
100 million nima bo‘libdi?! Sayyoramizdagi eng qimmat transferlar (“Top-10”)
Bir necha kun avval, futbol olamida qishki transfer oynasi ochildi. Klublar o‘zlari istagan futbolchilar bilan muzokara o‘tkazishni boshlab yubordi. Biz esa, futbol olamidagi eng katta summa evaziga amalga oshgan transferlarni yodga olamiz.
Garet Beyl
«Tottenxem»dan «Real»ga
Transfer summasi: 101 million evro
Transfermarkt saytining ma’lum qilishicha, uelslik hujumchi 100 million evroga baholangan ilk futbolchi sanaladi. Bundan 7 yil ilgari Madrid klubi Beylni «Tottenxem»dan sotib olgan edi. Hatto Ronaldu uchun (94 mln) ham, klub bunday katta pul to‘lamagan edi. E’tiborlisi shundaki, Garet darrov jamoaning asosiy tarkib futbolchisiga aylandi va muxlislarni xursand qilishni boshlab yubordi. O‘zining ilk mavsumida 22 ta gol va 19 ta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Afsuski, bugungi kunda uning ishlari ko‘ngildagidek, deb bo‘lmaydi.
Pol Pogba
«Real»dan «Manchester Yunayted»ga
Transfer summasi: 105 million evro
2019 yilning avgust oyida «qizil iblislar» «Yuventus» yarim himoyachisi uchun 105 million evro sarf etdi. Qizig‘i shundaki, bundan 7 yil ilgari «Yunayted» Pogbani tekinga qo‘yib yuborgan edi. Pol «tumanli albion»dagi ilk mavsumida ajoyib natija qayd etdi, ammo keyin o‘yinida pasayish kuzatildi. Hozir ham shu jarayon davom etmoqda.
Eden Azar
«Chelsi»dan «Real»ga
Transfer summasi: 115 million evro
«Real» katta transferlarni amalga oshirishi bilan boshqa jamoalardan ajralib turadi. Afsuski, bunday «katta» transferlarning barchasi ham omadli chiqavermaydi. Eden Azarni ham bemalol ana shunday o‘rinsiz xarid desak, adashmagan bo‘lamiz. Belgiyalik vinger Madridda jarohat va ortiqcha vazn muammosi bilan kurashish bilan band. Hozircha, «qaymoqrangililar» safida «Chelsi»dagi Azarni ko‘rganimiz yo‘q. Katta ehtimol bilan ko‘rmasak ham kerak...
Krishtianu Ronaldu
«Real»dan «Yuventus»ga
Transfer summasi: 120 million evro
Ronalduning «Real»dan ketib qolishiga muxlislar oxirigacha ishonmagandi. Ketgach esa, Madrid ko‘chalari huvullab qolgandek bo‘ldi. «El-klasiko» o‘z imijini yo‘qotdi. «Real» uzoq yillik etakchisidan ayrildi, «Yuventus» esa, bu transferdan faqat yutdi. O‘zining 35 yoshida ham “Krish” barchani hayratda qoldirishda davom etmoqda.
Antuan Grizmann
«Atletiko»dan «Barselona»ga
Transfer summasi: 120 million evro
Grizmann bir necha yillar davomida «Atletiko»ning «yuragi»ga aylandi, biroq 2019 yilda «Barselona»dan kelib tushgan taklifga rozi bo‘ldi. Kulgili tomoni shundaki, bu transfer amalga oshgach, ikki tomon ham norozi bo‘lib qoldi. Madrid klubi o‘z etakchisidan ayrilganidan, «Barselona» 120 million evro nishonga tegmagan o‘qqa aylanganidan ranjidi. Antuan esa, o‘zi uchun maydonda yangi pozitsiyalar izlash bilan band. Kataloniya super klubida murabbiylar o‘zgarishi ham frantsuzga qo‘shimcha imkoniyat taqdim etgani yo‘q. Shunga qaramay, Grizmann «Barselona» uchun muhim o‘yinchi bo‘lishga qodir ekanligiga ishonmoqda.
