
Yangi transferlarni yozga qoldirayotgan Peres
"Real" yo‘qotishlardan so‘ng yangi himoyachi bilan shartnoma imzolash ustida ishlayotgani borasida mish-mishlar anchadan beri hammaga ma’lum. Ammo vaziyat o‘zgarishi ham mumkin.
Asosiy muammo shundaki, qishda katta transferlarni amalga oshirish qiyin. Ayniqsa, yaxshi formada bo‘lib turgan yosh himoyachini topish va uning klubini rozi qilish mushkuldir. Garchi Karlo Anchelotti tezroq yangi xarij xohlayotgan bo‘lsa-da, Florentino Peres yozga tayyorgarlik ko‘rishni afzal ko‘rmoqda, deya xabar berdi insayder Matteo Moretto.
Ayni paytda jamoa mashg‘ulotlariga David Alaba qaytdi. Shuningdek, "Osasuna"ga qarshi zaxiradan maydonga tushgan Raul Asensioning harakatlari yomon ta’surot uyg‘otmagani rahbariyatni tinchlantirmoqda, lekin keyingi jarohat oladigan himoyachining o‘rnini to‘ldirish imkonsiz bo‘lib qoladi.
Variantlar orasida Aymerik Lyaport nomi ishonchliroq bo‘lib turibdi. Sababi, ispaniyalik futbolchi Saudiyadan ketishga tayyor va "An-Nasr" ham ushlab qolishga ko‘p urinmaydi, lekin madridliklar hozircha 30 million evroni to‘lashni istashmayapti.
Xabaringiz bor, "Real" yozda katta transferlarni amalga oshirishga harakat qiladi. Asosan himoyaga urg‘uni beradigan "qaymoqranglilar" Trent Aleksander-Arnold, Alfonso Devis kabi katta nomlarni short-listiga olib qo‘yib, agentlar bilan muzokaralarni boshlab ham yuborgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Shuningdek, 2025 yilda markaziy himoyachi ham sotib olinishi kutilmoqda.
Ayni paytda klub La Liga turnir jadvalida 2-o‘rinda bormoqda, "Barselona"dan 6 ochko ortda. Oldinda esa "Leganes"ga safar, undan keyin "Liverpul"ga qarshi o‘yin kutib turibdi.
Fikrlar