
Anvar Boynazarov: Chempion bo‘lish yo‘lida menga hech narsa to‘siq bo‘la olmaydi (1-qism)
Sport olamida yakkakurashlar alohida o‘rin egallaydi. Karate, taekvando, kurash, kikboksing, muay tay sport turlarida bo‘ladigan janglar ko‘pchilikni befarq qoldirmaydi. Bugungi kunda muay tay bo‘yicha tajribali sportchimiz Anvar Boynazarov jahon arenalarini birin-ketin zabt etib kelmoqda. U o‘ziga xos jang usuli va natijalari bilan muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozonib ulgurdi.
SPORTS.uz internet portali co‘nggi vaqtlarda professional ringlarda faoliyat yuritib, yuqori marralarni zabt etib kelayotgan sportchilar bilan suhbatlarni davom ettiradi. Bu galgi mehmonimiz muay tay tarixida 5 yil ichida 100dan ortiq professional jang o‘tkazib, jahon rekordini o‘rnatgan Anvar Boynazarov bo‘ldi.
Ma’lumot: Anvar Boynazarov 1989 yili Samarqand viloyati Jomboy tumanida tug‘ilgan. 12 yoshidan beri sportning taekvando turi bilan shug‘ullana boshlagan. Keyinchalik muay tay bo‘yicha havaskorlar mashg‘ulotlariga ishtirok etdi. 2008 yili Tailandda o‘tgan havaskorlar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. 2011 yili Pxuket shahrida WMF yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi. 2013 yili ikkinchi marta ushbu shohsupaga ko‘tarildi. Bundan tashqari muay tay tarixida chempion bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik. Shuningdek, “Grand Prix”, “EM Legend” musobaqalari g‘olib va sovrindori...
– Avvalambor, suhbatni sportga kirib kelishiningiz bilan boshlasak...
– Sportga kirib kelgan vaqtimda yoshim 12da edi. Mahallamizda bitta sport maktabi bo‘lardi. Garchi bu erga ko‘pchilik bolalar qatnab tursada, etarli sharoitga ega emasdi. Ammo ularni bundan emas, o‘zlarida bo‘lgan ishonch, xohish sababli qatnashni to‘xtatmasdi. Shular qatorida men ham bor edim va taekvando bilan shug‘ullanardim. Keyinchalik tushunib etdikki, yuqoridagi sabablarning barchasi arzimas bahonalar bo‘lib chiqdi. Sportda, umuman nafaqat ushbu sohada, balki boshqa sohalarda ham yuqori marralarni, orzularni amalga oshirish uchun turli bahonalar to‘sqinlik qila olmas ekan.
– Taekvando bilan boshlagan ekansiz, qanday qilib muay tay sport turiga o‘tib qoldingiz?
– O‘sha vaqtlarda muay tay sport turi borligini hatto bilmas ham edim. U qanaqa sport turi? Boshqalardan nimasi bilan farq qiladi? Bu haqda etarli tushuncha ham bo‘lmagan. Ammo menda chempion bo‘lish, eng kuchli bo‘lish orzusi juda kuchli edi. Men muay tayni xuddi karate singari tasavvur qilganman. Sportdan ko‘proq karate va boksni bilardim. Yoshligimdan afsonaviy Mayk Tayson janglarini zo‘r qiziqish bilar tomosha qilardim. Shundan so‘ng qalbimda Taysondek chempion bo‘lish orzusi kuchaya bordi.
– Biroq birdan bunga o‘tib bo‘lmasdi. Yuqorida aytganimdek, bahonalar miyamni qotira boshlardi: “Oddiy bir qishloqda yashasang, senga chempionlikka yo‘l bo‘lsin. Sen o‘zingni ular bilan tenglashtirma. Sharoitni qara. Senda nima bor?”. Bosh qotib yurgan kezlari televizor orqali K1 musobaqasidagi janglarni ko‘rib qoldim (K1 – butun dunyo bo‘yicha tik turib urusha oladigan eng kuchli sportchilar o‘rtasidagi professional sport musobaqasi.– SPORTS.uz). Shundan keyin ushbu sport turi bo‘yicha disklarni izlab topdim va ma’lumot yig‘dim. Bu ichimdagi orzuni (chempion bo‘lish) yanada qo‘zg‘ab yubordi. O‘shanda tailandlik bir sportchining xatti-harakatlari meni juda qiziqtirib qo‘ydi. Hali hamon u yodimda. Uning harakatlari boshqa sport turlarinikiga o‘xshamas, betakror bo‘lib, meni o‘ziga bog‘lab qo‘ydi. So‘rab bilsam bu muay tay ekan. Keyin kursdoshlar bilan muay tay zaliga bordik. Hammasi shundan boshlandi...
