
“Yuventus” iqtidori, “Milan” etakchisi va boshqalar.Terma jamoamizning AQShga qarshi o‘yini oldidan eng muhim ma’lumotlar
Xabaringiz bor, ayni damda Srechko Katanets boshqaruvidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Amerika qo‘shma shtatlarida bo‘lib turibdi. 9 va 12 sentyabr kunlari “oq bo‘rilar”ni KONKAKAF mintaqasi grandlari bilan o‘yinlar kutib turibdi. Birinchi bo‘lib, AQSh termasi bilan kuch sinashamiz. Xo‘sh, raqib tarkibida kimlar bor? O‘yin uslubi qanday? Shu va boshqa ko‘plab muxim faktlarga e’tiboringizni qaratamiz.
Tarkibda kimlar bor?
Tan olish lozim, raqiblarimiz tarkibi Evropaning grand klublaridagi futbolchilar bilan to‘la. Ro‘yxatga kirtilgan ijrochilar orasida Tim Vea (“Yuventus”), Kristian Pulishich (“Milan”), Matt Turrner (“Nottingem Forest”), Ueston Makkenni (“Yuventus”), Brendon Aaronson (“Union Berlin”), Rikardo Pepi (PSV), Joe Skalli (“Borussiya M”) singari nomlarning borligi raqib tarkib borasida yaxshigina kuchga ega ekanligidan dalolat beradi. Jamoa bosh murabbiyi – Gregg Bergxalter hujumkor, agressiv, pressing qilishga odatlangan jamoani shakllantirgan. AQSh ochiq va zamonaviy futbolni targ‘ib etadi. Asosan, tezlik va jismoniy tayyorgarlik borasidagi ko‘rsatgichlaridan kelib chiqib yig‘ilgan tarkibda Evropa terma jamoalariga o‘yin borasida taqlid qilishga urinadi. 4-3-3 sxemasining aktiv versiyasidan foydalanadigan raqiblarimiz to‘p nazoratini hush ko‘radi. Shunga qaramay, kuchsiz nuqtalar ham yo‘q emas. Jamoa tartibli himoyalanadigan klassik ikkinchi raqamda harakat qiluvchi jamoalar bilan o‘yinda muammolarga duch keladi. Ya’ni, ximoyada bexato o‘ynab, raqibni markazda kutib olsak, qarshi hujumlar uchun imkoniyatlarimiz. Raqibning asosiy etakchilari hujum chizig‘ida bo‘lgani bois, himoya chizig‘i oldingi chiziqdagi kabi kuchli emas.
AQSh qanday jamoa?
Ayni damda, “Soccer”chilar FIFA reytingida 11 pog‘onada bormoqda. So‘nggi KONKAF musobaqasidagi yarim final va Jahon chempionatidagi munosib ishtirok buning asosiy sababi. Shimoliy Amerika davlatining transfermarkt portalidagi tarkibining umumiy qiymati 239 million evroni tashkil etadi. Eng qimmat futbolchisi Folorin Balogun. “Monako” a’zosi sanalgan 20 yoshli hujumchi ko‘plab Evropa grandlari e’tibor markazida bo‘lib turibdi. Jamoa boshqarib kelayotgan Greg Bergxalterni tajribali deb bo‘lmaydi. 50 yoshlik mutaxassis futbolchilik davrida “Kristal Pelas”, “Sparta” singari o‘rtamiyona klublarda to‘p surgan. Murabbiylik karerasini boshlaganiga hali 3 yildan oshgani yo‘q. AQSh terma jamoasi hozirga qadar uning faoliyatidagi eng katta proekt sanaladi.
O‘yinga taxminiy tarkiblar
AQSh - 4-3-3.
Darvozabon: Mett Tyorner ("Nottingem Forest").
Himoyachilar: Serjino Dest (PSV), Kris Richards ("Kristal Pelas"), Tim Rim ("Fulxem"), Antoni Robinson ("Fulxem").
Yarim himoyachilar: Ueston Makkenni ("Yuventus"), Yunus Musa ("Milan"), Malik Tillman (PSV).
Hujumchilar: Timoti Vea ("Yuventus"), Folarin Balogun ("Monako"), Kristian Pulishich ("Milan").
Bosh murabbiy: Gregg Berxalter.
O‘zbekiston - 3-4-1-2.
Darvozabon: O‘tkir Yusupov ("Navbahor").
Himoyachilar: Husniddin Aliqulov ("Rizespor"), Abdulla Abdullaev (OKMK), Umar Eshmurodov ("Nasaf").
Yarim himoyachilar: Hojiakbar Alijonov ("Paxtakor"), Odil Hamrobekov ("Paxtakor"), Otabek Shukurov ("Fotih Karagyumryuk"),
Sherzod Nasrullaev ("Nasaf").
Hujumkor yarim himoyachi: Jamshid Iskanderov ("Navbahor").
Hujumchilar: Jaloliddin Masharipov (ayni paytda erkin agent), Eldor Shomurodov ("Kalyari").
Bosh murabbiy: Srechko Katanets.
Uchrashuvni boshqarib boradigan hakam.
Uchrashuvni bosh hakam sifatida gonduraslik Nelson Salgado boshqarib boradi. Unga qanotlarda Limanuel Sola va Jairo Morales (Puerto-Riko) yordam beradi. 4-rasmiy hakam vazifasi esa Melvin Matamorosga (Gonduras) topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur uchrashuv “CityPark” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Fikrlar