"Shu paytgacha u bilan ishlash imkoni bo‘lmagandi" - "Qizilqum"ning yangi legioneri ustoziga yuqori baho beryapti

  • 20 yanvar, 05:41
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Qizilqum” klubi yangi mavsum uchun tayyorgarligini va shu bilan birga selektsiya ishlarini davom etiryapti. Jumladan, yaqinda serbiyalik himoyachi Dushan Miyich navoiyliklar bilan mavsum oxiriga qadar shartnoma imzoladi.

Tecno

Yodingizda bo‘lsa, ushbu legioner oxirgi bir yarim yilni Samarqandning “Dinamo”sida o‘tkazgandi.  U erda hammasi bo‘lib, 41 ta o‘yinda 2 ta gol urdi va 1 ta assistni bajardi. Endilikda bor e’tiborini yangi jamoasiga qaratgan.

Dushman Miyich “Qizilqum” futbolchisiga aylangach, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- “Qizilqum” klubiga kim taklif qildi va uni qabul qilish uchun nima sabab bo‘ldi?

- “Qizilqum” tomonidan taklifni menga klub murabbiyi Nikola Lazarevich yubordi. Shu paytgacha u bilan ishlashim uchun imkon bo‘lmagandi. Endi shunday imkoniyat menda yuzaga kelib turibdi. Ammo uning o‘z ishining ustasi va yaxshi natijalarga erishganidan xabardorman. Murabbiylik faoliyati davomida qaerda ishlagan bo‘lmasin,  har doim a’lo natijalarni ko‘rsatib kelayotganini bilaman.

- Bosh murabbiy bilan ilk suhbatingiz qanday kechdi?

- U bilan ilk bor gaplashganimda menga klub rejalari va maqsadlari hamda mendan nimani kutishini tushuntirib berdi. Lazarevich menda juda ham yaxshi taassurot qoldirdi. Uning qo‘l ostida tezroq maydonga tushishni va hamkorligimiz muvaffaqiyatli chiqishini o‘ylab, hozirdan ichim qizib ketyapti.

- Shuningdek, sizda yana boshqa qiziqarli takliflar ham bor ei-a?

- Menda boshqa takliflar ham etarli edi. Jumladan, O‘zbekiston va boshqa mamlakat klublari xizmatimga qiziqish bildirishgandi. Lekin murabbiy bilan suhbat o‘tkazgach, “Qizilqum” eng ma’qul variant ekanligini tushunib etdim. Asosiysi, bu erda ishlash uchun ajoyib sharoit muhayyo qilingan. Rahbariyat futbolchilar uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni tayyorlab qo‘ygan.

- “Dinamo” klubidagi ishingizga qanday baho bergan bo‘lardingiz va bu sizga yoqdimi?

- “Dinamo”da bir yarim yil to‘p surdim va biz o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifani bajara oldik. Aytish kerak, hamkorligimiz juda ham yaxshi chiqdi va oxir-oqibat biz chiroyli tarzda xayrlashdik. “Dinamo” klubida ko‘plab do‘stlarim qoldi va ushbu jamoani qolgan hayotimda ham esimdan chiqarmayman. O‘zaro hamkorligimiz muvaffaqiyatli chiqdi, deya bemalol ayta olaman.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!