Vadim Afonin: Yana Rossiya premer-ligasiga qaytish niyatim yo‘q emas

  • 4 may, 2020, 19:01
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Odatda mavsum avvalida Rossiyadan O‘zbekiston chempionatiga bir qator futbolchilar kelib faoliyat olib borishlariga guvoh bo‘lamiz. Lekin ularning aksariyati Rossiya premer-ligasidan kelgan o‘yinchilar hisoblanishmaydi.

Tecno

Lekin hamyurtimiz Vadim Afonin masalasida bunday deya olmaymiz. Xabaringiz bor, u yangi mavsumni Superligamizda, “Lokomotiv” tarkibida o‘tkazmoqda. Yaxshi bilsangiz kerak, ushbu hamyurtimiz bungacha Rossiya premer-ligasida “Orenburg” jamoasi sharafini himoya qilib kelayotgandi. Tabiiyki, katta tajribaga ega o‘yinchining chempionatimizga qaytishini esa ijobiy baholash mumkin.

Yodingizda bo‘lsa, Vadim bungacha ham chempionatizda ishtirok etgan bo‘lib, G‘uzorning “Sho‘rtan” klubida muvaffaqiyatli mavsumlarni o‘tkazgan. Shundan so‘ng u Rossiyaga ketdi va premer-ligada o‘ynay boshladi. Umuman olganda, Afonin u erda “Rubin” hamda “Orenburg” klublaridagi faoliyati orqali muxlislarga juda yaxshi tanish. Biz esa fursatdan foydalangan holda uning yurtimizga qaytishi, Rossiyadagi faoliyati va yana boshqa masalalar xususida suhbatlashdik.  

- Vadim, yaxshi bilamizki, faoliyatingizda “Orenburg” klubi katta o‘rin tutadi. Chunki ushbu jamoada bir necha yilni o‘tkazgansiz. Lekin joriy mavsumda u erdan ketib “Lokomotiv” klubiga o‘tdingiz. Aslida “Orenburg”dan ketishingiz va “Loko”ga kelishingiz qanday yuz berdi?

- Oxirgi paytlarda menda “Orenburg”da unchalik ko‘p o‘yin vaqti bo‘lmayotgandi. Shuning uchun ham rahbariyat hech qanday muammosiz mening ketishimga imkon berishdi. Bu orada esa Andrey Fyodorov bilan muloqot qildim. Shunda u menga faoliyatimni “Lokomotiv”da davom ettirishni taklif qildi va men bundan juda xursandman.

afonin3

- Adashmasam, 33 yoshga qarab ketyapsiz. “Lokomotiv”ga kelishingiz esa faoliyatingizni yurtimizda yakunlashingizni bildiradimi yoki yana Rossiya premer-ligasiga qayta olaman deb o‘ylaysizmi?

- Hozir men 32 yoshdaman. Hamon o‘zimda o‘ynash uchun katta kuch va ishtiyoqni his qilyapman. Shundan so‘ng ham oldingidek yuqori saviyada o‘ynay olishimga aqlim etadi. Shuning evaziga yanada kuchliroq jamoalarning qiziqish doirasiga tushishdan umidvorman. Yana Rossiya premer-ligasiga qaytish niyatim ham yo‘q emas. Faoliyatimni yakunlashga esa hali ancha erta.

- Rossiyada katta o‘yinlarda ishtirok etgan o‘yinchi sifatida o‘zimizning Superligaga kelgach, bu erdagi bahslar siz uchun qanday tuyulyapti? Ya’ni, o‘zimizdagi chempionatning mavqei borasida nima degan bo‘lardingiz?

- Rossiyada kuchli chempionat va shunga yarasha kuchli raqobat bor. U joyda yuqori saviyali legionerlar to‘p surishadi. RPLga kuchsiz futbolchilar kelib qolmaydi. O‘zbekiston chempionatiga taqqoslansa, bizda avlodlar almashinuvi ko‘proq davom etib, shuning evaziga yosh va iqtidorli o‘yinchilar etarlicha ko‘zga tashlanmoqda. O‘ylaymanki, O‘zbekistonda yana iqtidorli o‘yinchilarning soni oshadi.

