
Taekvondochilarimiz medallari ko‘p bo‘ldi...
Qozog‘istonning Almati shahrida taekvondoning VT yo‘nalishi bo‘yicha “Almaty open - 2024” an’anaviy chempionati yurtimiz sharafini himoya qilgan “Tornado” klubining “Muhammadziyo” jamoasi umumiy hisobda birinchi o‘rinni egalladi.
Ushbu musobaqada dunyoning turli mamlakatilaridan kelgan sportchilar bolalar va kattalar o‘rtasidagi bellashuvlarda g‘oliblik uchun kuch sinashdi.
Nufuzli turnirda yurtimiz sharafini “Tornado” klubining “Muhammadziyo” jamoasida taekvondo sir-asrorlarini o‘rganayotgan 35 nafar sportchi himoya qildi. Ularni bellashuvlarga besh murabbiy – Ahror Asrorov, Abdurahmon Xo‘jabekov, G‘ofurjon Toshboev, Zubayr Marifov hamda Iroda O‘sarova tayyorlagan.
Musobaqada taekvondochilarimiz 20 ta oltin va 4 ta kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Bolalar o‘rtasidagi bellashuvlarda Odiljon Nizomov, Karim Ilyosov, Imron Rustamov, Muhammadsodiq Basitov, Muhammadyusuf Basitov, Abubakir Anvarov, Abdurahmon Xudoyberdiev, Muhammadamin Zuhriddinovning iste’dodi yuqori baholandi.
Qizlar musobaqasida Shirin Qayumxo‘jaeva, Anastasiya Zikova, Nurzoda A’zamovaning chiqishlari muxlisu mutaxassislarga ayniqsa manzur bo‘ldi.
Kattalar o‘rtasidagi bahslarda Mustafo Rizaev, Sardor Azizov, Amirbek Isroilov, Ulug‘bek Mirzakarimov, Javohir Irisboev, Sardor Mirzaev, Abdulloh Tulqunov yuqori natijalarni qayd etdi.
- “Almaty open” a’naviy turniri jamoamiz a’zolari uchun har tomonlama manfaatli bo‘ldi. Musobaqa oldidan mahalliy klublar bilan hamkorlikda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil qildik, jamoaviy o‘rtoqlik bellashuvlar yordamida shogirdlarimizning mahorati va tajribasini oshirishga alohida e’tibor qaratdik.
Taekvondochilarimizning tayyorgarligi puxta va to‘liq bo‘lgani musobaqada qo‘lgan kiritilgan natijalar orqali o‘z isbotini topdi.
Qozog‘istondagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini jarayonida “Almaty open-2024” turnirida qatnashgan sportchilarimizdan tashqari jamoamizda shug‘ullanayotgan va O‘zbekiston terma jamoasiga a’zo shogirdlarimiz ham ishtirok etdi. Ana shunday taekvondochilardan Ahmad Solihov, Kozim Rustamov va Nozima Rahimjonova ancha mahoratli sportchilar hisoblanadi.
Ular garchi musobaqada ishtirok etmagan bo‘lsa-da, mashg‘ulotlarda faollik ko‘rsatdi, yosh sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatladi, ularni bellashuvlarga tayyorlashda biz murabbiylarga yaqindan ko‘makchi bo‘ldi.
“Muhammadziyo” jamoasi vakillarining musobaqadagi natijalaridan biz ustoz-murabbiylar to‘liq qoniqish hosil qildik, - dedi “Muhammadziyo” jamoasi murabbiyi va asoschisi Ahror Asrorov.
Eslatib o‘tamiz, “Muhammadziyo” jamoasi taekvondochilari yaqinda Gruziyaning Batumi shahri mezbonlik qilgan “Batumi open – 2024” chempionatida medallar shodasini qo‘lga kiritgan edi.
Olimpiya chempionlari izidan...
Taekvondochilarimizning har biri medal oldi
Fikrlar