Joau Felish
«Benfika»dan «Atletiko»ga
Transfer summasi:127 million evro
Grizmanning transferidan kelib tushgan 120 millionga «matraschilar» yana 7 million evro qo‘shib Felishni sotib oldi. 19 yoshli yigit uchun Madrid klubi bunday katta summani sarflagani muxlislarda qiziqish uyg‘otgani rost. Felish o‘zining Madriddagi ilk mavsumida biroz ko‘rinmay qoldi. Joriy mavsumdan esa, sekin-asta katta sahnaga chiqib kelmoqda. Noyabr oyida uni La Liganing eng yaxshi futbolchisi, deb topishdi. Sarflangan pullar esa, tez orada o‘zini oqlashi turgan gap.
Usmon Dembele
«Borussiya D»dan «Barselona»ga
Trasnfer summasi: 130 million evro
2016 yilda Dortmund klubi «Renn»dan Dembeleni 15 million evro evaziga xarid qilgan edi. Oradan bir yil o‘tib, nemislar «Barselona»ga uni 130 million evroga sotib yubordi. Dembele Kataloniyaga ko‘chib o‘tgach, jarohatlarga o‘ralashib qoldi. Boz ustiga, endi sport formasini tiklagan paytda jamoaning ichki holati juda yomon ahvolda qolmoqda. Shunga qaramay, klub Dembeleni qo‘yib yubormoqchi emas. Futbolchining o‘zi ham oxirgacha kurash olib bormoqchi.
Felippe Koutino
«Liverpul»dan «Barselona»ga
Transfer summasi: 145 million evro
Braziliyalik yarim himoyachi bugungi kunda «Barselona» tarixidagi eng qimmat futbolchi bo‘lib turibdi. 2018 yilda Koutino uchun Kataloniya super klubi 145 million evrodan voz kechdi. Achinarlisi shundaki, u Ernesto Valverdening o‘yin sxemasidan o‘zi uchun qulay joy topilmagani uchun zaxiraga mixlanib qoldi. Uni «Bavariya»ga ijara berib yuborishdi. Koutino EChLni yutdi va g‘olib sifatida Kataloniyaga qaytdi. Bu paytda jamoa boshqaruvi Ronald Kumanga o‘tgan edi. Gollandiyalik murabbiy ham Koutino uchun qulayroq pozitsiyani bo‘shatib bergani yo‘q. To‘g‘risi, Felippening transfer klub tarixidagi eng yomonlaridan biriga aylanib bo‘ldi.
Kilian Mbappe
«Monako»dan PSJga
Transfer summasi: 145 million evro
2018 yilning iyul oyida Parij super klubi 20 yoshli Kilian uchun 145 million evro to‘ladi. E’tiborlisi shundaki, ushbu qaror o‘zini ortig‘i bilan oqladi. Mbappe kelajagi porloq yigitchadan mega yulduzga aylanib bormoqda. Uning o‘yinlarida barqarorlik mavjud. U janjalkash emas, ortiqcha o‘ziga bino qo‘ymagan. O‘z ustida tinmay ishlab kelmoqda. Umuman olganda, Kilian yaqin kelajakda «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan nomzodlardan biri. Uning PSJ bilan shartnomasi 2022 yilda yakun topadi. Futbolchi hozircha, o‘z kelajagi borasida fikr bildirganicha yo‘q. Shunga qaramay, xorij nashrlari uni «Liverpul» yoki «Real Madrid» safiga borib qo‘shilishi haqida yozishmoqda.
Neymar
«Barselona»dan PSJga
Transfer summasi: 222 million evro
Juda uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng, «Barselona» o‘z yulduzini PSJga sotib yuborishga rozi bo‘ldi. Shunday qilib 2017 yilning yozida Neymar 222 million evro evaziga Parij jamoasi a’zosiga aylandi. Bu transfer ko‘plab mutaxassislar tomonidan sport olamidagi eng ulkan voqea, deb tan olindi. Neymar o‘zi bilan birgalikda PSJga grand nomini olib keldi. O‘tgan mavsumda jamoa EChL finalida ishtirok etdi, biroq uni boy berdi. Shunga qaramay, braziliyalik futbolchining transferidan PSJ faqat va faqat foyda ko‘rdi desak, adashmagan bo‘lamiz. To‘g‘ri, sovrinlar ko‘p bo‘lmadi, biroq “Neya” Parij klubining butun dunyodagi imijini ko‘tarib berdi. Bugungi kunda ham PSJ yuzi aynan Neymar bo‘lib turibdi!
Fikrlar