O‘zbekiston va Urugvay terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv o‘tkazilmasligi mumkin edi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi ertaga Urugvayga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Ammo ayrim sabablar tufayli ushbu bahs bekor bo‘lishi ham mumkin edi. Bu haqda futbol sharhlovchisi Xayrulla Hamidov o‘zining "Telegram" kanalida ma’lum qildi.
"O‘zbekiston terma jamoasi Malakka shahriga kelib tushgan, Urugvay esa Kuala Lumpurda yashayapti. Kecha kuni bilan maydon tashqarisida “jang” bo‘ldi: o‘yinni janubiy amerikaliklar poytaxtga ko‘chirishni talab qilishdi (Malakkadagi stadion yomonligidan), biznikilar esa, Kuala Lumpurda o‘tsa 180 kilometrlik masofada bo‘zchining ipidek sarson bo‘lmaslik uchun tashkilotchilarga shart qo‘yishdi: butunlay terma jamoani poytaxtga o‘tkazish yo kelishilgan joyida qolish.
Oxiri ish nima bilan tugadi, deysiz? O‘zbekistonni tayyor joyidan olib kela olishmadi, urugvayliklarni ko‘ndirishdi va o‘yin Malakkada o‘tadigan bo‘ldi.
Biz ayni pallada Kuala Lumpurdagi oteldamiz. Aslida biz uchun ham o‘yin Urugvay istagan joyda o‘tsa qulay edi. Lekin terma jamoamizning qat’iy qarori oldida Malakkaga borib kelishga rozimiz. Chunki mundial ishtirokchisi bo‘lgan terma jamoa o‘yindan oldingi “o‘yinlar”ni ham engishga o‘rganishi kerak. Shundagina to‘qson daqiqalik o‘yinda bu yurt libosidagi futbolchilar bilan jiddiy hisoblashadilar.
Respekt, terma jamoamiz mas’ullari, respekt, Kannavaro!", — deb yozdi jurnalist.
Ma’lumot uchun, ushbu bellashuv ertaga Toshkent vaqti bilan 17:45'da start oladi.



Fikrlar