- K1 musobaqasi haqida gapirib o‘tdingiz. Shu haqda ma’lumot bersangiz...
– K1 bu tik turib urasha oladigan eng kuchli sportchilar turniri. 3 daqiqadan 3 raund bo‘ladi. Men Tailandda shug‘ullanib yurganimda murabbiylarimga bunda ishtirok etishni xohlashimni aytardim. Ular esa ustimdan kulishardi. Dastlab bu Yaponiyada paydo bo‘lgan. Sekin-asta ommalashib bordi. Hozirda uning o‘rniga “Gloriya” tashkil qilingan. Bu musobaqa katta shou tarzida o‘tkaziladi. Bundan tashqari UFC ham ko‘pchilikka tanish. Farqi “Gloriya”da faqat tik turib urushadi, UFCda kurash tushib, erga yotgan holda ham bellashish mumkin.
– Siz anchadan beri Tailandda shug‘ullanib, muay tay shug‘ullanib kelasiz? Qanday qilib u erga borib qoldingiz?
– Litseydagi kursdoshlarim bilan borganda muay tayni kikboksing deb o‘ylagandik. Keyin murabbiylardan so‘radik. Oldiniga bizning bu savolimizdan hayron bo‘lishdi, so‘ngra bu havaskorlar uchunligini aytishdi. Agar haqiqiy muay tay ustasi bo‘lmoqchi bo‘lsang, sen Tailandga borishing kerak deya maslahat berishdi. Ular o‘shanda chindanmi yoki yolg‘ondan shunday dedimi, buni bilmayman. Bu sport turining haqiqiy vatani o‘sha er. Disklarda, televizorda ko‘rgan qahramonlarni ham o‘sha erda uchratishimni aytishdi.
– Bu orada litseyni tugatib, Samarqand davlat chet tillari institutiga o‘qishga kirdim va ingliz tilini o‘rgana boshladim. Har bir sohada yoshligimdan faol bo‘lishga harakat qilib, uni oxirigacha etkazish uchun bor kuchim bilan tirishaman. 2008 yili O‘zbekiston terma jamoasi bilan Tailandga musobaqada bordik. O‘sha jahon chempionatida havaskorlar o‘rtasida chempioni bo‘ldim. Bu safar keyinchalik hayotimni o‘zgartirib yuborishini bilmagan edim. U erda muay tay bo‘yicha professional mashg‘ulotlarni ko‘rib, qiziqishim yanada ortdi. Shunda men orzu qilib kelgan narsalar shu ekanini tushunib etdim. Qaytib kelganimizdan so‘ng ham bu narsalar hayolimdan hech ketmay qoldi. Yana Tailandga qaytib borib, professional sportchi bo‘lish orzusi menga tinchlik bermasdi. So‘ngra uni amalga oshirish rejasini tuza boshladim. Yaqinlarimdan, ustozlarimdan maslahat so‘radim. Ular bilganicha yordam berishdi.
– 2010 yili katta tavakkal qilib, bir o‘zim yana muay tay vataniga keldim. Ammo bu erga kelganimdan keyin til bilmasligim va qaerga borishni aniq belgilab olmaganimni tushunib qoldim. Esimda qolgani, 2008 yili birinchi marta musobaqaga kelgan joyim. Bu joyni Lumpine der edi. Taksi ushlab, o‘sha erga bordim. U erdagi kishilardan zalni ko‘rsatishni so‘radim. Yo‘limda uchragan birinchi zalga kirib, ularga maqsadimni bir amallab tushuntirdim va mashg‘ulotlarga qatnay boshladim. Bir qarashda oson boshlangandek, ammo...
– Oilangizdagilar bunga qanday munosabat bildirishgan. Ular qarshilik qilishmaganmi?
– Albatta, kattagina qarshilikka duch kelganman. Sababi begona yurt, umuman o‘zgacha urf-odatlar, yana yakka o‘zim. Bundan tashqari men bu erga kelib, professional sportda musaffaqiyatga erishgan birinchi o‘zbekman. Mendan oldin ham kelib ketganlar bo‘lishi mumkin, biroq yuqori natija bo‘lmagan. Xullas, hamma bunga ishonmagan edi. Faqat kuchli xohish- istagim sababli ota-onam bir ko‘rib kela qolsin, deb rozi bo‘lishgan. Ular bir aylanib qaytib kelishadi deb o‘ylashgandi. Oradan 3 oy o‘tib qaytib keldim. O‘qishni davom ettira boshladim. Ikkinchi marta borib kelgandan so‘ng men umuman boshqacha odamga aylandim-qoldim. Katta maqsad yo‘lida ko‘p narsani “qurbon” qilishga to‘g‘ri kelishini tushunib etdim va o‘qishni, bu erdagi ishlarning barchasidan voz kechib, Tailandga uchib ketdim. Shundan beri o‘sha erda yashayman.
