Argentinalik futbol yulduzi sabab Hindistonda katta tartibsizliklar yuz berdi
Lionel Messining Hindistonning Kalkutta shahriga tashrifi tartibsizliklar bilan yakunlandi. Bu haqda Bild nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, argentinalik jahon chempionlari maydonda atigi 20 daqiqa harakat qilganidan so‘ng, bundan norozi bo‘lgan tomoshabinlar plastik o‘rindiqlarni maydonga uloqtirib, stadionga bostirib kirishgan. Muxlislar Messining faqat siyosatchilar va VIP mehmonlar bilan muloqot qilganidan norozilik bildirishgan. Shundan so‘ng G‘arbiy Bengaliya shtati rasmiylari tomonidan tekshiruv e’lon qilindi.
"Biz 12 000 rupiy (taxminan 115 evro) to‘ladik, ammo hatto uning yuzini ham ko‘ra olmadik", — dedi muxlis Hindistonning ANI axborot agentligiga.
Ma’lumot uchun, hozirda 38 yoshli hujumchi Hindistonda gastrol safarida bo‘lib, u Kalkutta, Haydarobod, Mumbay va Nyu-Dehli shaharlarida kontsertlar, xayriya tadbirlari hamda futbol turnirlarida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
G‘arbiy Bengaliya bosh vaziri Mamata Banerji yuz bergan ko‘ngilsiz voqea uchun Messi va muxlislardan uzr so‘radi. Hodisani o‘rganish maqsadida maxsus tergov qo‘mitasi tuziladi.



Fikrlar