
Yaponiya MOQ prezidenti bilan hamkorlik rejalari muhokama qilindi
6-13 oktyabr kunlari Toshkentda o‘tadigan dzyudo bo‘yicha jahon chempionatining faxriy mehmonlaridan biri, Yaponiya Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamda Butunyapon dzyudo federatsiyasi prezidenti janob Yasuxira Yamashita O‘zbekiston MOQga tashrif buyurdi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.
Mehmonni O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Qo‘mita raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov qarshi olishdi. Janob Yamashita dastavval O‘zbekiston MOQ faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shundan so‘ng tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish mavzusida uchrashuv o‘tkazishdi. Unda o‘zbek va yapon sportidagi do‘stona aloqalarini yanada mustahkamlash, yirik musobaqalar, xususan, Osiyo va Olimpiya o‘yinlari, jahon chempionatlariga tayyorgarlik doirasida har ikki mamlakat terma jamoalari ishtirokida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil qilish, sport tibbiyoti yo‘nalishida so‘nggi yutuqlarni ulashish kabi mavzularda fikr almashildi.
Martabali mehmon mamlakatimizda ilk bor o‘tkaziladigan dzyudo bo‘yicha jahon chempionatiga olib borilayotgan tayyorgarlikni yuqori baholadi. Shuningdek, u uchrashuvda muhokama qilingan mavzular bo‘yicha hamkorlikdan mamnun ekanini bildirdi. O‘z navbatida, o‘zbek dzyudochilari haqida iliq fikrlarini bildirib, sportchilarimizga bo‘lajak musobaqada omad tiladi. Tashrif davomida janob Yamashita MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining faoliyati bilan ham tanishdi.
Kunning ikkinchi yarmida martabali mehmon Sportni rivojlantirish vazirligida ham bo‘ldi. U erda janob Yamashitani Vazir Adham Ikramov qabul qildi.
Fikrlar