– Tailandga borganda sizni qanday qabul qilishdi? Albatta, qiyinchiliklar yoki og‘ir sinovlar bo‘lgan bo‘lsa kerak. Sababi umuman o‘zgacha hayot tarzi, boshqa muhit, odamlar...
– Albatta, yangi davlat bo‘lgandan keyin qiyinchiliklar ham shunga yarasha bo‘lgan. Tailand aslida ko‘proq sayyohlar tashrif buyuradi. Shuning uchun yashash qimmat. Boshida uyga pul topsam, ovqatga yo‘q. Bularga topsam, viza muammosi... Xullas bittasini yopsangiz ikkinchisi paydo bo‘laverardi. Pul topa olmay, ko‘chalarda yashadim, zallarda qolishga majbur bo‘ldim. Yaqinlarimdan yordam so‘radim, ular qo‘lidan kelgancha qarashdi. Biroz o‘tib, shuncha yurganing etar deya bu ishlarni yig‘ishtirib, qaytishni maslahat berdi. Qaytish uchun chipta olib, aeroportga keldim. Samolyot uchishiga 2 soatlar qolganda fikrim o‘zgarib, chempion bo‘lish orzusini amalga oshirish uchun qolishga qaror qildim.
– Juda ko‘plab zallarga bordim. Tailandliklar chet elliklarni tezda va osonlikcha qabul qilavermaydi. Bir gal stadionlardan biri bunga rozi bo‘lishdi. Mashq juda og‘ir edi. shug‘ullangandan so‘ng butun tanam zirqirab og‘rirdi. Ular keyingi kuni kelmaydi deb o‘ylashgan edi. Ammo ertasiga yana bordim. Ammo bir haftagacha yaxshi muomala qilishmadi, hattoki ismimni ham so‘rashmagan. Chempion bo‘lishim kerakligini aytganimda ular ham kulishib, ishonmay qaragan. Keyin mendagi tirishqoqlikni ko‘rib, qaytmasligimni bilib o‘z saflariga qo‘shishga qaror qilishdi.
– Professional sportda birinchi chempionligingiz qanday bo‘lgan?
– Yuqorida aytganimdek, Tailandda har bir stadionning chempioni bo‘lish juda katta natija hisoblanadi. Agar u chet ellik sportchi bo‘lsa, muay tay tarixi uchun bu undanda katta ish, sharafdir. Pxuket shahrida “Bangla” stadionida ilk marta professional janglarda 2011 yili g‘olib chiqqanman. WMF yo‘nalishi bo‘yicha o‘sha yili jahon chempionligini qo‘lga kiritdim. 2013 yil esa ikkinchi marta Bangkokda g‘olib chiqdim.
– Muay tayda yoshning ahamiyati qanday?
– Mening sportga kirib kelishim juda kech hisoblanadi. Ilk marta bu sportga (professional) qadam qo‘yganimda 20 yoshlarda edim. MMA, UFC, boksni oladigan bo‘lsak, 30 yoshlar ular uchun eng yuqori cho‘qqi hisoblanadi. Bu vaqtda ular har tomonlama tajriba to‘plab, o‘z ishining mutaxassislari bo‘lib etishadi. Muay tay janglarida ham a’zolar ishga solinadi. Shuning uchun boshqa sportlarga qaraganda juda kuch talab qiladi. Bunga esa yoshlikdan ko‘niktirib borish eng ma’qul yo‘l deb o‘ylayman. Oldinlari Tailandda mezbon sportchini yutish katta sharaf edi va birdan tanilar edi. Chunki shu vaqtga ularni hech kim o‘sha erda yuta olmas edi. Keyinchalik dunyo yoshlikdan sport bilan shug‘ullanish foydasini sezishdi. Birinchilar qatorida avstraliyaliklar, frantsuzlar edi.
– Qachongacha ushbu sport bilan shug‘ullanmoqchisiz?
– To‘g‘risi, hali oldinda rejalarim ko‘p. Ularni amalga oshirish yo‘lida harakat qilyapman. Bunga endi to‘liq moslashdim. Menimcha 36-38 yoshlargacha ringga chiqishni rejalashtiryapman. So‘nggi u yilda janglarni kamaytirib boraman. Yiliga bitta-ikkita...
