
Denis Ivankov: Terma jamoadagi muhit doim shunday bo‘lishi kerak
Yangilangan O‘zbekiston milliy terma jamoasining murabbiylar shtabi orasidan birgina o‘zimizda ishlayotgan mutaxassislar orasidan Denis Ivankov joy olganini yaxshi bilasiz. “Nasaf”ning darvozabonlar bo‘yicha murabbiy hisoblangan Ivankov milliy terma jamoada ham o‘z ishini bajarmoqda. Ko‘pchilik esa u haqida juda iliq fikrlarni bildirishadi. Biz esa u bilan bir qator masalalarda suhbatlashdik.
- Denis Aleksandrovich, milliy terma jamoada paydo bo‘lishingiz qanday yuz berdi?
- Qanday paydo bo‘ldim? Meni taklif qilishdi. Aftidan, assotsiatsiyadagilar nomzodimni Ektor Kuperga tavsiya qilgan ko‘rinishadi. Men shunday o‘ylayapman.
- Ektor Kuperning murabbiylar shtabida birgina mahalliy mutaxassislar orasida siz borsiz xolos. U bilan ishlashdan olayotgan taassurotlaringiz qanday?
- Taassurotlar juda yoqimli. Kuper haqiqiy professional. U bilan ishlash kishiga qulayliklarni tug‘diradi.
- Ixtiyoringizda 4-5 nafar yaxshi saviyadagi darvozabonlar bor. Ular bilan ishlash sizga oson bo‘lsa kerak-a?
- Albatta, ish jarayonida darvozabonlarning birortasi bilan hech qanday muammo yuzaga kelmayapti. Ular o‘z ishining haqiqiy fidoyisidir. Darvozabonlarimiz vazifasiga juda mas’uliyat bilan yondashishadi. Qolaversa, bu yigitlarni anchadan beri bilaman. Ayrimlari bilan oldin ham ishlagaman, masalan Eldor Suyunov bilan Sanjar Quvvatov mening shogirdlarim hisoblanishadi. Shunday ekan, o‘zaro hamkorligimiz chog‘ida hech qanday muammo yuzaga kelmayapti. Yigitlarimizga tasanno, ular bilan ishlashdan huzur olyapman.
- Suriyaga qarshi o‘tkaziladigan uchrashuvga oz qoldi. Sizningcha, darvozabonlarning qaysi biri o‘yinga tayyor?
- Darvozabonlarimizning hammasi milliy terma jamoa sha’nini himoya qilishga tayyor! Lekin ulardan qaysi biriga ishonch bildirilishini uchrashuv oldidan bosh murabbiy hal etadi. U bilan shu masala yuzasidan hammasini kelishib olamiz.
- Bundan keyin ham “Nasaf”dagi ishingizni yana davom ettiraverasizmi? Yoki faqat terma jamoada ishlaysizmi?
- Klubga kerak bo‘lar ekanman, “Nasaf”dagi ishimni ham davom ettiraveraman. Agar klubda yoki terma jamoada ishlashim masalasi ko‘ndalang qo‘yiladigan bo‘lsa, bunday vaziyatda hammasini rahbariyat bilan hal qilishimizga to‘g‘ri keladi.
- Denis Aleksandrovich, terma jamoaga yangi bosh murabbiy tayinlandi. Jamoadagi muhit qanday? Siz va futbolchilar Kuper bilan birga ishlashga ko‘nikib qoldingizmi?
- Muhit yaxshi, yigitlarning hammasi katta ishtiyoq bilan mashq qilmoqdalar. Bevosita mening yangi bosh murabbiy bilan hamkorligimga kelsak, bir-birimizga ko‘nikma hosil qilish muammosiz kechmoqda. Ishonsangiz, hatto anchada beri tanishdek taassurot qolmoqda. Hammasi a’lo darajada. O‘ylaymanki, terma jamoadagi muhit doim shunday bo‘lishi kerak.
- Demak, hammasidan ko‘nglingiz to‘lyapti, shundaymi?
- Albatta! Qolaversa, har qanday murabbiy terma jamoada ishlashni orzu qilsa kerak. Mamlakat bosh jamoasida yuqori maqsadlarni ko‘zlamaydigan kishining o‘zi bo‘lmaydi!
