
Tennis. Toshkentda murabbiylar uchun xalqaro seminar boshlandi
Toshkentda "Olimpiya birdamligi" dasturi asosida tennis murabbiylari uchun seminar boshlandi. Xalqaro tennis federatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan ushbu loyihada mamlakatimizning turli hududlaridan jalb etilgan mutaxassislar bilan birga Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Iroqdan tashrif buyurgan 16 nafar trener ishtirok etyapti.
Bugun Respublika Olimpiya zaxiralari tennis maktabida (ROZTM) seminarning ochilish qismiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Xalqaro tennis federatsiyasi, O‘zbekiston MOQ va ROZTM mutasaddilari qatnashib, ishtirokchilarga omad tilashdi.
Seminar 30 iyulga qadar davom etadi. Rejaga ko‘ra, uning doirasidagi nazariy va amaliy darslar ROZTMning o‘zida o‘tkaziladi. Unda murabbiylar xalqaro federatsiya tomonidan jalb etilgan ekspertlar eronlik Seydemir Borg‘ei, filippinlik Kraut Piter hamda hamyurtimiz Igor Shelyakindan saboq olishadi. Darslar yosh tennischilarni o‘qitishning zamonaviy metodikasi, ularga to‘g‘ri jismoniy yuklamalar berish, ularning psixologiyasi bilan ishlash, texnik harakatlarni bexato bajarishga o‘rgatish kabi yo‘nalishlarda olib boriladi.
Fikrlar