rinishga ega. Muxammadievni inobatga olmasa.

- Xa. Asos deyarli bir xil. Endi termani muhokama etadigan darajadagi futbolchi emasman. Biroq ishonamanki, yigitlarimiz albatta JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritishadi.

- Sizningcha, hozirgi yoshlar orasida Ahmedov, Denisov darajasiga etadiganlari bormi?

- Ikki yil oldin Akrom Komilov deb o‘ylardim. Biroq u nimadir bo‘lib, o‘sishdan to‘htab qoldi. Hozirda Eldor Shomurodov. “Rostov” uni bejizga o‘z safiga qo‘shib olmagani aniq. Qolganlarni bilmadim. Oliy liganing barcha o‘yinlari afsuski televideniyada yoritilmaydi va tanlash imkoniyati ham kam.

- Faoliyatingizda eng esda qolarli o‘yinni aytib bera olasizmi?

- “Chainat”da 1:0 hisobida mag‘lub bo‘la turib, 4:1 hisobida g‘alaba qozongan edik. Birinchi turda bo‘lgan edi bu voqea. Pongol ikkita golni akrobatik usulda kiritgan edi.

Yana “Chainat” safida uydagi o‘yinda 3:1 hisobida yutayotgan edik. 3:2, 3:3, 3:4 qilishdi va men bunga ruxiy tomondan chiday olmadim va borib, raqib hujumchisiga yaxshigina zarba berdim va qizil kartochka oldim. Bu ham eng esda qoladigan o‘yinlardan biridir.

- Siz bilan to‘p surgan va sizga qarshi o‘ynagan eng kuchli futbolchilarni aytib bera olasizmi?

- Xuddi shu savolni Pongolga berganimda, u Jerard va Serxio Aguero deb aytib o‘tgan edi. Oliy ligada Bikmaev va Sanjar Shoaxmedovlarga qarshi o‘ynash qiyin.

- Javlon Guseynov qaysi klubga muxlislik qiladi va qaysi futbolchining o‘yinlari yoqadi?

- “Real”ning muxlisiman. Futbolchilardan Serxio Ramosning o‘yinlari yoqadi.

- O‘yin paytida sizga nimalar yoqmaydi?

-  Birinchi navbatda, bir-ikki xato qilib qo‘ysam juda ham qiynalaman va o‘zimni kechirishim qiyin bo‘ladi. Balki, ruxiy tomonlama u qadar kuchli emasligim bunga sababdir. Ikkinchisi, hakamning bir jamoaga simpatiyasi asabimni buzadi ba’zida.

- Jahon futbolida so‘nggi vaqtlarda sizni nima hayron qoldirmoqda?

- Eng hayron qoldirayotgani futbolchilarning transfer narhlaridir. Bilmadim, shuncha pulni qaerdan olishmoqda. Shaxsiy fikrimcha, juda ham narxlar katta qo‘yilmoqda. Bu ham ajablantirmoqda. Hozir ham Neymarning 222 mln evroga PSJga o‘tishi borasida xabarlar tarqalmoqda. Masalan, shunday katta transferlarni amalga oshirgan Xitoy Super Ligasidagi 10 dan ortiq jamoalar hozirda o‘z futbolchilariga maoshlarni to‘lay olmayotgan ekan. Pogba 105 mln turadimi? Gari Lineker aytganidek, u Messi yoki Ronaldu emaski, shuncha pul tursa. Shu narsa biroz hayron qoldirmoqda.

- Sizga mazmunli suhbat uchun minnatdorchilik bildiramiz va sizga hamda “So‘g‘diyona”ga omad va zafarlar tilab qolamiz.

Bizning ma’lumot

Ismi-sharifi: Guseynov Javlon Eldor o‘g‘li

1991 yil 24 iyunda Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida tavallud topgan

O‘ynagan jamoalari:

2008-2012 – “Olmaliq”

2012-2013(birinchi davra) –  “Neftchi”

2013(ikkinchi davra)-2015 – “NBU-Osiyo”

2015-2017 – “Andijon”

2017(birinchi davra) –  “Chainat Hornbill”(Tailand)

2017(ikkinchi davradan) – “So‘g‘diyona”

Terma jamoa: 

2010 – O‘zbekiston U-19 terma jamoasi
 

Shahzod Xolboev suxbatlashdi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!