
"So‘g‘diyona" - "Kuala-Lumpur Siti" uchrashuvida nimalar sodir bo‘ldi? (matnli translyatsiya)
OFK Kubogi hududlararo final bosqichi doirasida "So‘g‘diyona" va "Kuala-Lumpur Siti" jamoalari o‘zaro bahs olib boradi.
Quyida ushbu muhim bellashuvdan matnli translyatsiya e’tiboringizga havola etiladi. Tomonlar bahsni quyidagi tarkibda boshladi:
"So‘g‘diyona": Milan Mitrovich, Sardor Qulmatov, Luka Chermel, Marko Kolakovich, Shahboz Jo‘rabekov, Vitaliy Denisov, Abdujalil Manazarov, Iskandar Shoyqulov, Jasur Hasanov, Javohir Qahramonov, Shohruz Norxonov. Bosh murabbiy - Ulug‘bek Baqoev.
"Kuala-Lumpur Siti": Kevin Mendoza, Kamal Azizi, Jankarlo Gallifuoko, Deklan Lambert, Irfon Zakariyo, Rayan Lambert, Jafri Yahyo, Akrom Mahinan, Paulo Joze, Romel Morales, Partiban Janasekaran. Bosh murabbiy - Boyan Xodak.
"So‘g‘diyona" - "Kuala-Lumpur Siti" 0:0
Futbol lotereyasi boshlanmoqda. Biz voqealarni quyidagicha belgilab boramiz:
- GOL
- SEYV
- NOANIQ ZARBA
"So‘g‘diyona" - "Kuala-Lumpur Siti" 1:2
Raqib futbolchisi mo‘ljalda adashmadi
Javohir Qahramonov to‘pni darvozaga mixlab qo‘ydi!
Moralesning ideal zarbasini Abdullaev qaytara olmadi
Jo‘rabekovning zarbasini raqib posboni qaytardi.
Hadin Azman darvozabonimizni aldadi va gol urdi.
Luka Chermel kuchli zarbasi bilan darvozani ishg‘ol etdi.
Akrom Mahinan ham gol urmoqda
Husniddin G‘ofurov ham kuchli zarba bilan gol urdi.
120+2. Uchrashuvning asosiy vaqti tugadi. Penaltilar seriyasini tomosha qilamiz.
120+1. Baqoevdan o‘ziga xos yurish: Milan Mitrovich o‘rniga Shirinboy Abdullaev o‘yinga qo‘shildi.
120. Asosiy vaqtga 1 daqiqa qo‘shildi.
120. Yana bir zarbamizdan so‘ng to‘p to‘g‘ri darvozabon qo‘liga borib tushdi.
119. "Bo‘rilar" maydon markazida to‘pni bir-biriga uzatib, vaqt o‘tishini kutmoqda.
118. Malayziyaliklar vakili maydonda yotibdi. Chermel unga nisbatan biroz qaltis harakat qilgandi.
116. Hasanov o‘ng oyoqda zarba berdi. To‘p himoyachilar blogidan o‘tmadi.
115. Standartdan jarima maydoniga uzatilgan to‘pni posbonimiz xotirjamlik bilan ushlab oldi.
114. Baqoev jamoasi to‘pni nazorat qilmoqda. Ajoyib eshitiladi a?!
113. Nasriddinovning zarbasidan keyin to‘p to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi.
112. Shohruz Norxonov hamda Abdujalil Manazarov maydonni tark etdi. Husniddin G‘ofurov hamda Ayubxon No‘’monov ular o‘rnini to‘ldiradi.
110. Himoyachimiz to‘pni darvozabonga tashlab berdi. Sal qolsa Mitrovich to‘pni ushlab qololmasdi.
109. To‘liq ustunlik vakillarimiz tomonda bo‘lib turibdi. Lekin buni hisobda aks ettira olmayapmiz.
107. Iskandar Shoyqulov o‘z o‘rnini Daniel Nasriddinovga bo‘shatib berdi.
107. Qahramonovning xavfli zarbasini darvozabon katta qiyinchilik bilan qaytardi.
106. Navbatdagi burchak zarbasidan foydalana olmadik. Umuman olganda o‘rganib ham qoldik-ku!
106. Ikkinchi ekstra taym boshlandi.
105+2. Qo‘shimcha bo‘limlarning birinchisi nihoyasiga etdi.
105+1. Shahboz sherigining pasidan so‘ng to‘pni maydonda saqlab qololmadi.
105. Birinchi ekstra taymga 1 daqiqa qo‘shildi.
105. Jasur Hasanovdan navbatdagi noaniq zarba. Muxlislarning hafsalasi pir bo‘lmoqda.
104. Burchakka yaqin joyda Jo‘rabekov yiqitildi. Standart vaziyatga egamiz.
103. Shavkat Salomov bergan pas darvozabonning qo‘liga borib tushdi.
101. Luka Chermel olis masofadan xavfli zarba berdi. Biroz noaniq.
100. Rayan Lambert, Jafri Yahyo hamda Deklan Lambert maydonni tark etdi. Ular o‘rniga Kenni Palraj, Fakrul Ayman va Anvar Ibrohim o‘yinga qo‘shildi.