- Dastlabki o‘rtoqlik o‘yini Suriyaga qarshi o‘tkaziladi. Nima deb o‘ylaysiz, bu jiddiy bahsmi yoki shunchaki oddiy bir uchrashuvmi?
- Albatta, har bir o‘yin rasmiy bo‘ladimi yoki nazorat uchrashuvimi, bunga jiddiy, mas’uliyatni to‘la his qilgan holda yondashish shart. Axir bunday bellashuvlarda biz terma jamoa sha’nini himoya qilamiz.
- Sizda shunday odat bor: Mashg‘ulotlaringizni videoga muhrlab ijtimoiy tarmoqlarga joylaysiz. Terma jamoada ham ushbu an’anangizni davom ettiryapsizmi?
- Terma jamoada operator har bir mashg‘ulotni suratga oladi. Ehtimol, keyinchalik bunga o‘zim ham alohida e’tibor qaratarman. Lekin hozircha ushbu masala yuzasidan bosh murabbiy bilan kelishib olganimcha yo‘q.
- Agar terma jamoada ham mashg‘ulotlaringizni videoga olishni boshlasangiz, bu Ektor Kuperga yoqarmikin?
- O‘ylaymanki, yoqadi.
- Ayting-chi, Kuper darvozabonlar bilan bog‘liq masalada siz bilan maslahatlashyaptimi?
- Bo‘lmasam-chi! Biz har kuni muloqot qilamiz. Bosh murabbiy qolgan futbolchilar qatori darvozabonlarning ham holati bilan qiziqadi.
- Unday bo‘lsa, bosh murabbiyning darvozabonlar haqida fikrlari qanday bo‘lmoqda?
- Mashg‘ulot chog‘ida hammasini muhokama qilyapmiz. Nazarimda, bosh murabbiyning darvozabonlar tomonidan ishga bo‘lgan munosabat to‘la qanoatlantirmoqda.
- Darvozabonlar ish usulingiz haqida doim juda iliq gaplarni aytishadi. Bunday usullarni o‘zingiz o‘ylab topasizmi?
- Ha, hammasini o‘zim tuzib chiqaman. O‘z navbatida bunday usullar yigitlarga yoqyapti.
- Ko‘pchilik sizni O‘zbekistondagi eng yaxshi darvozabonlar murabbiyi deb hisoblaydi. Siz uchun shunday mutaxassis kim?
- Menga ispaniyalik Xorxe Sambadaning ishi ko‘proq yoqadi. Ayni chog‘da u “Fulxem”da darvozabonlarning tayyorgarligi uchun mas’ul shaxs hisoblanadi. Savolingizning dastlabki qismiga kelsak, boshqalarning ishim haqida yaxshi fikrda ekanliklaridan xabardor bo‘lish men uchun juda yoqimli!
- O‘zimizda mehnat qilayotgan darvozabonlar murabbiylari orasida kimning ishi sizga ko‘proq yoqadi?
- O‘zbekistonda shunday mutaxassis sifatida Anvar Rashidovni ko‘rsatgan bo‘lardim. U o‘z sohasining haqiqiy ustasidir!
- Xorijda ishlayotgan hamkasblaringiz bilan aloqangiz bormi?
- Ha, xorijlik mutaxassislar bilan ham vaqti-vaqti bilan fikr almashib turaman. Asosan Polsha, Rossiya va Qozog‘istonda ishlayotganlar bilan.
- Agar sir bo‘lmasa, o‘sha mutaxassislar kimlar ekanligini aytib bera olasizmi?
- Polshada Sergey Shipovskiy, Qozog‘istonda Evgeniy Naboychenko bilan Valeriy Sitalo. Rossiyada esa Yuriy Pereskokov bilan Shedid Abdurahmonovni ko‘rsatishim mumkin. Ukrainada ham tanishlarim bor.
- Ukrainada ishlashingiz uchun takliflar bo‘lgani haqida eshitgandik, shu rostmi?
- 2007-2008 yillarda Ukrainada ishlaganman. O‘zbekistonga qaytib kelganimdan keyin esa Ukraina yoshlar terma jamoasida ishlash yuzasidan taklif olgandim.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar