
“Spartak” birinchi ketadigan futbolchi nomini e’lon qildi. U O‘runov emas!
Portugaliyalik murabbiy Ruy Vitoriya qo‘l ostiga o‘tgan “Spartak” katta o‘zgarishlar ostonasida turibdi. Shubhasiz, klubdagi yangilanishlar o‘tgan yili “Ufa”dan transfer qilinganidan buyon ishlari yurishmayotgan legionerimiz Oston O‘runovni ham chetlab o‘tmaydi.
Ruy Vitoriya oldiga jamoani Rossiya premer-ligasi g‘olibiga aylantirish va Evropa Chempionlar ligasida muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan. Bu mutaxassis Avstriyada tashkil etilgan xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari davomida ko‘p futbolchilarning imkoniyatini o‘rganib chiqdi.
Endi qaror qilinadigan palla keldi. Ruy Vitoriya o‘zining taktikalarida kelib chiqqan holda tarkibni shakllantirishga kirishdi.
Ruy Vitoriya shaxsan o‘zi o‘tkazgan tahlillardan keyin “Spartak”ni birinchi bo‘lib tark etadigan futbolchi nomini e’lon qildi. Kutilmaganda, bu o‘yinchi 21 yoshli Maksim Glushenkov ekani aytildi. Ko‘pchilik, jamoani tozalash limitdan o‘tib ketgan xorijliklardan boshlanishi kutgan pallada, portugaliyalik mutaxassis umidli yoshlardan hisoblangan rossiyalik futbolchiga chiqish eshigini ko‘rsatib qo‘ydi.
Maksim Glushenkov o‘tgan mavsumni ijara asosida “Ximki” jamoasida yakunlab, oltita o‘yinda bir juft gol urgandi. U endi yana o‘ziga boshqa jamoa qidiradi.
“Spartak” xo‘jayini Leonid Fedun ham jamoa oldiga qo‘yilgan vazifa va tarkib borasida o‘z fikrlarini bildirdi.
- Avval ham aytganman, asosiy maqsadimiz Chempionlar ligasi. Oxirgi ikki yilda tarkibni shakllantirish uchun juda katta mablag‘ sarfladik, rotatsiya qildik. Bu juda og‘riqli kechdi. Shunga qaramay, bu tarkib premer-ligada ikkinchi o‘rinni egalladi. Hozir jamoa shakllangan, barcha pozitsiyalar yopilgan, faqatgina bitta o‘ng qanot himoyachisi kerak. Ayni paytda shu masala ustidan ish olib borilyapti. Legionerlarga limit bor, shu bois asosiy e’tiborni ichki bozorga qaratganmiz, - dedi Leonid Fedun.
Hozir “Spartak” ro‘yxatida o‘n nafar xorijlik futbolchi – himoyachilar Samuel Jigo, Lukas Ayrton, yarim himoyachilar – Oston O‘runov, Viktor Mozes, Yorrit Xendriks, Kvinsi Promes, Aleks Kral, hujumchilar Jordan Larsson, Esekel Ponse va Pedro Rosha bor.
Rossiya premer-liga talabiga ko‘ra, har bir jamoa faqat sakkiz nafar xorijlik futbolchini qaydnomadan o‘tkazishi kerak bo‘ladi.
“Spartak” Oston O‘runov borasida bir qarorga kelib bo‘lgan. 20 yoshli futbolchiga asosiy tarkibdan joy berilmasligi aniq. Agar yozgi transferlar yakunlangunga qadar hamyurtimizni transfer qiladigan yoki ijaraga oladigan jamoa topilmasa, Oston O‘runov mavsumni Milliy futbol ligasida ishtirok etayotgan “Spartak-2” tarkibida boshlaydi.
Fikrlar