100. Deklan Lambert maxsus zambilda maydon tashqarisiga olib chiqildi.
98. Mehmonlar vakiliga tibbiy yordam kerak.
96. Shahboz Jo‘rabekov bosh bilan zarba berdi. To‘p darvozabonning qo‘liga kelib tushdi.
95. Vakillarimiz nisbatan faolroq. Ammo bu gol urish uchun etarli bo‘lmayapti.
93. Javohir Qahramonovning zarbasi biroz noaniq ketdi.
92. To‘p jarima maydonimiz ichida Rayan Lambertning qo‘liga tegdi. Hakam o‘yinni to‘xtatdi.
91. Qo‘shimcha bo‘limlarning birinchisi start oldi.
90+5. Referi bellashuvning asosiy vaqti yakunlanganini ma’lum qildi. Ekstra-taymlar guvohiga aylanamiz.
90+4. Qanday vaziyat??? Jo‘rabekovning yaqin masofadan bergan zarbasini darvozabon qaytardi. O‘ta qulay imkoniyat qo‘ldan ketdi.
90+3. Hasanovning uzatmasidan so‘ng darvozabon to‘pni ushlab oldi.
90+1. So‘nggi daqiqalar past tempda davom etmoqda. Futbolchilar charchadi.
90. Bellashuvning asosiy vaqtiga 4 daqiqa qo‘shib berildi.
89. So‘nggi soniyalarni raqib faolroq o‘tkazyapti. Baqoev shogirdlari ekstra-taymlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda chog‘i.
87. Jasur jarima maydoniga yorib kirdi. Ammo to‘pni o‘zidan uzoqlashtirib yuborgani uchun vaziyatni zarba bilan yakunlay olmadi.
86. Darvozabon bilan deyarli birga-bir vaziyatga chiqib borgan Shohruz noaniq zarba berdi. Juda qulay imkoniyat qo‘ldan ketmoqda.
85. Ikkinchi qavatdagi to‘p uchun kurashda Norxonov Zakariyoga engildi.
84. Boyan Xodak ham o‘zgarishga qo‘l urdi: Partiban Janasekaran o‘rniga Hadin Azman maydonga tushdi.
83. Paulo Joze sariq kartochka bilan ogohlantirildi.
81. Irfon Zakariyo burchakdan oshirilgan to‘pga noaniq zarba yo‘lladi.
80. Morales tovoni bilan zarba berdi. To‘p yo‘liga himoyachilarimiz g‘ov bo‘ldi.
78. Bellashuvdagi ilk kartochka Qulmatovga ko‘rsatildi.
77. Luka Chermelning zarbasidan so‘ng raqib futbolchisi jamoasini muqarrar goldan saqlab qoldi.
75. "So‘g‘diyona" futbolchisi olis masofadan noaniq zarba yo‘lladi.
74. Paulo Joze hujumda qoida buzdi. Mitrovich erkin zarba bilan to‘pni o‘yinga kiritib beradi.
72. Manazarov qulay imkoniyatni qo‘ldan boy berdi. U oyoqlari ostiga kelgan to‘pni darvozaga yo‘llay olmadi.
70. Hasanovning urinishidan so‘ng to‘p ustun yonginasidan o‘tib ketdi.
70. Jarima maydoni yaqinida Javohirga nisbatan qoida buzildi. Yana bir standart vaziyat.
69. Hozirgina o‘yinga qo‘shilgan Salomov boshi bilan juda xavfli zarba yo‘lladi. Darvozabondan seyv.
68. Ilk o‘zgarish Baqoevda: Vitaliy Denisov o‘z o‘rnini Shavkat Salomovga bo‘shatib berdi.
67. Xodak shogirdlari pressing tashkil etmoqda. Bu orqali ular Denisovni xato qilishga majbur qila oldi.
66. Kichik to‘qnashuvda jarohat olgan Milan Mitrovichga tibbiy yordam ko‘rsatildi.
64. Raqib futbolchilar ancha xavfli hujum uyushtirdi. Yaqin masofadan berilgan zarbani darvozabonimiz qaytardi.
62. Jasur Hasanov jarima maydoni ostonasida to‘xtatildi. Dribling foyda bermadi.
60. Abdujalil bosh bilan zarba yo‘lladi. Bu gal ham noaniq.
58. Malayziyaliklarning tezkor qarshi hujumini Manazarov taktik fol evaziga to‘xtatdi. Hakam og‘zaki ogohlantirish bilan cheklandi.
