Timur Kapadze o‘yindan so‘ng bo‘lib o‘tgan uchrashuv, bir nechta futbolchilarning yo‘qotilishi va Eronga qarshi muhim bahs uchun rejalari haqida gapirdi. (To‘liq matbuot anjumani)

  • 21 mart, 02:58
  • Bilolbek Imomov
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Jahon chempionati saralashi guruh bosqichining 7-turida O‘zbekiston Milliy terma jamoasi Qirg‘iz Respublikasi bilan kuch sinashib, 1:0 hisobida muvaffaqiyatga erishdi. Ushbu bahsdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi hisoblangan Timur Kapadze matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnaslistlarni qiziqtirgan barcha savollarga to‘liq javob berib o‘tdi. 
 
Quyida matbuot anjumaning to‘liq versiyasini ko‘rishingiz mumkin.

O‘yin haqida fikringiz qanday? 

"Avvalambor, xalqimizni bayram bilan tabriklayman. Garchi biz ko‘proq vaziyatlardan foydalanib, yirikroq hisobda g‘alaba qozonishimiz mumkin edi, lekin eng asosiysi muvaffaqiyatga erishdik. Bu bellashuvda bizda juda ko‘p imkoniyatlar bo‘ldi, agarda hisobni ertaroq ochganimizda boshqacha ham bo‘lish ehtimoli bor edi. Shu bilan birga, Qirg‘iz Respublikasi ham himoyada yaxshi harakat qildi."

- Ba’zi bir futbolchilarga Srechko Katanetsning yordamchilari maslahat bermoqda. Bunga fikringiz qanday? 

"Hozir ular mening jamoamda ish olib borishmoqda. Avvallari esa Srechko bilan birga ishlashgan. Shuni ham ta’kidlashim joiz, hozirgi kunda hammasi joyida. Yordamchilarim mashg‘ulotlarda futbolchilarga etarlicha maslahat berishmoqda, xolos. Boshqa hech qanday salbiy munosabat yo‘q." 

- Ilk bellashuvingizni o‘tkazdingiz, ta’sirotlaringiz qanday? 

"Albatta, birinchi bo‘limda Qirg‘izistonning qizil kartochkasi va 10 kishi bo‘lib qolishi o‘yinga juda katta ta’sir o‘tkazdi va rejalarni o‘zgartirib yuborishga ham olib keldi. Shunday bo‘lsa ham, biz bu bahsga to‘laqonli tayyor edik. O‘z uyimizda ishonchli hisobda g‘alaba qozonmoqchidik, qisman bunga ham erishdik desam adashmagan bo‘laman. 

Agarda ular 11 kishi bo‘lganda biz uchun yanada yaxshi bo‘lishi mumkin edi. Sababi, ko‘proq oldinga chiqish ehtimoli yuqori edi. Bundan tashqari, bizda ikkinchi bo‘limga qaramasdan birinchi bo‘limda ko‘proq xavfli vaziyatlar yuzaga keldi. Baribir, eng asosiy narsa - g‘alabani qo‘lga kiritdik." 


- Oston Urunov, Husniddin Aliqulovning jarohati bilan birga, Jaloliddin Masharipovning Eronga qarshi o‘yinda ishtirok eta olmasligi haqida fikringiz qanday? 

"Xabaringiz bor, yig‘indan avval Aliqulov jarohat olib, safdan chiqqani ma’lum bo‘ldi. Oston esa mashg‘ulotlarga kirishdi, keyin esa oyog‘i og‘rib qolgani sabab, jamoani tark etishga majbur bo‘ldi. 

Jaloliddinga va boshqa futbolchilarga ham o‘yindan avval aytilgan edi. Ya’ni ular ko‘proq ehtiyotkor bo‘lib harakat qilishi kerak edi. Masharipov oldimizda turgan bo‘lajak muhim uchrashuvdan avval katta yo‘qotish desam adashmagan bo‘laman.

To‘g‘ri, ular bilan jamoa yanada kuchli bo‘ladi, lekin bizni oldimizda vaqt bor. Ularning o‘rnini boshqa futbolchilar bilan to‘ldira olamiz. Terma jamoaga chaqirilgan har bir futbolchiga ishonch bildirilgan, shu boisdan ham uning o‘rnini to‘ldira olishga ishonchim komil."


- Eron va bizning g‘alabamizdan so‘ng futbolchilarimizning kayfiyati qanday? 

"Hozirda o‘yinchilarning kayfiyati yaxshi, a’lo darajada desam ham adashmayman." 

- Eldor Shomurodovning foydalana olmagan penaltisi haqida fikringiz qanday? 

"Avvalo, Eldor yomon tepmadi, darvozabon yaxshi harakat qildi. Bundan tashqari, bugun ikki jamoa posbonlari ham ajoyib o‘yin namoyish etishdi. O‘tkir Yusupov esa bizni xaloskorlarimizdan biri hisoblanadi. 

Mashg‘ulotda 5 ta imkoniyatdan 5 ta gol urar, ammo haqiqiy maydonda bosim bo‘ladi." 


- Erondagi g‘alabadan so‘ng futbolchilar nishonlagani Toshkentga qaytishmoqchi ekan. Bu qanchalik rost?

"To‘g‘risi aytsam, bu haqida hech qanday gap-so‘z eshitmadim. Bu haqida menga umuman xabar berishgani yo‘q. In Shaa Alloh bo‘lsa, yo‘q demagan bo‘lar edik." 

- Raqib bir kishi kam bo‘lib qolgandan so‘ng 3 talik markaziy himoyadan 2 talikka o‘tish imkoni bor edi. Shu haqida nimalar deysiz? 

"Biz asosan ikki qanot himoyachilariga e’tibor berdik. Sababi, hujumda futbolchilarimiz etarli edi." 

- Eronga qarshi biz qandaydir syurpriz kutamizmi? 

"Nazarimda, u bellashuvda ham hujumkor o‘ynasa bo‘ladi. Xuddi, bugun birinchi bo‘limda harakat qilganimiz kabi. To‘g‘ri, bizda Eronga qarshi to‘qnashuvgacha biroz bo‘lsa ham vaqt bor. Ushbu vaqtdan foydalanib, Masharipovning o‘rnini qanday to‘ldirish va bo‘lajak uchrashuv uchun yangi rejalarni ishlab chiqamiz."

- Terma jamoani qabul qilib olganingizdan so‘ng qanchalik penaltilar uchun e’tibor bermoqdasiz? 

"Albatta, buning ustida ham ish olib boryapmiz. Menimcha, oxirida o‘zim maydonga tushib penaltini amalga oshirsam kerak (kuladi). Ta’kidlaganimdek, futbolchilarim mashg‘ulotda bu borada ham o‘z ustilarida qattiq ishlashmoqda." 

- Sizga qaraganda Katanetsga ko‘proq imkoniyatlar yaratib berildi. Bu haqida nimalar deysiz? 

"Men jamoani qabul qilib olganimda yig‘in o‘tkazish uchun joy ham yo‘q edi. Shuning uchun faqatgina FIFA kunlarini kutdik. Biz 2 kun mashg‘ulot o‘tkazib, maydonga tushgan bo‘lsak ham, bu uchrashuv biz uchun ancha foydali bo‘ldi deb bemalol ayta olaman. Shu bilan birga, bo‘lajak bellashuvdan avval o‘yinchilar bilan xatolarimizni o‘rganib chiqqan holda, tahlil qilamiz" - deya o‘z fikrlar bilan o‘rtoqlashdi Milliy terma jamoamiz mutaxassisi.

Tecno

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!