
"Xo‘jand" bosh murabbiyi: "Navbahor", "Neftchi" va "Nasaf". Chempionlik ushbu klublardan biriga nasib qiladi"
Kecha Tojikistonning “Xo‘jand” klubi Namanganda “Navbahor”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida ishtirok edi. Jangovar tarzda kechgan o‘yinda 2:2 hisobi qayd etildi. Mazkur bellashuvdan so‘ng “Xo‘jand” jamoasi bosh murabbiyi Rustam Xodjaev bilan suhbatlashdik.
- Rustam aka, "Navbahor"ga qarshi o‘yin qanday o‘tdi? Bundan "Xo‘jand" klubi qanday foyda oldi?
- Ha, bu o‘yin yaxshi o‘tdi. “Navbahor” ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Bahs boshida bizning futbolchilarimiz talab qilgan narsalarimizni bajara olmadilar. Keyin moslashib ketdilar. Albatta, biz bu uchrashuvdan katta foyda oldik. O‘zbekistonning etakchilaridan biriga qarshi o‘yin albatta futbolchilarimiz uchun asqotadi.
- O‘zbekiston chempionatini kuzatyapsizmi? Chempionlik uchun kimda imkoniyat ko‘proq, deb o‘ylaysiz?
- Albatta, O‘zbekiston chempionatini ko‘ramiz. “Navbahor”, “Neftchi”, “Nasaf”ning o‘yinlari ajoyib. Shu uchala klubdan biri chempion bo‘ladi.
- “Xo‘jand” safida o‘zbekistonlik legionerlar bor. Ulardan qoniqyapsizmi yoki jamoada yangi o‘zbekistonlik futbolchilar paydo bo‘lishi mumkinmi?
- Ha, tarkibimizda uch nafar o‘zbekistonlik futbolchilar to‘p surishyapti. “Navbahor”ga qarshi ikkitasi o‘ynadi, bittasi o‘ynamadi. Islom Toshpo‘latovni jarohati bor. Ko‘ramiz, balki yana O‘zbekistondan yaxshi futbolchilarni topsak chaqirib, tarkibimizni yanada kuchaytiramiz.
- Agar “Xo‘jand” O‘zbekiston chempionatida qatnashsa qanday natija ko‘rsatadi, deb o‘ylaysiz?
- Bilmadim. “Xo‘jand” O‘zbekiston chempionatida qatnashsa tajribamiz etadimi-yo‘qmi, hayronman. Chunki O‘zbekiston chempionatining saviyasi kuchli. Lekin o‘ylaymanki, pastki o‘rinlarda bo‘lmaymiz.
- Keyingi rejalar qanday? Yana o‘zbek klublariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlari bo‘ladimi?
- O‘zbekiston klublari o‘rtoqlik o‘yinlari uchun chaqirishsa albatta borib o‘ynaymiz. Mana, “Navbahor” har yili chaqiradi, borib o‘ynab kelamiz. “Neftchi” ham taklif qilganida buni ijobiy qabul qildik. Biz ham Xo‘jandga chaqirib o‘ynashga harakat qilamiz. O‘zbek klublariga qarshi o‘yinlar biz uchun tajriba oshirish borasida juda kerak.
- Umuman olganda, jamoangizning Tojikiston chempionatidagi ishtirokidan qoniqyapsizmi?
- Bu yil tarkibimizga yangi o‘yinchilar ko‘p keldi. Shuning uchun chempionatni yaxshi boshlay olmadik. Ammo o‘yinimizni kuchaytirishga va yuqori o‘rinlarga ko‘tarilishga harakat qilamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar