
Erkin G‘aybullaev blogi: Ingliz klublari uchun eng qulay va noqulay qur’a qanday bo‘lishi mumkin?
Ular orasida faqatgina «Manchester Siti» o‘z guruhini peshqadam sifatida tugatgan bo‘lsa, «Liverpul», «Tottenxem» va «Manchester Yunayted»lar so‘nggi turdagi dramatik o‘yinlari va g‘alabalari evaziga keyingi bosqichga chiqish yo‘llanmasini naqd qilishdi.
Nimchorak finalga qur’a tashlash marosimi dushanba kuni bo‘lib o‘tadi va ingliz klublari o‘z raqiblarini bilib olishadi.
Pep Gvardiola, Joze Mourino, Yurgen Klopp va Maurisio Pochettinolar nimchorak finalda raqib sifatida kimni ko‘rishni istaydi? Yoki ular kimga qarshi o‘ynashdan qochishadi? Quyida ehtimoliy variantlarni ko‘rib chiqamiz.
«Tottenhem»
Eng qulay raqib: «Real»
Pochettino shogirdlari EChLning o‘tgan mavsumida guruh bosqichida bo‘lajak chempion «Real Madrid»ni taslim qilishning uddasidan chiqa olgan edi. Bu mavsumda o‘z darajasini saqlab qololgan «taqachilar» Ispaniyadagi shirin xotiralarini qayta yodga olishi mumkin.
«Real»ning autsayder «TsSKA»ga qarshi ikkala o‘yinda mag‘lubiyatga uchraganini yodga olsak, amaldagi chempionlarning ichki muhiti u qadar yaxshi emas.
Eng noqulay raqib: «Pari Sen-Jermen»
Eng noqulay raqib sifatida «PSJ»ni aytish mumkin. Agarda «Tottenxem»ning yagona zaif nuqtasi bor bo‘lsa, u himoya chizig‘i hisoblanadi. Keran Trippe va Ben Devislar bu mavsumda o‘z o‘yinlarini topa olmayapti. Serj Ore va Denni Rouzlar jarohatlar sabab maydondan tashqarida ko‘p qolib ketishmoqda.
Rouz «Barselona»ga qarshi ajoyib o‘yin o‘tkazdi. Mussa Sissoko esa o‘ng qanot himoyachisi sifatida o‘ynashga majbur bo‘ldi. Umuman olganda, «taqachilar»da himoya chizig‘ida etarlicha muammolar bor va «PSJ» ular duch kelishni istamaydigan klub hisoblanadi.
Neymar va Kilian Mbappelarni og‘ir kunlarni boshidan kechirayotgan «Tottenxem» uchun balo bo‘lishadi. Ular Pochettino jamoasiga qarshi saf tortsa, ingliz klubi yana o‘tgan mavsumdagidek nimchorak finaldayoq musobaqa bilan xayrlashishi mumkin.
«Liverpul»
Eng qulay raqib: «Bavariya»
EChLning o‘tgan mavsumida «Liverpul» finalgacha ajoyib tarzda masofani bosib o‘tishdi. Finalgacha ular o‘z yo‘lidan chiqqan «Portu» va «Roma»ni er tishlatdi. «Manchester Siti»ning asosiy raqibiga aylandi. Ba’zi sabablarga ko‘ra, «Portu» ham qulay raqib hisoblanadi. Ammo yoshi o‘tib borayotgan «Bavariya»ga qarshi o‘yin qiziqarli bo‘ladi. Niko Kovach qo‘li ostida o‘z o‘yinini topa olmayotgan myunxenliklar Kloppning jamoasidan «tarsaki eyishi» mumkin.
Eng noqulay raqib: «Yuventus»
Agarda Klopp jamoasi nimchorak finalda «Yuventus»ga qarshi o‘ynaydigan bo‘lsa, italiyaliklarning qo‘li baland kelishi mumkin. Boisi «keksa sinora»ning himoya chizig‘i juda mustahkam. Boz ustiga, ular yozda Krishtianu Ronaldu timsolida gol-mashinasini sotib oldi.
Ammo «Liverpul» «Enfild»da har qanday raqibga qarshi hujumga asoslangan uslubi bilan o‘ynashga qodir. Ammo «Yuventus»ni engish oson bo‘lmaydi.
«Manchester Siti»
Eng qulay raqib: «Shalke 04»
«Shaharliklar» o‘z guruhi g‘olibiga aylangan yagona Premer Liga klubiga aylanishdi. Ular Premer Liga raqiblariga qaraganda ancha osonroq raqiblarga tushishi mumkin. Nimchorak finalda ular uchun eng qulay raqib «Shalke» bo‘lishi aniq.
Nemis klubi guruh bosqichida atigi olti gol urishga erishdi. Bundesliganing yangi mavsumida esa 14 o‘yinda 15 gol o‘tkazib yubordi. Gvardiola shogirdlari esa gilzenkirxenliklarga qarshi hech qanday muammolarga uchramasligi aniq.
Eng noqulay raqib: «Atletiko Madrid»
Gvardiola Diego Simeonega qarshi uch uchrashuvning ikkitasida g‘alaba qozonib bittasida mag‘lub bo‘lgan. Ammo o‘tmishga qaramay, «matroslar»da ingliz jamoasining «adabini berish» imkoniyati bor. «Atletiko» hujumkor jamoalarga qarshi o‘ynashning ancha hadisini olgan.
«Borussiya Dortmund»dan uchralgan yirik 4-0 hisobidagi mag‘lubiyatga qaramay Simeone shogirdlari qolgan besh o‘yinda atigi ikki gol o‘tkazib yuborgan. «Manchester Siti» dunyoning eng kuchli pobonlaridan biri Yan Oblak oldida harakat qiladigan himoyachilarni yorib kirishda qiynalishi turgan gap.
«Manchester Yunayted»
Eng qulay raqib: «Portu»
Turindagi ajoyib g‘alabaga qaramay, Mourino shogirdlari guruh bosiqichini etakchi sifatida tugatishning uddasidan chiqa olmadi. «Qizil iblislar»ning bosh murabbiyi EChL ni birinchi marta yutgan jamoasiga qarshi o‘ynashi eng yaxshi imkoniyat hisoblanadi.
Ammo «Portu» guruh bosqichida eng ko‘p ochko jamg‘argan (16) jamoaga aylandi. Biroq Maykl Ouen aynan «Portu»ni «Manchester Yunayted» osonlikcha yutishga qodir.
Eng noqulay raqib: «Barselona»
«Qizil iblislar» kataloniyaliklarga qarshi ikkita EChL finalini yutqazib qo‘ydi. Tarkib borasida aytadigan bo‘lsak, o‘shandan beri ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi. Ammo birgina shaxs hamon barqaror: Lionel Messi.
Argentinalik futbolchi «MYu» ustidan erishilgan g‘alabalarda gol urgan. «Uembli»da «Tottenxem»ni engishga yordam bergan Messi yana bir marta Angliyaga safar uyushtirishga qarshi emas. EChLda Premer Liga klublariga qarshi 30 o‘yinda 22 gol kiritgan Messi bu rekordini yanada yangilashda davom etishi mumkin.
Fikrlar