– Oradan shuncha vaqt o‘tdi. Maqsadlaringizni amalga oshirmoqdasiz. Endi aytingchi, chempion bo‘lish uchun nimalar muhim deb o‘ylaysiz?
- Shuncha vaqt jahonning ko‘p davlatlarida bo‘ldim. Tailanddan tashqari Malayziya, Xitoy, Singapur, AQSh singari taraqqiy etgan davlatlarda yashadim, shug‘ullandim. Lekin bir joyda o‘zimizga o‘xshash xalqni ko‘rmadim. Shuni tushunib etdimki, o‘zbek xalqi kuchli xalq. Bu erda tarbiya, odob, oriyat, boshqalar hurmat juda yuqori. Mana shular men uchun eng ahamiyatli narsalar. Shu narsasi bor insonlardan yuqori marralarni kutsa bo‘ladi. Qolgan xalqlarda bu narsalarga katta e’tibor berishmaydi. Ular faqat o‘zini o‘ylaydi. Bizda esa ota-ona, qarindoshlar, yaqinlar, do‘st-birodarlarga qo‘ldan kelgancha, yordam beriladi va shunga harakat qilinadi. Xullas, hech kim e’tibordan chetda qolmaydi.
– Tasavvur qiling, er yuzida 7 mlrd odam bo‘lsa, shulardan 1 mlrd nafari sport bilan shug‘ullansin. Shularning har biri chempion bo‘lishni istaydi. Ammo bir kishi g‘olib chiqadi. Kim o‘sha? Bunga tayyor bo‘lgan inson. U shart-sharoitlarni bahona qilmaydi, o‘zini shunga ruhan va jismonan tayyorlab keladi. Bunga ishonadi va tinmay mehnat qiladi.
– Chempion bo‘lish uchun shart-sharoit yo‘q, deyish bu bahona xolos. Ularni bizga chetdan kelib yaratib bermaydi. Biz o‘zimiz qilishimiz zarur. O‘ylab ko‘ringda, qor ko‘p yog‘sa, yo‘lni birinchi ochish qiyin bo‘ladi. Bizga ana shu yo‘lni ochadigan fidoiy yoshlar kerak.
- Buning uchun nimalar qilish kerak deb o‘ylaysiz? Tailandda sharoitlar haqida to‘xtalsangiz...
- Bizlarning eng ishonchimiz yoshlardan. Avvalambor ularga professionallikni o‘rgatish zarur. Tailandda yoshlar 5-6 yoshga to‘lganda oldida ikkita yo‘l turadi: yo o‘qish, yo sportni tanlash. Bu narsa ularning qon-qoniga singib ketgan. O‘qishni tanlagan bola faqat shu yo‘nalish bo‘yicha ketadi. Muay tayni tanlaganlarning manzili uy va sport zali bo‘ladi. Qachonki ular yillar davomida tinimsiz shug‘ullanib borsa, 18-20 yoshida chempion bo‘ladi. Sababi ularda raqobat juda yuqori. Bugun bittasi chempion bo‘lsa, ertaga ham bo‘ladi deb hech kim ayta olmaydi.
– Noqulay raqiblar bilan ringga chiqqanmisiz?
– Bu sportni g‘alaba bilan boshlamaganman. Bir o‘zim, ortimda qo‘llab-quvvatlaydiganlar bo‘lmagani uchun ko‘p “sindirishardi”. Endi kirib kelgan vaqtlarimda ataylab kuchli va tajribali sportchilarga ro‘baro‘ qilishardi. Ular uchun bu biznes edi. Keyin boshqalarning hayoti ularni qiziqtirmaydi. Boshlanishiga o‘sha raqiblar men uchun juda noqulay bo‘lgan.
Ilk chet ellik chempion yaponiyalik Nakamura bilan uchrashuv...
Bu sportchi muay tay tarixida ilk xorijlik chempion hisoblanadi. Uning jang videolarini diqqat bilan o‘rganib borardim. Yangi zalga o‘tganimdan keyin “Lumpini”da jang qila boshladim. Qoidaga ko‘ra, bu erda bir haftada uch marta jang bo‘ladi. Shanba kuni oddiy janglar bo‘ladi. Shunda uchta-to‘rtta nokaut qilib, seshanba kungi to‘qnashuvlarga chiqdim. Ularda ham zafar quchib, juma kuni bo‘ladigan eng katta janglarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritganman. Ikki yilcha vaqt o‘tgandan so‘ng murabbiylarim Nakamura bilan urushishimni aytishgandi. Oldiniga e’tibor bermadim. Keyin bu rost bo‘lib chiqdi. Birinchi jangda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsam, keyingisida undan revansh oldim.
Davomi bor...
Fikrlar