
Engil atletika federatsiyasi hisobot-saylov konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida mamlakat Engil atletika federatsiyasining hisobot-saylov konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferentsiyani Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov olib bordi.
Federatsiyaning o‘tgan to‘rt yillikdagi faoliyati haqida Bosh kotib Evgeniy Nujdin hisobot berdi. Rio-de-Janeyrodagi yozgi olimpiadaga engil atletikachilarimiz 18ta litsenziya qo‘lga kiritishgani, Osiyo o‘yinlari va qit’a chempionatlarida ko‘plab medallarga sazovor bo‘lishgani e’tirof etildi. Poytaxtimizda zamonaviy talablarga javob bera oladigan yangi baza qurilishi tez orada yakunlanib, yangi musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratilishi ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, reviziya komissiyasining hisoboti tinglandi. Federatsiyaning hisobot davridagi faoliyati qoniqarli baholandi.
Konferentsiyada mamlakat engil atletika federatsiyasining yangi rahbar tarkibi saylandi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘ulomjon Ibragimov Federatsiya raisi, Baxtiyor Ikramdjanov rais o‘rinbosari sifatida faoliyatini davom ettiradigan bo‘lishdi. “O‘zbekneftegaz” milliy xolding kompaniyasi boshqaruv raisining o‘rinbosari Olimxon Rustamov federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari etib saylandi. Bunga qadar O‘zbekiston paralimpiya assotsiatsiyasida faoliyat olib borgan Abdulla Sagdiev, mamlakat boks federatsiyasida bosh kotib sifatida o‘zini ko‘rsatgan Bexzod Mirtimirov endi engil atletika federatsiyasi rais o‘rinbosarlariga aylanishdi. Kamoliddin Ro‘zamuhammedov federatsiya bosh kotibi bo‘lib ishlaydi.
Anjumanda sport qirolichasini rivojlantirishga doir masalalar atroflicha muhokama qilindi.Konferentsiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari Adham Ikromov va G‘ulomjon Ibragimov ishtirok etishdi.
Fikrlar