2019-2020 yilning eng daxshatli hujum uchliklari

  • 30 sentabr, 2019, 15:36
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

   Futbol muxlislari himoyachilar hujumchilardan ko‘ra ko‘proq ko‘ringan, golli vaziyatlar kam yaratiladigan o‘yinlarni uncha xush ko‘rishmaydi. Ularga hujumchilar 90 daqiqa davomida tinmasdan hujum qilishi, intrigali vaziyatlar ko‘p bo‘lishi, ikkala raqib bir-biridan ko‘proq gol urishga urinadigan futbol kerak. Agarda bunday jamoalar hujum chizig‘ida top-klassdagi futbolchilar jamlangan bo‘lsa, muxlislar uchun shou yanada qiziqarliroq bo‘ladi.

Tecno

Bugun biz joriy mavsumdagi daxshatli hujum chizig‘iga ega jamoalar haqida gaplashamiz.

“Barselona” : Lionel Messi – Luis Suarez – Antuan Grizman

Eng avvalo, hujumni yaxshi ko‘radigan va bu ishni san’at darajasida amalga oshiradigan jamoa hujum uchligidan boshlasak. Zamonaviy futboldagi hujum chizig‘I haqida gapiradigan bo‘lsak, “Barsa”ning jozibador hujum uslubini qo‘shib ketmasdan iloj yo‘q. Har bir mavsumda, “Ko‘k-anorranglilar” safida muxlislarni quvontiradigan hujumlarni tashkil etuvchi futbolchilar topiladi.

Neymar ketgach, jamoaga Dembele olib kelindi. Ammo hozircha fransuz Neymarning o‘rnini bosa olganicha yo‘q. Shuning uchun “Barselona” rahbariyati Antuan Grizman transferini amalga oshirdi. Endi kataloniyaliklarda yana kuchli trio hosil bo‘ldi – Messi, Suarez va Grizman. O‘tgan mavsumda biri 34 o‘yinda 36 gol, yana biri 33 o‘yinda 21 ta gol va uchinchisi 37 o‘yinda 15 ta golga mualliflik qilgan. Umumiy hisobda faqatgina chempionatni o‘zida 76 ta gol urgan uchlikdan bu mavsum ham fantastik o‘yin namoyish etishlarini kutishi tabiiy muxlislar. Hozircha Grizman va Suarez 2 tadan gol urishga muvaffaq bo‘lishdi mavsum boshidan. Valverde qarshisida bitta muammo paydo bo‘ldi. Fransuz va urugvaylik futbolchi bitta pozitsiyada to‘p surganligi sabab ulardan biri zahirada qolishi mumkin edi. Ammo Valverde boshqacha yo‘l tutdi, Grizmanni qanotga o‘tkazdi, bunga sabab ikkala yulduzni ham bir vaqtda maydonda ko‘rmoqchi edi. Ularning uchinchisi bo‘lgan Messi hali bu mavsumda sog‘ligidagi muammolari sabab ikkala yulduzning qatoriga qo‘shilganicha yo‘q. Uchchalasi birlashib, raqib jamoani tahlikaga solishni boshlagandan keyin ularning o‘yiniga baho bersa bo‘ladi.

“Real”: Garet Beyl – Karim Benzema – eden Azar

Krishtianu Ronalduning ketishi “Real”ning oxirgi yillardagi eng katta xatolaridan biri deb hisoblashmoqda ko‘pchilik. Aynan shuning uchun madridliklar Ronalduning o‘rnini bosa olmasa ham, top-klassdagi futbolchi bilan shartnoma imzolashi shart edi. Madrid rahbariyati Londondan eden Azarni olib kelishni ma’qul topishdi.

Undan tashqari tarkibga valliyalik Garet Beyl ham qaytdi. Bosh murabbiy bilan muammolari bor bo‘lishiga qaramasdan, Garet asosiy tarkibda maydonga tushmoqda. Hozircha Beyl hisobida La Liga doirasida 3 ta o‘yinda 2 ta gol mavjud. O‘tgan mavsumda 29 o‘yinda 8 tagina zarba bergan futbolchi uchun yaxshi natija hisoblanadi. Karim Benzema esa hozircha “Real”ning asosiy futbolchisi bo‘lib turibdi. O‘tgan mavsumda fransuz hisobida 36 o‘yinda 21 ta gol mavjud bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi mavsumda esa 4 o‘yinda raqiblar darvozasiga 4 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Azar esa xuddi Messi kabi jarohat sababli hozircha o‘zini ko‘rsata olgani yo‘q. Yuqoridagi uchlikdan tashqari ularning tarkibiga Vinisius Juniorni ham qo‘shishimiz mumkin. Uchchalasidan birortasi jamoaga yordam bera olmagan taqdirda, Vinisius bemalol katta sahnaga chiqa olishi mumkin. Yosh bo‘lishiga qaramasdan jamoada liderlardan biri bo‘la oladigan potensiali bor.

