
"Andijon" yangi mavsumga tayyorgarlikni 15 dekabrdan boshlaydi
Xabaringiz bor, kuni-kecha mamlakatimizda Pro-liga o‘yinlari o‘z yakuniga etdi. "A" guruhida 1-o‘rinni egallab, Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan «Andijon» jamoasi mavsum yakuniga etgach, ta’tilga chiqdi.
Klub matbuot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra «Mash’al»ga qarshi kechgan bahsdan so‘ng murabbiylar shtabi futbolchilarga dam bergan. Rejaga ko‘ra endi «Andijon» jamoasi a’zolari 15 dekabr kuni o‘z qarorgohida yig‘iladi va yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlaydi.
Dekabr oyining so‘nggi kuniga qadar davom ettiriladigan o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida asosan jamoa bilan shartnomasi mavjud bo‘lgan futbolchilar ishtirok etadi. Yanvar oyidan esa tarkibga yangi nomlar kelib qo‘shilishi kutilmoqda. Hozirda har bir chiziqni kuchaytirish maqsadida rahbariyat va murabbiylar shtabi ish olib bormoqda.
Shuningdek 2019 yilgi mavsumda Superligada ishtirok eta boshlaydigan «burgutlar» boshqa jihatlar bo‘yicha ham taraddud ko‘rmoqda. Jumladan «Sog‘lom avlod» stadionida qilinishi kerak bo‘lgan zarur ishlar yuzasidan ham jiddiy ishga kirishilgan.
Xususan maydonning sifatini talab darajasiga chiqarish, yoritkichlarni 1200 lyuks xolatiga olib chiqish hamda hisobni aks ettiruvchi elektron tablo bo‘yicha ham ish olib borilmoqda.
Fikrlar