
"Xyuistra jamoani og‘ir ahvolda qoldirdi, zo‘r transferlarni ko‘rmadim, Temirov klubdan ketishni o‘zi istadi" - "Paxtakor"ning g‘alabasidan keyin Ja’far Irismetov bilan muloqot
“Paxtakor” klubi 27 fevral sanasida O‘zbekiston Superkubogida “Nasaf” ustidan minimal hisobda ustun kelib, sovrinni o‘ziniki qilib oldi. Shu tariqa, “Sherlar” yangi mavsumga yuqori kayfiyatda kirishmoqda.
“Paxtakor” yangi mavsum uchun yaxshi tayyorlandi, kutilgan va kutilmagan o‘zgarishlar guvohiga ham aylandik-a? Murabbiydan tortib, futbolchilargacha yangilandi. “Paxtakor”ning “Nasaf”ga qarshi bo‘lib o‘tgan o‘yinidan keyin klubning sport direktori Ja’far Irismetov Sports.uz saytiga turli mavzularda o‘z munosabatini bildirdi.
“Nasaf” chempionlikka da’vogarlardan biri bo‘lib qolaveradi”
- Shubhasiz, yangi futbol mavsumini mana shunday Kubok bilan boshlash nihoyatda yoqimli. Faqat “Paxtakor” emas, barcha jamoalarga ham bunday hol yoqimli bo‘ladi. O‘yin haqida nima desam bo‘ladi? O‘ylaymanki, maydonda ikkita teng kuchli jamoalar kuch sinashishdi. O‘yin uslublari ham, boshqa jihatlari ham “Nasaf”niki bilan o‘xshashib ketadi. Bu raqib yildan-yilga kuchayib boryapti. O‘zining tarkibini saqlab qolgan va ularga qo‘shimcha ravishda yangi legionerlarni ham qo‘shgan. Shu boisdan o‘ylaymanki, bu gal ham “Nasaf” chempionlik uchun da’vogarlardan biri sifatida qolaveradi. Shuni aytishim kerakki, bu ikkala jamoaga joriy yildagi birinchi rasmiy uchrashuv bo‘lgani uchun maydonda futbolchilar ehtiyotkorlik bilan o‘ynadilar. Lekin biz kichkina hisobda g‘alaba qozondik. Albatta, buni haqli g‘alaba deb o‘ylayman.
“Yangi murabbiyni jamoa bilan tanishuv jarayoni davom etyapti”
- Chempionatga tayyogarligimizning boshlanishi biz uchun yaxshi kechmadi. Nimaga deganda, Piter Xyuistra jamoani biroz og‘ir ahvolda qoldirib qo‘ydi. Chunki u 3 yanvarda kelaman deb kelmadi. Natijada biz tezkorlik bilan yangi murabbiy topishga tushdik va Slavche Voyneskini chaqirdik, u bilan shartnoma imzoladik. Shundan keyin u yog‘i yaxshi ketdi, deb hisoblayman. Yangi murabbiy jamoani “Nasaf”ga qarshi birinchi o‘yinini ko‘rdi. Hozirda jamoa bilan tanishuv jarayoni ketyapti, deb hisoblayman. Bu murabbiy yarim yil ichida “Paxtakor”da yanada yaxshi jamoa shakllantira oladi, deb o‘ylayman.
“Tarkibimizga juda yaxshi o‘yinchilarni jalb qildik”
- Umuman olganda, “Paxtakor”ni oldingi yilga nisbatan kuchsizlandi, deb hisoblay olmayman. Qaytanga, tarkibimizga juda yaxshi o‘yinchilarni jalb qila oldik. Yangi kelganlardan Ikrom Aliboev, Sardor Rashidov jamoamizni kuchaytirdi. Larin, Xadjiev kabilar ham yaxshi saviyada. Ularning jamoaga qo‘shilib ketish jarayoni davom etyapti. Oliver Sharkichda ham moslashish holati ketyapti. Barcha qo‘lga kiritgan futbolchilarimiz kuchli. Mirjahon Mirahmadov ham biz uchun juda kerakli futbolchi. Hamma chiziqlarni kuchaytirishga harakat qildik. Baribir yana bir-ikkita pozitsiyalarimizni kuchaytirish niyatidamiz, kelajakda.
“Sherzod Temirov keyinchalik “Paxtakor”ga qaytishini aytdi”
- Sherzod Temirov masalasiga kelsak, uning o‘zi ketishni juda-juda xohladi. Shuning uchun bu futbolchi bilan xayrlashishimizga to‘g‘ri keldi. Sherzod keyinchalik “Paxtakor” klubiga qaytib kelishini ta’kidladi. U o‘zini xorij jamoasida sinab ko‘rishni xohladi. Biz Temirovning istagini to‘g‘ri tushungan holda qo‘yib yuborishga qaror qildik.
“Qolgan jamoalar ham syurpriz bo‘lishi mumkin”
- Menimcha, “So‘g‘diyona” katta shov-shuvli transferlarga qo‘l urmadi. Ammo, baribir jizzaxliklar yaxshi holatda. Shuningdek, “Qizilqum” ham kuchaydi. “Nasaf”, “Navbahor” kabilarni ham aytishim mumkin. Lekin selektsiya bo‘yicha biror narsa aytishim qiyin. Asosan o‘zimizni chempionatdagi futbolchilar u klubdan-bu klubga ko‘chib o‘tishdi. “Vau” degan transferlarni ko‘rmadim. To‘g‘ri, “Navbahor”ga Rustam Ashurmatovning qo‘shilishi menimcha yaxshi transfer bo‘ldi, deb o‘ylayman. Chunki Rustam terma jamoa a’zosi. Boya aytganimdek, “Qizilqum” ham yaxshi transfer qildi. Ulug‘bek Baqoevni esa “So‘g‘diyona” o‘yinida o‘z imzosi bor. Ular ham bizga raqobatchi bo‘ladi. Barcha klublar kuchaydi, desak bo‘ladi. “Neftchi” ham yaxshi futbolchilarni oldi. Masalan, bizdan u erga o‘tgan Abror Ismoilov ham kuchli futbolchi. Qolgan jamoalar ham syurpriz bo‘lishi mumkin. Bu yilgi chempionat juda qiziq bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Fikrlar