
Belgiya, Frantsiya, Shotlandiyaga qarshi uchrashuvlarda futbolchilarimiz sarosimaga tushib qolishmaydimi?
Xabaringiz bor Otabek G‘ulomxo‘jaev boshchiligidagi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Ispaniyaning Malaga shahrida o‘tkaziladigan xalqaro musobaqaga jo‘nab ketdi. Vakillarimiz u erda uchta o‘yinda ishtirok etishadi. Dastlab 10 oktyabr kuni Frantsiya U-18, 13 oktyabrda esa Belgiya U-18 va 15 oktyabrda Shotlandiya U-18 terma jamoalari bilan kuch sinashadi.
Otabek G‘ulomxo‘jaev Evropaning kuchli termalariga qarshi o‘yinlarda natija muhim emasligi, birinchi navbatda ulardek kuchli raqiblarga qarshi o‘yinda ruhiy bosimni engish muhimligi haqidy aytib o‘tdi.
- O‘ynaganga yarasha Evropaning kuchli raqiblari bilan o‘ynaydigan bo‘ldik. Yigitlarimiz o‘z klublarida yoki Toshkentdagi yig‘inlarimizda zo‘r o‘ynashadi. Lekin xalqaro maydonda qanday to‘p surishadi? Belgiya, Frantsiya, Shotlandiyaga qarshi uchrashuvlarda futbolchilarimiz sarosimaga tushib qolishmaydimi? Buning uchun avvalo ularning ruhiyatini ko‘rib olamiz. Albatta, bu borada ular bilan ishlayapmiz. Eng muhimi, ruhiy holati joyida bo‘lishi kerak. Qolgan kamchiliklarni esa to‘g‘rilasa bo‘ladi. U erga borgandan keyin oyoqlari qaltirib tursa, u ming iqtidorli bo‘lmasin qiladigan ishini bajara olmay qoladi. Biz bu yigitlardan natijani so‘ramaymiz. Maqsad o‘z darvozamizdan gol o‘tkazmaslik yoki to‘pni o‘zimizda saqlab ko‘proq gol urish emas. Shunchaki, bizning o‘z o‘yin falsafamiz bor. Evropa termalariga qarshi uchrashuvlarda ham faqat o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishimiz kerak xolos. Balki o‘z darvozamizdan 2-3 ta gol o‘tkazib yuborarmiz. Biroq bundan fojea yasamaymiz.
Otabek G‘ulomxo‘jaev bilan uyushtirilgan suhbatning to‘liq matnini tez orada saytimiz orqali o‘yishingiz mumkin.
Fikrlar