“Liverpul”: Sadio Mane – Roberto Firmino – Muhammad Salah

Yurgen Klopp va “Liverpul” rahbariyati jamoani oldinga boshlay oladigan hujum chizig‘ini shakllantira oldi. 2017-2018 yilgi mavsum Salah uchun judayam omadli bo‘lgandi va u Premer liga doirasida 36 o‘yinda 32 ta gol muallifiga aylangan. O‘tgan mavsumda 38 o‘yinda 22 gol mavjud edi misrlik futbolchi hisobida.

O‘tgan mavsumda jamoaning lideri Sadio Mane bo‘lgan. Bu mavsumda ham Mane hisobida 5 o‘yinda 4 ta gol mavjud va u yuqori darajadagi o‘yinini ko‘rsatishda davom etmoqda. Ikki afrikalik futbolchi fonida uchinchi hujumchi, Roberto Firmino, qolib ketayotgandek taassurot uyg‘otishi mumkin. Ammo Firmino maydonda judayam ko‘p ter to‘kadi va qanotdagi sheriklari o‘zlarini qulay his qilishlari uchun yordam beradi. Aynan mana shu uchlikning sa’y-harakatlari evaziga “Liverpul” o‘tgan mavsumda Chempionlar ligasida zafar quchishga muvaffaq bo‘ldi. Bu mavsumda esa ular oldida uzoq kutilgan Angliya chempionligini qo‘lga kiritish maqsadi turibdi.

PSJ : Kilian Mbappe – edinson Kavani – Neymar

Parijliklar Chempionlar ligasini yutishni istashini oshkora namoyish etishyapti. Buning uchun jamoa har transfer oynasida millionlab pullarni sarf qilishyapti. Neymar, Mbappe, Kavani shular jumlasidan. Neymar o‘tgan mavsumda jarohat sabab ancha o‘yinlarni o‘tkazib yubordi, ammo shunda ham o‘rtacha hisobda o‘zi tushgan o‘yinlar qatori gol urishga muvaffaq bo‘lgandi, 17 o‘yinda 15 ta gol. Yozda Neymarning “Barsa”ga qaytishi haqida mish-mishlar ko‘payib ketgan edi, lekin u jamoada qoldi. Kelasi mavsum “Ko‘k-anorranglilar” safiga borib qo‘shilishi haqida aytildi, demak, braziliyalik futbolchida minimum yana bir mavsum bor PSJ kutgan kubokni olib berishga yordami tegishi uchun.

Bundan tashqari kuchli uchlik qatoriga yana bir top-klassdagi hujumchi kelib qo‘shildi. Bu – Mauro Ikardi. Uni sheyxlar “Inter”dan sotib olish huquqi bilan ijaraga olishdi. Uning qaysi pozitsiyada o‘ynashi hali aniq emas, lekin bu hujum chizig‘I bilan PSJ bir qancha kuboklarni yutishi mumkin. O‘sha kutilgan Chempionlar ligasini ham.

“Manchester Siti”: Riyad Mahrez – Serxio Aguero – Rahim Sterling

Dunyoning eng kuchli jamoalarida biri safidagi hujumchilarga, albatta, mas’uliyat yuklanadi. Ular gollar bilan muxlislarni xushnud qilishlari kerak. Agarda Leroy Sane jarohat olmaganda, balki, Mahrez o‘rniga uni qo‘yishimiz mumkin edi. Ammo u og‘ir jarohat olgan. Jazoirlik futbolchi uning o‘rnini bilintirmaslikka harakat qiladi.

O‘tgan mavsumda Aguero 33 o‘yinda 21 ta gol bilan Premer liga to‘purariga aylangan edi. Sterling esa undan keyin 34 o‘yinda 17 ta gol bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Mahrezda esa sal kamtarona statistika: 27 o‘yinda 7 ta gol. Bu mavsumda esa Aguero va Sterlingda 7 va 5 ta gol mavjud va ular allaqachon to‘purarlik bahsida etakchilar qatorida borishmoqda. Mahrez esa hozircha gol ura olgani yo‘q, ammo assistentlikni yaxshi uddalayapti. Mahrez ham Aguero va Sterling kabi bombardirlar ro‘yxatiga qo‘shiladimi-yo‘qmi, buni mavsum yakunida bilib olishimiz mumkin.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!