Ayollar terma jamoamiz musobaqaga tayyormi?

  • 22 noyabr, 2018, 09:22
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor 23 noyabr – 1 dekabr kunlari Toshkentda “CAFA Womens Championship 2018” xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Ushbu turnirda Qirg‘iziston, Tojikiston, Eron va va Afg‘oniston bilan bir qatorda O‘zbekiston ayollar terma jamoasi ham ishtirok etadi. Aytish kerakki, mazkur musobaqaning barcha o‘yinlari “Milliy” stadionda o‘tkaziladi.

Tecno

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Bahrom Norsafarov esa bor e’tiborini mazkur turnirga qaratgan holda qizlarni jiddiy ravishda tayyorlab bormoqda. O‘z navbatida terma jamoamiz ustozi Sports.uz sayti uchun mazkur musobaqaga ko‘rilayotgan tayyorgarlik, raqiblar va maqsad haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- O‘zbekiston chempionatida qatnashib kelgan qizlarimizni yil davomida tekshirib, kuzatib ularni nazorat qilib kelayotgandim, - deya gap boshladi, terma jamoa bosh murabbiyi. - Hozirgi vaziyatda bizga faqat tayyor futbolchilar va tayyor tarkib kerak edi. Kimnidir saralab olish uchun bizda vaqt yo‘q. Buning ustiga hozir aytganimdek, ularning hammasi sinovdan o‘tgan futbolchilar hisoblanadi. Ayni paytda chempionatimizning yakunlanib borayotgani uchun hozirda barcha qizlarimizning jismoniy holati joyida. Shu sababdan mashg‘ulotlarda ular bilan texnik va taktik tomonlama ko‘proq ishlayapmiz. “Metallurg” bilan “Sevinch” jamoasining futbolchilari termamizning asosiy negizi hisoblanishadi. Masalan, “Metallurg”dan 5 ta, “Sevinch”dan esa 10 nafar qizlarni jalb etganmiz. Yana takrorlayman: barcha qizlarimiz tayyor va tekshiruvdan o‘tgan, kutilmaganda chaqirilgan futbolchilar yo‘q. Hozirda terma jamoamizning o‘rtacha yoshi 19 ni tashkil qilyapti. Hammasi ikki yildan keyin Olimpiada musobaqasi uchun mos qizlar hisoblanishadi. E’tibor bersangiz, tarkibdan uch nafari 1993 va 1994 yillarda tug‘ilgan futbolchilardir. Qolganlari 1997, 1999 va 2000 yillarda tug‘ilishgan.

- Guruhimizda Eron, Afg‘oniston, Tojikiston va Qirg‘iziston terma jamoalari bor. Raqiblarni o‘rganish qanday davom etmoqda va biz uchun guruhda asosiy raqobatchi deb kimni ko‘rsata olasiz?

- Biz uchun faqat Afg‘oniston sirli jamoa bo‘lib turibdi. Bizda ularning tarkibi bor, ammo chempionatga qanday tayyorgarlik ko‘rishganini bilmaymiz. Chunki ular haqida bizda ma’lumot yo‘q. Eron, Qirg‘iziston va Tojikiston terma jamoalarini esa yaxshi bilaman. Bosh murabbiy sifatida U-16 va U-19 terma jamoalari misolida ular bilan to‘qnash kelganmiz. Hozirda ushbu terma jamoalarning negizini o‘sha paytdagi qizlar tashkil qilyapti. Masalan, bizda ham shunaqa. Shu bois ushbu raqiblarimizning o‘yin taktikalarini bilamiz. Guruhda esa favorit jamoa sifatida Eronni ko‘ratishim mumkin. Ya’ni, ular biz uchun asosiy raqobatchiga aylanadi deb o‘ylayman. Jamoamizda 4-5 nafar universal futbolchilarimiz bor. Shu bois istalgan uchrashuvda o‘yin taktikamizni o‘zgartirib yuborishimiz mumkin.

- Ayting-chi, rahbariyat tomonidan SAFA Kubogida jamoa oldiga aniq maqsad qo‘yildimi yoki asosan qizlarimizning amaliyoti uchun qatnashasizlarmi?

- Vazifa qo‘yilgan. Chunki kelasi yilning aprel oyida Osiyo chempionatiga saralash bahslari o‘tkaziladi. Ungacha esa yanvar, fevral va mart oylari qoladi. Dekabrda esa baribir qizlarga dam berish kerak bo‘ladi. CAFA musobaqasida qatnashishdan maqsad olimpiya terma jamoasiga nomzod qizlarni yana bir bor tekshirib olish hisoblanadi. Bu xalqaro musobaqa bo‘lgani bois biz uchun ayni muddao. Shuningdek, ro‘yxatimizda chaqirilmagan yana 15-20 nafar futbolchilarimiz ham bor. Biz ushbu musobaqa orqali tarkibni yanada aniqlashtirib olamiz. Agarda qaysidir o‘yinchimiz talablarni to‘liq bajara olmasa, u holda yanvarda yana boshqa qizlarni ham sinab ko‘rishimiz kerak bo‘ladi. Bu xalqaro musobaqa va reytingga ta’sir o‘tkazuvchi turnir hisoblanadi. Shunday ekan, albatta unda muvaffaqiyat qozonishimiz talab etiladi. CAFA musobaqasidan keyin yana bir bor to‘liq holatda o‘yinlarimizni tahlil qilib chiqamiz.

- Umuman olganda, hozirgi tanlab olingan tarkib siz murabbiylarning ko‘rsatmalarini bajarishga to‘liq tayyormi? Yoki qandaydir muammolar bormi?

- Birinchi navbatda men bu qizlarni anchadan beri bilaman. O‘z vaqtida turli yoshdagi terma jamoalarda o‘ynatganman. Shu bois bu futbolchilar men uchun yangilik emas. O‘z navbatida ular ham meni qanday taktika qo‘llashimni va nimalarga e’tibor berishimni bilishadi. Faqat bitta muammo bo‘lishi mumkin. Masalan, qizlarimiz turli jamoalarda har hil taktikalarda o‘ynashgan. Aytaylik, “Bunyodkor” 4-4-3, “Metallurg” esa 4-1-4-1 ko‘rinishida o‘ynashgan. Yil davomida shunday taktikalarda to‘p surgan futbolchilarda esa refleks hosil bo‘ladi. Terma jamoada esa taktika misol uchun 4-4-2 bo‘lsa, ularni ushbu taktikaga moslashtirish lozim bo‘ladi. Lekin ish jarayonidan kelib chiqib shuni aytishim mumkinki, qizlarimiz optimal holatga kelishdi. Muhimi, ularning mashg‘ulotlardagi ishlaridan qoniqyapman. Muhimi, futbolchilarimizda jiddiy jarohatlar yo‘q. Biz albatta vazifani bajarishimiz kerak.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!