“Lokomotiv”ga endi moslashayotganingizda koronavirus pandemiyasi sababli chempionat to‘xtatildi. Bunday paytda sport formangizni bir maromda saqlab turish qiyin bo‘lmayaptimi, nimalar bilan shug‘ullanyapsiz?

- Karantinni oilam davrasida o‘tkazyapman. Individual tarzda jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanyapman. Holatimni yaxshi ushlab turishga astoydil berilganman.

afonin7

- Rossiyadagi faoliyatingiz davomida o‘zingiz uchun unutilmas o‘yin qaysi biri bo‘lgan?

- “Orenburg” va RPLda to‘p surgan chog‘imda har bir uchrashuv men uchun o‘ziga xos ahamiyat kasb etgan. Ayniqsa, chempionatning dastlabki yuqori besh o‘rnidagi klublarga qarshi bellashuvlar juda o‘zgacha ruhda kechardi.

- Shuningdek, premer-ligada futbolchilardan eng yaqin do‘stingiz kim?

- O‘sha joydagi futbolchilarning barchasi bilan yaxshi aloqadaman va do‘stona munosabatdaman. Shu bois kimnidir alohida ko‘rsatib o‘tmagan bo‘lardim.

- Vadim, futbolkalarni to‘plash borasida kollektsiyangiz bormi? Agar bor bo‘lsa, kimlarning futbolkalari bor?

- Futbolkalar kollektsiyasiga ega emasman. Menda bor-yo‘g‘i bir juft futbolka bo‘lib, ular Fyodor Smolov va Oleg Ivanovga tegishli. Ivanov esa “Axmat” klubining o‘yinchisidir.

afonin6

- Futbolchi sifatida orzu qilganlaringizdan nimalarga erishdingiz va nimalarga erisha olmadingiz?

- Bu savolingizni biror-bir izohsiz qoldiraman. Chunki bu ko‘p vaqtni oladi.

- Sizning darajangizdagi futbolchilar odatda terma jamoada muntazam ravishda o‘ynashadi. Lekin siz termamiz ishtirokidagi o‘yinlarda doimiy holatda qatnashdingiz deya olmaymiz. Bu vaziyat sizni ham o‘ylantiradimi?

- Men har doim milliy terma jamoadan chaqiruvni kutib qolaman. Terma jamoaga g‘alabalar qozonishda bor kuchim bilan yordam berishga tayyorman. Bundan keyin ham shunday chorlovni olish uchun o‘z ustimda qattiq ishlashga va kutishga tayyorman.

- Sizningcha, karantindan so‘ng chempionatimizni qanday tartibda o‘tkazgan ma’qul? Shuningdek, o‘yinlarni muxlislarsiz o‘tkazish haqida ham fikrlar yo‘q emas..

- Futbolchilar uchun stadion tribunalarida iloji boricha tomoshabinlarning ko‘proq bo‘lishi juda muhim. Ammo bugungi kunda yuzaga kelgan holat tufayli ushbu masalaga har tomonlama chuqur va puxta o‘ylangan holda yondashgan ma’qul. Chunki bugungi kunda har bir fuqaro uchun salomatlik birinchi o‘rinda turadi.

afonin5

- O‘z pozitsiyangiz bo‘yicha dunyodagi eng kuchli futbolchi deb kimni ayta olasiz?

- Xaver Maskerano va Serxio Busketsni alohida ajratib ko‘rsatgan bo‘lardim.

- Futboldan keyin qanday ish bilan shug‘ullanish haqida ham o‘ylayapsizmi, balki murabbiy bo‘larsiz...

- Hozircha o‘yinchilik faoliyatimni yakunlash haqida o‘ylamayapman. Shunday ekan, murabbiylik ishi bilan shug‘ullanish haqidagi fikr hayolimga kelmayapti. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Biroq keyinchalik murabbiy bo‘lib ishlashim ham ehtimoldan holi emas.

- Ko‘pchilik futboldan tashqari boshqa ishlar bilan, aytaylik, biznes yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanadilar. Bu borada sizda ham qiziqishlar bormi?

- Bu savolingizni javobsiz qoldiraman!

- Nima deb o‘ylaysiz, “Lokomotiv” “Paxtakor”dan chempionlikni tortib olishga qodirmi?

- Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Bizda kuchli futbolchilardan tashkil topgan jamoa bor. Ular har qanday vazifalarni bajara olishga qodirlar!

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!