Vitaliy Levchenko: "Biz har bir o‘yinda yaxshiroq va natija uchun o‘ynaymiz"

  • 6 aprel, 07:59
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 4-turidan o‘rin olgan “Neftchi” – “Navbahor” (3:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko qatnashib, jurnalistlarning savollariga javob berdi. 

Tecno

“Neftchi” ustozi odatdagidek, o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.

- Derbining qiyin o‘tishini oldindan kutgandik va amalda ham shunday bo‘ldi. “Navbahor” yaxshi jamoa va bugun shunga yarasha munosib o‘yin ko‘rsata oldi. Hisobda ikki bor oldinga chiqib oldi. Lekin yigitlar iroda ko‘rsatishdi va 12-futbolchimiz bo‘lgan muxlislarga g‘alabani tortiq etishdi. Ishqibozlar bundan xursand bo‘lishdi, deb o‘ylayman.

- Toma Tabatadze nima uchun qaydnomaga kiritilmayapti? 

- Tabatadze son qismini shikastlab olgan. Ayni paytda u davolanish jarayonini o‘tkazmoqda. Taxminan 7-10 kunlarda u safimizga qaytadi hamda jamoamizga yordam beradi. 

- Bugungi o‘yinda zaxira almashtirishlar o‘zini oqladi, degan fikr to‘g‘rimi?

- Biz aynan kerakli pozitsiyalarda almashtirishlarni amalga oshirdik. O‘yinni kuchaytirish, oldingi chiziqda bosimni oshirish kerakligini tushunib turgandik, chunki ikki bor hisobda orqada qoldik. Biz o‘z maydonimizda o‘ynadik va faqat g‘alabani o‘yladik. Maydonga tushgan barcha futbolchilar borlarini berishdi. 

- Jamoa o‘yinga boshqacha taktikada tayyorgarlik ko‘rmoqda, maydonga esa boshqa taktikada tushyapti. Bu raqiblarga sovg‘ami?

- Yo‘q, sovg‘a emas. Raqib bizni, biz ularni tahlil qilamiz. Hujumda ko‘proq futbolchilarimiz o‘ynashmoqda, lekin himoyani ham unutmaslik kerak. Bugun o‘z darvozamizdan 2 ta to‘p o‘tkazib yubordik. Ikkinchi gol xatomizdan so‘ng urildi. Uzun pasdan keyin bu yuzaga keldi. Biz har bir o‘yinda yaxshiroq va natija uchun to‘p tepamiz. 

- Kubok va chempionat bahslarida jamoa oldiga qanday maqsad qo‘yilgan?

- Chempionat yoki kubok deb ajratmaymiz. Har bir jamoa uchun ushbu musobaqalar muhim hisoblanadi. Hozirda futbolchilardan kim kuchli bo‘lsa, o‘sha maydonga tushadi, biz vaziyatdan kelib chiqib, rotatsiya qilamiz. Biz ikkita turnirda o‘ynaymiz.

- Namanganda kechadigan kubok uchrashuvida ham shu tarkibdan foydalanasizmi?

- U o‘yingacha hali vaqt bor. Ungacha “Mash’al” bilan o‘ynaymiz. Hozirda tiklanishimiz muhim, chunki futbolchilar bugun ko‘p kuch sarflashdi. O‘shanda o‘yinchilarning jismoniy holatlariga qaraymiz. Hamma jamoalar tarkibga mahoratli futbolchilarni qo‘shib olyapti. O‘tkinchi o‘yinlar yo‘q. Har bir jamoa ochko olishga astoydil harakat qilmoqda. 

- Sizningcha chempionlik uchun qaysi jamoalarda imkoniyat yuqori?

- Hozircha chempionat boshlanishida bu haqda gapirish qiyin. Hech kim kutmagan jamoalar yuqorida, favoritlar o‘zining o‘rnida emas. 6-7 turdan so‘ng, jamoalarning holatiga qarab, bu haqda xulosa qilish mumkin.
 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!