56. Qulmatov himoyada ishonchli harakat qildi. Raqib futbolchilari 2-1 vaziyatga chiqib ketishiga bir bahya qoldi.
55. Qahramonov to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba yo‘lladi. Noaniq.
54. Hasanov yiqitildi. Qulay nuqtada standart vaziyatga egamiz.
52. Futbolchilarimiz olis masofalarga havolatib uzatmalar oshirmoqda.
50. Mezbonlar yana bir burchak zarbasini ko‘kka sovurdi.
48. Bu taymni ham Baqoev shogirdlari nisbatan faolroq o‘tkazmoqda.
46. Ikkinchi bo‘lim boshlandi!
46. Futbolchilar maydonga qaytdi. Biz ham qaytamiz.
Birinchi taym statistikasi bilan tanishing
45+2. Dastlabki 45 daqiqalikda hisob ochilmadi. Tanaffus!
45+1. Jo‘rabekov qulay imkoniyatdan foydalana olmadi. To‘pni to‘xtatishdagi texnik xato pand berdi.
45. Birinchi taymga 1 daqiqa qo‘shildi.
44. Biznikilar qarshi hujumda raqibni jazolashi mumkin edi, ammo Hasanovning zarbasidan so‘ng Mendoza to‘pni ushlab oldi.
44. Malayziyaliklar burchak zarbasidan naf chiqara olmadi.
43. Bo‘lim so‘ngida Xodak shogirdlari o‘z o‘yiniga biroz faollik qo‘shdi.
42. Uzatmalar aniqligi bo‘yicha "bo‘rilar" ustunlik namoyish etyapti: 77-60.
40. Malayziyaliklar yaxshi hujum uyushtirdi. Jarima maydoni yaqiniga oshirilgan to‘pni Mitrovich ushlab oldi.
38. Chap qanotimiz yaxshiroq o‘ynamoqda, Hasanovning bu safargi uzatmasi ham ancha xavfli chiqdi.
36. Stadionga yig‘ilgan muxlislar futbolchilardan faollik talab qilyapti.
35. O‘yin ancha past tempda davom etmoqda.
33. Norxonovning jarima maydoni ichidan bergan zarbasi ancha noaniq ketdi.
31. Hasanov - Chermel kombinatsiyasidan so‘ng Luka to‘pni jarima maydoniga oshirdi. Himoyachilar yaxshi harakat qilib, xavfni bartaraf etdi.
29. Baqoev shogirdlari raqibni markazdayoq to‘xtatishga harakat qilyapti.
27. Shahboz Jo‘rabekov chap qanotdan oshirilgan to‘pni darvozaga yo‘llamoqchi bo‘ldi. Biroq u tepgan to‘p ancha yuqoridan o‘tib ketdi.
25. Jizzaxliklar to‘p nazoratini qo‘lga olgan. Biroq hozircha, mezbonlar golga tortadigan xavfli vaziyat sodir etmadi. O‘z navbatida, mehmonlar ham onda-sonda oldinga o‘tyapti.
22. Jasur Hasanov autdan tashlab bergan to‘pni jamoadoshi darvozaga yo‘lladi. Posbon o‘z o‘rnida.
21. Jo‘rabekovning standartdan yo‘llagan to‘pini Kevin Mendoza ushlab oldi.
19. Sardor Qulmatovdan yana bir zarba. Darvozabon ilk seyvini namoyish etdi.
17. Bahs vakillarimizning kichik ustunligi ostida davom etmoqda.
15. Burchakdan oshirilgan to‘pni Romel Morales darvozamizga yo‘llashga urindi. Hayriyat, u to‘pga etolmadi.
14. Bu safar Jo‘rabekov bergan pas manzilga aniq etib bormadi.
13. Hujumdagi sheriklariga yordam berish uchun oldinga o‘tgan Qulmatovning urinishiga aniqlik etishmadi.
11. Kolakovichning olis masofadan bergan zarbasi ancha noaniq ketdi.
10. Dastlabki 10 daqiqalik o‘rtacha tempda o‘tdi. Tomonlar bir-birini o‘rganmoqda.
8. Raqiblar to‘p nazoratini qo‘lga olishga intilmoqda. Baqoev shogirdlari qarshi hujumga tayanyapti.
6. Kichik ustunlik futbolchilarimizda. Ammo aksariyat paslar manzilga aniq etib bormayapti.
5. Qahramonovning uzatmasidan so‘ng to‘pga vakillarimizdan hech kim etib kelolmadi.
4. Raqibdan qochib ketgan Shohruz darvozani nishonga oldi. Biroz noaniq.
2. Hasanovning zarbasidan so‘ng to‘p darvoza tomon ketayotgandi. Himoyachi blokni yaxshi qo‘ydi.
1. Ilk hujumni raqiblar uyushtirdi. Vaziyat zarbagacha etib bormadi.
18:00. Uchrashuvga start berildi.
17:57. Ikki jamoa sardorlari hakamlar ishtirokida rasmiy jarayonlarni o‘tkazib oldi.
17:56. Futbolchilar OFK madhiyasi sadolari ostida maydonga tushib keldi.
17:55. Assalomu alaykum, qadrli futbolsevar do‘stlar! Matnli translyatsiyani boshlaymiz.
Fikrlar